Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:59

Zo‘rlangan va o‘ldirilgan 5 yashar Huvaydoning qotili qo‘lga olindi (VIDEO)


Xuvaydoning jasadini Dushanbega uning ota-onasi, shuningdek, Tojikiston mehnat, migratsiya va aholi bandligi vazirligi vakillari olib kelishdi.
Xuvaydoning jasadini Dushanbega uning ota-onasi, shuningdek, Tojikiston mehnat, migratsiya va aholi bandligi vazirligi vakillari olib kelishdi.

Moskva oblast, Serpuxovo shahrida o‘ldirib ketilgan besh yoshli tojik qizi Huvaydo Tillozodaning jasadi 25 iyul kuni ertalab “Tojik Eyr” aviakompaniyasi reysi bilan Moskvadan Dushanbega olib kelindi va shu kuniyoq Ko‘lobda dafn etildi.

Qizchani vaxshiylarcha bo‘g‘ib, pichoqlab va zo‘rlab o‘ldirganlikda gumonlanayotgan serpuxovolik 27 yashar Aleksandr Syomin shahar sudi qarori bilan 2 oyga hibsga olindi.

“Bolaning jasadi sport sumkasida topildi...”

Tojikistonlik muhojirlar farzandi Huvaydo uch kun muqaddam Serpuxovo shahridagi Tyagovaya ko‘chasida joylashgan 2 qavatli uylar hovlisidagi bolalar maydonchasida o‘ynayotgan joyidan yakshanba, 22 iyul, kunduz soat 4:30-larda birdan yo‘qolib qoldi.

Butun mahalla ahli, politsiya, MChS va ko‘ngillilar tashkilotlari yo‘qolgan bola qidiruviga qo‘shildi.

Tonggi soat 4 larda Huvaydoning otasiga tergovchilar kelib, mash’um xabarni yetkazishadi: Huvaydoning tanasi sport sumkasida temir yo‘l yoqasidagi o‘rmonzorda topilgan.

Tojikistonliklarning Serpuxovo tumanidagi diasporasi rahbari Dilshod Ozodlik bilan suhbatda qidiruv tonggacha davom etganini aytib berdi:

- Huvaydo hech qachon shu maydonchadan uzoqqa ketmagan. Bu shaharchamizda 10 yilda bir sodir bo‘ladigan dahshatli hodisadir. 11 yildan beri bu yerda yashayotgan bo‘lsam – birinchi marotaba bunaqasini uchratyapman, dedi diaspora boshlig‘i.

Зўрлаб ўлдирилган 5 яшар Ҳувайдо қотили қўлга олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:31 0:00

Politsiya xabariga ko‘ra, qotillikda gumon qilinib Saidovlar bilan qo‘shni uyda yashab kelgan 27 yoshli Aleksandr Syomin hibsga olingan.

Tergovchilar uning uyidan qiz bola kiyimlari qoldiqlari va barmoq izlarini topishgan.

Syomin sumka ko‘tarib o‘rmon tomon ketayotgani va sumkasiz ortga qaytayotgani tasviri mahalliy maktab videokamerasida aks etib qolgan. Aniqlanishicha, bu shaxs muqaddam ikki marotaba 12 yashar qizlarga tajovuz qilib ko‘rgan, ammo mahalliy politsiya uni “suhbat o‘tkazib” qo‘yib yuborgan.

Ozodlikka taqdim etilgan Tergov materiallaridan Huvaydo avval bo‘g‘ib o‘ldirilgani, zo‘rlangani va keyin bir marta qorniga pichoq urilgani ma’lum bo‘ldi. Serpuxovoliklar Ozodlik muxbirlariga Syomin bola murdasi solingan katta sumkani ko‘tarib ketayotganida o‘rmonzorda bir daydiga uchrab qolgani va sumkani tashlab, qochib ketganini aytib berdi.

Ayblanuvchi 2 oyga qamoqqa olindi

24 iyul kuni Serpuxovo shahar sudi yopiq eshiklar ortida qotillikda gumonlanuvchi Aleksandr Syominni hibsga olish masalasi ko‘rib chiqdi.

Sud gumon qilinayotgan shaxsning bolalarga jinsiy tajovuz bilan bog‘liq boshqa yana ikki jinoyatga aloqadorligi o‘rganilayotganini hisobga olib, Aleksandr Syominni 2 oyga hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi.

- Mahkama davomida tergovchi hodisa joyini ko‘zdan kechirib, u yerdan topilgan buyumlar, ko‘rib chiqilgan videoyozuv va ashyoviy dalillar Syominning bu jinoyatga aloqadorligini isbotlash uchun yetarli deb hisoblashini bildirdi. Syomin o‘zining bu jinoyatga aloqasi yo‘qligini aytdi. Taqdim etilgan materiallarni o‘rganib va xulosalarni tinglab, sud Syomin ayblanayotgan bu jinoyatning o‘ta og‘irligini hisobga olib, dastlabki tergov da’vosini qondirishga va Syomin Aleksandr Igorevichni mazkur jinoiy ish yuzasidan 2 oyga, ya’ni 2018 yilning 22 sentabrgacha hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi, dedi Serpuxov shahar sudi hakami.

Aleksandr Syomin shahar sudi mahkamasida
Aleksandr Syomin shahar sudi mahkamasida

Rossiya Tergov qo‘mitasi bu hodisadan oldin Aleksandr Syominga nisbatan mahalliylarning arz-shikoyatlarini qabul qilmagan politsiya xodimlariga nisbatan ham surishtiruv ishlarini boshlaganini ma’lum qildi.

5 yashar Huvaydo Ko‘lobda dafn etildi

Sud qarori chiqqanidan bir necha soat o‘tib, tungi soat 12 larda 5 yashar Huvaydo Tillozoda tobutda Tojikistonga yuborildi.

Huvaydoning jasadini Dushanbega uning ota-onasi, shuningdek, Tojikiston mehnat, migratsiya va aholi bandligi vazirligi vakillari olib kelishdi.

Huvaydoning otasi Abdusalom Saidovning aytishicha, u bir haftadan so‘ng qizining qotiliga eng og‘ir jazo tayinlanishiga erishish uchun Rossiyaga qaytib keladi.

Ozodlik bilan suhbatda qizning otasi do‘konga chiqqani, turmush o‘rtog‘i esa kenja qizi nima qilayotganini ko‘rish uchun bir necha daqiqaga uzoqlashgan paytda katta farzandi o‘g‘irlab ketilganini aytdi.

- Eng aqlli qizcham edi – men uni yo‘qotib qo‘ydim. «Papa, menga muzqaymoq olib bering” – bu uning oxirgi so‘zlari edi. O‘sha payt taxminan kechki 5 lar edi. Qizimni 5-10 daqiqa ichida o‘g‘irlab ketishdi... Uning jasadini ertalab soat 4 da topishdi”, Kameradan ko‘rishibdi – aniq shu odam ekan. Javob bersin – umrbod qamalsin! Men bolani ko‘mib, ortga qaytaman. Men uni qamoqqa olishlari, sud qanday borayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishim kerak, dedi Abdusalom Saidov.

5 yoshli Huvaydo bilan vidolashgani u yashagan mahalla aholisi yig‘ildi
5 yoshli Huvaydo bilan vidolashgani u yashagan mahalla aholisi yig‘ildi

Huvaydoning jasadi mashinada Dushanbedan Ko‘lob shahriga keltirildi. Dafn marosimi 25 iyul kuni Ko‘lobdagi Shamsiddin Shohin mahallasi qabristonida bo‘lib o‘tdi.

Rossiyaning ayrim ommaviy axborot vositalarida hech qaerda ishlamaydigan va ota-onasi qaramog‘ida bo‘lgan 27 yashar Aleksandr Syomin “ruhiy hastaligi” va “kichikligida olingan ruhiy jarohati” to‘g‘risida jar sola boshladi.

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi 5 yashar Huvaydo Tillozodaning Serpuxovo shahrida vahshiylarcha o‘ldirilishi munosabati bilan 24 iyul kuni nota berdi.

Tojikiston tashqi siyosat idorasining mazkur notasida Rossiya Federatsiyasi tegishli organlari bolaga nisbatan qilingan ushbu vahshiyona jinoyatni sinchiklab tekshirib chiqishga chaqirilgan va bu shafqatsiz qilmishni amalga oshirgan jinoyatchiga og‘ir jazo tayinlash talab qilingan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi e’lon qilgan ma’lumotga binoan, har yili birgina Moskva shahrining o‘zida bolalar yo‘qolgani borasida 1300 yaqin ariza kelib tushadi.

Butun Rossiya bo‘ylab bir yilda yo‘qolayotgan 3 mingdan ziyod boladan 10 foizi dom-daraksiz qolib ketmoqda.

XS
SM
MD
LG