Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatidagi Cho‘lponota shahrida o‘tayotgan Turkiy tilli davlatlar sammitida birinchi marta O‘zbekiston prezidenti ishtirok etmoqda.
Sammitida O‘zbekiston prezidentidan tashqari Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya va Ozarbayjon prezidentlari ham ishtirok etayotir. Mazkur sammitda tashkilotga raislik vakolati Qozog‘istondan Qirg‘izistonga o‘tadi.
2018 yilning 30 aprel kuni Turkiya prezidenti Rejab Toyyip Erdo‘g‘on bilan Toshkentda o‘tgan uchrashuvdan so‘ng prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashiga qo‘shilishini e’lon qilgan edi.
1992 yilda Turkiy tilli davlatlar sammiti o‘tkazila boshlangan edi. 2009 yilning 3 oktabrida Ozarbayjonning Naxichevan mintaqasida Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Dunyodagi turkiy tilli 6 davlatdan biri bo‘lgan O‘zbekiston rahbariyati Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashi sammitlaridan birortasida ishtirok etgan emas.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Qirg‘izistondagi anjumanda faxriy mehmon sifatida qatnashdi.
“Turkiy kengash doirasida o‘zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. Hozirgi bosqichda uning faoliyatida mamlakatimiz uchun amaliy jihatdan qiziqish uyg‘otadigan yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirok etishga tayyormiz”, dedi Shavkat Mirziyoev.
O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqi davomida Turkiy kengashga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ko‘proqqa oshagnini aytish bilan cheklangan.
Ayni paytda Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov turkiy tilli davlatlar kengashiga O‘zbekistonning qo‘shilishi katta ahamiyatga ega ekanni, Vengriya esa bu tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shilishi Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishining tezroq boshlanishiga turtki bo‘ladi.
Turkiya prezidenti Rejab Toyyip Erdo‘g‘on esa sammit paytida Markaziy Osiyo davlatlarini gulanchilarga qarshi samaraliroq kurash olib borishga chaqirdi.
Erdo‘g‘onning aytishicha, bugungi kunda gulanchilarga qarshi kurash masalasida O‘zbekiston hukumati boshqa davlatlarga qaraganda samaraliroq faoliyat yuritganini ta’kidladi. Lekin bu samara nimalarda bilinganini ochiqlamadi.
Sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev Tog‘li Qorabog‘ masalasini ko‘tardi. Uning nuqtai nazaricha, Tog‘li Qorabog‘ uzoq yillardan beri arman bosqini ostida azob tortmoqda va bugungi kunda Ozarbayjon o‘z hududi hisoblaydigan bu mintaqaning faqat 20 foizini nazorat qilmoqda.
“1 millionga yaqin odam o‘z uyini tashlab qochqin bo‘ldi. 10 mingdan ortiq odam bedarak ketdi. Armaniston bizning diniy va tarixiy me’rosimizni vayron etdi. Bu jinoyatlari uchun Armaniston javob berishi lozim”, dedi Ilhom Aliev.
Turk tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammiti 2010 yildan boshlab 2015 yilgacha har yili o‘tkazilib kelingan. 2015 yilda sammitni o‘tkazish navbati Qirg‘izistonga kelgan edi. Biroq bu davrga kelib Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Almazbek Atambaev turkiya va Qozog‘iston bilan aloqalarni sovuqlashtirgani ortidan bu sammit o‘tkazilmay qolingan edi.
Qirg‘izistonning 2017 yil kuzida saylangan yangi prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Turkiy tilli davlatlar sammitini 2018 yilning 3 sentabrida o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni 21 iyun kuni imzolagan.
Mazkur sammitning o‘tkazilishi Qirg‘iziston uchun Turkiya va Qozog‘iston bilan aloqalarning yaxshilanayotganni anglatadi.