Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:43

Halok bo‘lgan ayirmachilar liderini Moskva ham, Kiev ham xushlamagan


31 avgust kuni Donetsk markazidagi “Separ” kafesida yuz bergan portlash oqibatida Ukraina sharqida o‘zlarini “Donetsk Xalq Respublikasi” deb e’lon qilgan ayirmachilarning rahbari Aleksandr Zaxarchenko halok bo‘ldi.

2014 yilning aprelida Ukrainaning Donetsk hamda Lugansk viloyatlarida rossiyaparast ayirmachilar bilan Ukraina hukumati o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanganidan beri kamida to‘qqiz nafar ayirmachilar yetakchisi o‘ldirildi.

To‘qnashuvlarda 10 300 dan oshiq odam halok bo‘ldi, 1 milliondan oshiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi

Rossiya matbuotiga ko‘ra, 42 yoshda bo‘lgan Zaxarchenko mahalliy texnikumni tamomlagan, Ichki ishlar vazirligining yuridik institutida tahsil olgan. Karyerasini hududdagi shaxtalarning birida elektromexanik lavozimdan boshlagan.

Zaxarchenko 2014 yilning avgustida, Donetskda janglar shiddatli davom etayotgan paytda Rossiya dastaklab kelayotgan ayirmachilar yetakchisiga aylangan edi. Undan avval moskvalik Rossiya fuqarosi Aleksandr Boroday ayirmachilarga yetakchilik qilib kelayotgan edi.

Oradan uch oy o‘tib, g‘arb davlatlari soxta deya baholagan saylovda Zaxarchenko g‘olib chiqdi.

Shafqatsizligi bilan tanilgan Zaxarchenkoni ko‘pchilik, jumladan, ayrim ayirmachilar to‘liq tan olmasdi.

Yonida doimo to‘pponcha olib yurishni odat qilgan Zaxarchenko o‘zlarini DXR deb atovchi ayirmachilarga qiyinchilik bilan yetakchilik qilib kelayotgan edi. U kostyum-shim o‘rniga harbiy ust-boshni afzal ko‘rardi.

Zaxarchenko tomirlarida ukrain qoni oqishiga qaramasdan, ukrainalik urush asirlarini qiynoqqa tutganini uchun Kiev g‘azabiga uchragandi. Moskva esa uni yaqindan nazorat qilishga majbur edi, chunki Zaxarchenko DXR ko‘proq avtonomiyaga ega bo‘lishini istardi.

Bunga qaramasdan, Zaxarchenko Moskva uchun oddiy bir rasmiy edi xolos. Chunki jurnalistlar hamda g‘arb razvedka agentliklari dalillab berganidek, Moskva ayirmachilar respublikasini boshidan beri yaqindan nazorat qilib keladi.

Buni tasdiqlovchi ko‘plab misol keltirish mumkin. 2015 yilning yanvarida Zaxarchenko Mariupol shahrini qayta qo‘lga kiritish amaliyotini e’lon qildi, ammo oradan ikki soat o‘tib, birgina Rossiya telekanali ishtirok etgan matbuot anjumanini uyushtirib, o‘z buyrug‘ini qaytarib oldi. O‘sha paytda Donetskdagi manbalar Ozodlikka Zaxarchenko buyrug‘ini e’lon qilganidan keyin, unga Moskvadan telefon qilishganini aytishgan edi.

Anchadan beri Zaxarchenkoni o‘rnini boshqasi egallashi haqida mish-mishlar tinchimayotgan edi. Buning sabablari qatori uning Moskvaga to‘liq bo‘ysunmagani hamda DXRdagi iqtisodiy ahvolni aytib o‘tib o‘tish mumkin.

Zaxarchenko o‘rnini ayirmachilar safiga qo‘shilishdan avval Rossiyada moliyaviy piramida yaratgan Denis Pushilin egallashi mumkin. Hozircha DXR hukumati Dmitriy Trapeznikov respublika yetakchisi vazifasini bajarishini e’lon qildi.

Zaxarchenko o‘limi ortidan Kiev bilan Moskva bir-birini aybladi. Rossiya uning o‘limida Ukraina razvedkasini aybladi. Ukraina esa uning o‘limiga ichki nizolar sabab bo‘lganini yoki jinoiy guruhlar buni amalga oshirganini iddao qildi.

XS
SM
MD
LG