Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:47

Qoraqalpog‘istonda chorva orasida epidemiya tarqab¸ mollar o‘lmoqda


Qoraqalpog‘istonlik chorvador va veterinar vrachlarning Ozodlikka bildirishicha¸ mintaqaning qator tumanlarida qoramollar yuqumli kasallikka chalinib¸ ko‘p hollarda bu kasallik chorva nobud bo‘lishi bilan tugamoqda.

Ozodlik suhbatlashgan chorva egalari¸ bu kasallikning Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyatining qator tumanlariga 26-27 may kunlari yoqqan qum-tuz yomg‘iridan so‘ng boshlanganini bildirdi.

Chorva orasida tarqayotgan bu kasallik "nodulyar dermatit" ekanini bildirgan mahalliy veterinar vrach¸ bu kasallikning tuz yomg‘iriga aloqasi yo‘qligi, uning qo‘shni Turkmanistondan kirib kelganini iddao qildi.

"Bunaqasini ko‘rmaganman!"

Qo‘ng‘irot tumanida yashaydigan 68 yashar chorvador Sapar Madetov o‘z tajribasida bunday kasallikni ko‘rmaganini aytadi:

- Shu yoshga kirib molning bunday kasal bo‘lganini ko‘rmadim. Kasallanganda ham juda yomon kasallanayapti. Molning tanasiga boshidan to orqasigacha bez chiqib ketayapti. Shundan keyin o‘t yemaydi, suv ichmaydi, keyin tap etib yiqilib o‘layapti. Buning na vaksinasi bor, na davo bo‘ladigan ukoli bor. Bizning qishlog‘imizdagi mollarning 70-80 foiziga shu kasal tekkan. Mol aptekalarda dori qolmagan, topgan dorisini solib yotishibdi. Mollar tap-tap etib o‘lib yotibdi. Shu paytgacha bo‘lmagan bunday kasallik, deydi bu suhbatdosh.

Chimboy tumanida yashovchi Qutlibeka ismli uy bekasi o‘z sigirining bu kasallikdan o‘lib qolganini aytadi:

- Bizning to‘rta molimizga shu kasal tegdi. Erim mol duxturi olib kelib, ukol qildirdi. Bittasi bo‘lmadi, chunki bez ichkaridan chiqib ketgan ekan, uchtasi hozircha o‘limsa bo‘lib turibdi. O‘t yemaydi, oz-moz yem yeyayapti. Xudo¸ deb o‘tiribmiz, deydi Qutlibeka.

"Xalq orasida vahima"

Qo‘ng‘irotli chorvadorning aytishicha, bunday epidemiyadan xabar topgan mahalliy aholi mol go‘shti sotib olishdan qo‘rqib qolgan:

- Insofli odamlar moli o‘lgandan keyin, dashtga olib chiqib ko‘mib yuborayapti. Insofsizlari o‘lmasdan so‘yib, arzon-garovga qassoblarga olib borib berayapti. Bozordagi go‘shtlarga hozir garantiya yo‘q. Uni yegan odam zaharlanadimi, yoki hech narsa qilmaydimi, bu haqda ham aholiga tushuntirish berilmayapti, deydi Sapar Madetov.

Veterinar izohi

Ozodlik suhbatlashgan Chimboy tumani veterinariya bo‘limi boshlig‘i Sog‘inboy Raimov qoramollar orasida bunday kasallik ilk bor tarqalganini tasdiqlar ekan, o‘layotgan mollar soniga oid raqamlarning bo‘rttirilganini ta’kidladi:

- Bu kasallik Turkmaniston bilan chegaradosh bo‘lgan Shumanay va Amudaryoga o‘tgan yili kirib kelgan edi. Bu yil esa ko‘tarilib, boshqa tumanlarga yoyildi. Bu kasallikning nomi ruschada “nodulyarniy dermatit” deyiladi. Molning og‘iz bo‘shlig‘i, ustiga, hamma joyiga bez chiqayapti. Agar ichga chiqsa og‘ir kechadi. Tashqariga chiqsa, yorilib, tuzalib ketayapti. O‘lgan mollar soni ko‘p emas, 4-5ta mol o‘ldi va ko‘mib tashlandi, dedi Sog‘inboy Raimov.

Veterinarning aytishicha, bu holatdan mahalliy rahbarlarning xabari bor va unga qarshi kurash uchun tadbirlar belgilangan:

- Bu kasallikka qarshi vaksina O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi. Respublika veterinariya boshqarmasi harakat qilib, Rossiyadan vaksina sotib olib keldi. Bizning tumanga ham 25 ming dona vaksina keldi. Kechadan mollarni emlashni boshlab yubordik. Hozir bu kasallik chekindi, kasal mollar sog‘aymoqda, dedi Sog‘inboy Raimov.

Veterinarning alohida ta’kidlashicha, bu kasallik chorvadan odamga yuqmaydi, hasharotlar va kana orqali faqat chorvadan chorvaga o‘tishi mumkin.

O‘zbekistonda chorva mollarining yuqumli kasalliklar bilan kasallanishi kuzatilib turadi.

O‘tgan yilning fevral oyida Toshkent viloyati Ohangaron tumanining Yangi hayot qishlog‘ida chorva mollari orasida oqsim kasalligi tarqaganini mahalliy chorvadorlardan biri iddao qilgan edi.

Bu xabar ortidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida chorvaga oqsim yuqqaniga oid xabar ortidan tekshiruv o‘tkazgan va chorvada uchraydigan oqsim kasalligi klinik alomatlari aniqlanmagani, ammo laboratoriya tekshiruvi natijasi kutilayotganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG