Termizdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanadigan “GOLD AGRO FRESH” agrofirmasining ishchilari Ozodlikka agrofirmaning minglab mavsumiy ishchilarga mart oyidan buyon ish haqini bermayotganidan shikoyat qildi.
Ularning da’vo qilishicha, mavsumiy ish boshlanganidan buyon ishchilarga bir so‘m ham haq berilmagan va hamma ishchilar ikki-uch oy ishlaganidan so‘ng ishni tashlab ketgan.
Korxona ish boshqaruvchisi, ishchilar maoshi berilmaganini Ozodlikka tasdiqlar ekan, brigadirlarni ishchilarga ish haqini bermay qochib ketganlikda aybladi.
Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida joylashgan “GOLD AGRO FRESH” agrofirmasining bir necha ishchisi Ozodlikka murojaat qilib, “qora mehnati” uchun ish haqi ololmayotganidan shikoyat qildi.
Ismi sir qolishini so‘ragan yollanma ishchilardan birining aytishicha, korxona ma’muriyati ishlab chiqarish tsexlarida va korxonaga tegishli parniklarda mehnat qilgan mavsumiy ishchilarni mart oyidan buyon aldab kelmoqda:
“Men mart oyidan buyon zavodning qadoqlash sexida qora mehnat qildim. Ish haqini har oyning oxirida, ana beramiz, mana beramiz, deb aldab kelishdi. Och qoringa musiqa yoqmas deganlaridek, may oyida ishni tashlab ketdim. Zavodga qarashli issiqxonalarda minglab yollanma ishchilar, zavodda qariyb 200 odam ishlagan. Shulardan hech kim ish haqini ololmagan”, deydi yollanma ishchilardan biri.
Uning aytishicha, mavsum boshlangandan buyon korxona kunduzgi ishchilarga kuniga 25 ming so‘mdan, tungi smenalarga 30 ming so‘mdan ish haqi berishga va’da qilgan edi:
“Va’da, va’da va yana va’da. Odamlar axiyri ishonmay qo‘ydi. Hamma ishni tashlab ketdi. To‘g‘rida, qora mehnat qilib, bir so‘m ololmasang, kim ham ishlaydi. Hammaning ham bola-chaqasi bor, yeyman, ichaman, deydi. Tuman prokuraturasiga bu haqda yuzlab odamlar ariza yozib murojaat qildi, lekin hech qanday natija bo‘lmadi”, deydi ishchilardan biri.
Ismini shartli ravishda Abror degan boshqa ishchi ham maosh ololmagandan so‘ng, ishni tashlab ketishga majbur bo‘lganini aytadi:
"Mart oyida zavodga ishchi olyapti ekan, deb eshitdik. Borsam, pasportim kopiyasini olib, ishga qo‘yishdi. Karton yashiklar tayyorlardik, ularni qizlar pomidor bilan to‘ldirardi, keyin ustiga qog‘oz qo‘yib, yopardik. Xullas, 9 soat tinmay ishlardik. Ikki oy ishladim, oylik bermadi. Oylik yo‘g‘u, yana tez-tez ishlanglar deb, ish talab qilishardi. Keyin tashlab ketdim. Ish haqimni so‘rab borganimda, yuzlab qiz-ayolni zavodga oylik so‘rab turganini ko‘rdim. Shuncha odamni ahmoq qilib, aldab ishlatishdi, lekin bir so‘m ham berishmadi", deydi yollanma ishchi Abror.
Uning aytishicha, odamlarni ishga olib kelishga qo‘yilgan bitta avtobusga hamma sig‘magan va u har kuni 3 ming so‘m yo‘lkira to‘lab ishga kelib-ketgan.
“GOLD AGRO FRESH” korxonasining issiqxonalar ish boshqaruvchisi Rustam Karimov Ozodlik bilan suhbatda yollanma ishchilarning ikki oylik maoshi berilmaganini tasdiqlar ekan, bunga ishchilar brigadirlarini aybladi:
- Ishchilar to‘rt oylik emas, ikki oylik maoshlarini haqiqatan olgani yo‘q. Bu yerda bular bir o‘yin qilishgan. Bularni brigadirlari bizning firmadan pul olaverganda, ularga yetib bormagan. Keyin buni biz bilib qoldikda, pul berishni to‘xtatdik. Chunki, brigadirlar yo‘q odamning nomini ham yozib pul olavergan. Milliardlab pulni ular o‘rtada yeb ketgan. Brigadirlarning ko‘pi qochib ketgan, so‘rasak Rossiyaga ketgan, u yoqqa, bu yoqqa ketgan, deyishyapti. Biz shunday shart qo‘ydik, yollanma ishchi agar bizda ishlagan bo‘lsa, 15 avgustgacha, pasportini olib zavodga kelsin, biz tekshirib ish haqini beramiz. Pulimiz yo‘q emas, bor, - dedi ish boshqaruvchi Rustam Karimov.
Ozodlik bu holat bo‘yicha Termiz tumani prokuraturasidan munosabat ololmadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 10 fevralida Termiz tumanidagi “Gold Agro Fresh” agrofirmasi faoliyati bilan tanishgan edi.
“Gold Agro Fresh” agrofirmasi sabzavot mahsulotlari yetishtirish va ularni eksport qilishga ixtisoslashgan istiqbolli loyihalardan biridir. Qiymati 35 million AQSh dollari bo‘lgan korxonaning zamonaviy issiqxonalarida yiliga 30 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 1000 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Hozirda 20 gektarlik 15 blokda pomidor, gulkaram, brokkoli, rukkolo va yalpizning xaridorgir navlari o‘stirilmoqda. Barcha 70 blok ishga tushgach issiqxonalar 100 gektardan oshadi. Bundan tashqari, 434 gektar yerda mavsumiy ekinlar ekilib, 23 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 2100 kishini ish bilan ta’minlash, kelgusida 100 gektar yerda intensiv bog‘ yaratish rejalashtirilgan”, deb yozgan edi O‘zbekiston Axborot agentligi.