O‘sh viloyatining Novqat tumanida 22 yoshli qiz turmushga chiqmasdan turib farzandli bo‘lgan. Buning ortidan uni onasi va akasi o‘ldirgan. 2 iyulda sodir bo‘lgan bu voqea yuzasidan matbuotga O‘sh viloyat militsiyasi rasmiysi Jenish Ashirbaev ma’lum qildi.
-O‘ldirilgan qiz may oyida nikohdan o‘tmay turib tug‘ib qo‘ygan. U bolasini boqib olish uchun boshqa odamga bergan. Tergov davomida qiz bolasini qonuniy asoslarda boshqa odamga asrash uchun o‘tkazib bergani aniqlandi. Qiz tuqqanidan so‘ng uni onasi va akasi “Bizni sharmanda qilding”, deb uydan tashqariga chiqarmay saqlagan. Qiz bunga qarshilik qila boshalaganidan so‘ng, ona va aka til biriktirib, uni oyog‘idan bog‘lashgan va tungi soat 12da Bel qishlog‘itdagi daryoga tashlashgan. Qizning jasadi suvda 12 kun qolib ketgan, - dedi Jenish Ashirbaev.
Militsiya rasmiysiga ko‘ra, qotillikni sodir etganlikda gumonlangan ona va bola hibsga olingan. Tergov ishlari davom etmoqda.
Viloyat militsiyasi rasmiysiga ko‘ra, shu kungacha O‘shda “milliy odab-ahloqqa to‘g‘ri kelmaydigan harakatlarni sodir etgani uchun” qarindoshlari tomonidan jazolangan yoki o‘ldirilgan qizlar bo‘lmagan. Bu jinoyat birinchi voqea bo‘ldi.
O‘ldirilgan qizning yaqinlari bilan suhbatlashishning imkoniyati bo‘lmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur voqega munosabat bildirganlarning asosiy qismi nikohsiz bola tuqqani uchun qizning o‘ldirilishini “yovvoyilik” va “feodalizm qoldig‘i”, deb baholamoqda. Shunday fikrlovchilardan biri “Interbilim” tashkilotining O‘shdagi vakili Gulgaaki Mamasalievadir.
- Novqatda yurakni larzaga soladigan voqea bo‘ldi. Bu voqea bugungi kunda ham oila a’zosi taqdirini ayrim vaqtlarda ota-ona va qarindoshlari hal qilayotganini isbotladi. Bu voqeada oilada o‘rnatilgan tartib-qoida qonunlardan ustivor bo‘layotganining yorqin dalilidir. Oilada feodalizm asoratlari saqlanib qolmoqda va “bu mening xotinim, bu mening bolam, ularni qanday jazolashni o‘zim bilaman, xohlasam o‘ldiraman” qabilidagi feodal tafakkur mavjud, - dedi Gulgaaki Mamasalieva.
Joriy yilning mart oyida ham Novqat tumani dahshatli bir voqea ortidan qirg‘izistonliklarning og‘iziga tushgan edi.
30 mart kuni Novqat tumanidagi Bo‘ston qishlog‘ida yashovchi bir guruh yoshlar kunduzi bir yigitni, o‘sha kuni kechqurun boshqa bir yigitni kaltaklagan.
Kechqurun kaltaklangan yigit olgan jarohatlari og‘irligidan kasalxonaga yotqizilgan va oradan bir necha kun o‘tib, joni uzilgan. Kaltaklaganlar ham, kaltaklanganlar ham etnik o‘zbeklardir.
Keyinchalik “Avrat qorovullari” deb atalgan mazkur yoshlar qo‘lga olingan. Ular 30 mart kuni yigitlarni Bo‘ston qishlog‘ida yashovchi qiz bilan uchrashuvga kelgani uchun kaltaklaganlari aniqlangan.