Astronomlar Yerning tabiiy yo‘ldoshi - Oyning shimoliy va janubiy qutblarida muz bo‘laklari borligini aniqladi. Ular bir kun kelib Oyga boradigan odamlar uchun suv manbaiga aylanishi mumkin.
Oydagi muzlar NASAning mineralogiya xaritasini tuzuvchi moslamasining infraqizil o‘lchovlari yordamida aniqlangan. Mazkur moslama bundan o‘n yil oldin Hindistonning “Chandrayan-1” zondi orqali Oyga yuborilgan edi.
Yangi o‘rganib chiqilgan ma’lumotlar Oy qutblarining quyosh nuri tushmaydigan hududida bir necha joyda muz bo‘laklari borligini ko‘rsatgan.
Gavayi geofizika va sayyorashunoslik instituti xodimi Shuai Lining aytishicha, aniqlangan muz bo‘laklarining asosiy bo‘lagi Oyning janubiy qutbida olimlar va izlanuvchilar nomi berilgan kraterlar guruhi yaqinida joylashgan. Shimolda esa muz bo‘laklari ozroq bo‘lib, ular bir-biridan uzoqroq joylashgan.
Muz bo‘laklari qayta o‘rganilganda, ular Oy sathi harorati -163oS darajadan ko‘tarilmaydigan joylarda hosil bo‘lishi xulosa qilingan. Ammo haroratning o‘zi yetarli emasligi aniqlangan: soya joylarning atigi 3,5 foizida muzlagan suv belgilari topilgan.
Proceedings of the National Academy of Science jurnalida chop etilgan maqolada yozilishicha, ushbu dalillar Oy sathidagi ochiq muzliklarning ilk va konkret isboti ekanligi aytiladi.
Hindiston Fazo agentligi “Chandrayan-1” missiyasini 2008 yilda orbitaga yuborgan edi. Oradan bir yil o‘tib, missiya Oy sathida muzlagan suv borligini aniqladi. Oydagi suv muz qatlamlari shaklida emas, balki chang zarralari bilan birlashgan suv molekulalari shaklida ekanligiga ishoniladi.
Hindiston missiyasi muvaffaqiyati ortidan NASA 100 km diametrga ega Kabeo krateriga fazo kemasini yubordi. Oy sathiga atayin qattiq zarb bilan urilgan kema ko‘targan chang yordamida olimlar Oyda suv borligini tasdiqlashga muvaffaq bo‘ldilar.