Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanining Istiqlol QFYda yashaydigan 40 yashar Shuhratillo Haitovning OzodMikrofonga iddao qilishicha, u o‘zi qorovullik qilayotgan makkajo‘xorizor dalasida kuydirilgan jasadni ko‘rgani haqida 4 iyul kuni militsiyaga xabar berganidan so‘ng, militsiya xodimlari uning o‘zini qotillikda gumonlab, hibsga olgan.
Shuhratillo Haitov asossiz ravishda 12 sutka hibsda saqlangani, qilmagan ishini bo‘yniga qo‘ydirish uchun o‘zini ikki kun ayovsiz qiynoqqa solishgani haqida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va viloyat prokuraturasiga bir necha marta murojaat qilganini aytadi.
“Toshkent viloyatining Lunacharskiy degan joyidagi vaqtincha saqlash izolyatoriga olib keldilar. Bitta grajdanskiy kiyimdagi melisami, tergovchimi, bilmayman, “yaxshilikcha, o‘sha odamni o‘ldirib, yoqib yuborganingni bo‘yningga olgin” dedi. Men esa sizlarga yaxshilik qilib xabar berganim uchun, men gunohkor bo‘lib qoldimmi, dedim. Shu payt yana uchtasi kirib keldi. Bilagimga gazeta o‘rab, naruchnik taqdi. Keyin tepib yiqitishdi. Orqa tomondan tizzasi bilan bosib turib, boshimga paket kiygizib, bo‘g‘di. Hushimdan ketib qoldim. Keyin yana suv sepib hushimga sal kelganimdan so‘ng, to‘rttasi bosib turib, oyog‘imni tagiga dubinka bilan shunaqa urdi, urdi, og‘riqdan dodlab yubordim. Bular esa bo‘yningga ol, deydi, Men yo‘q deyman, ular yana uradi. Qo‘llarimni ko‘tarib qo‘yib buyraklarimga urdilar. Qariyb uch kun ana shunday tinimsiz qiynoqqa soldilar. Lekin baribiri bo‘ynimga olmadim”, deydi Shuhratillo Xaitov.
Haitovning aytishicha, u vaqtincha saqlash izolyatoridagi qiynoqlardan keyin, shifokorlarga murojaat qilgan va ular tekshirib, bosh miya shikastlangandan so‘ng entsefalopatiya, jigar parenximasini qalinlanishi tashxisi qo‘ygan.
Haitovning aytishicha, uni qiynoqqa solgan militsiya xodimlari jazosiz qolmoqda.
Ozodlik bu suhbatda keltirilgan iddaolarga hozircha Yuqorichirchiq tumani va Toshkent viloyati IIBsidan rasmiy munosabat ola olmadi.
Voqeaga aloqador rasmiylar izoh bersa¸ Ozodlik ular javobini ham chop etadi.
................................................................................
Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.
SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.
OzodMikrofon sizga muntazir!
OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!