O‘zbekistonning ko‘pkari bo‘yicha terma jamoasi III Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida ko‘pkari bo‘yicha amaldagi jahon chempioni bo‘lgan Qozog‘iston jamoasini yarim finalda 5:4 hisobida yengib, finalga yo‘llanma oldi.
7 sentabr kuni III Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarining ko‘pkari bo‘yicha musobaqalari finalida 1- o‘rin uchun O‘zbekiston va Qirg‘iziston jamoalari kuch sinashadi. Qozog‘iston esa Rossiya bilan 3-o‘rin uchun ot solishadi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston jamoalari o‘yini Toshkent vaqti bilan soat 17da boshlanadi. Mazkur musobaqani Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati- Azattikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jonli efirda tomosha qilish mumkin.
Ko‘pkari bo‘yicha musobaqalarda jami 11 jamoa ishtirok etgan.
III Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida, 7 sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston sport delegatsiyasi uch oltin, besh kumush, 17 bronza, jami 25 medalga egalik qilib, 77 davlat orasida 7-o‘rinda bormoqda.
O‘zbekistondan oldingi o‘rinlarni Qirg‘iziston, Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Vengriya va Eron egallab turibdi.
Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi jami 76 kishidan iborat. O‘zbek sportchilari 13 ta sport turi bo‘yicha bellashadi. O‘zbek delegatsiyasiga jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev rahbarlik qilmoqda.
2014 yildan beri har ikki yilda bir marta Qirg‘izistonda o‘tkazilib kelingan mazkur o‘yinlarda O‘zbekiston rasman birinchi marta ishtirok etmoqda.
Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida 2 sentabr kuni boshlangan va 8 sentabrda yakunlanadigan ushbu o‘yinlarda 50 ta sport turi bo‘yicha 500 dan ortiq komplekt medallar jamlanmasi o‘ynaladi. O‘yinlarda dunyoning 77ta davlatidan kelgan 1500dan ko‘proq sportchi ishtirok etmoqda.
Issiqko‘lda o‘tayotgan o‘yinlarning ochilish marosimida Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov, Turkiya prezidenti Rejab Toyip Erdo‘g‘on, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev,Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra amirligi shahzodasi Muhammad bin Hamad bin Muhammad al Sharqiy ishtirok etdi.