XMT Toshkentda majburiy mehnatga qarshi trening o‘tkazdi
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) paxta terimida majburiy mehnatdan foydalanishni monitoring qilish yuzasidan tayyorgarlik ishlarini boshladi. Bu masaladagi muzokaralar hukumat, kasaba uyushmalari va fuqarolik jamiyati faollari bilan o‘tkazilmoqda.
Toshkentdagi Inson huquqlari himoyachilari alyansining Ozodlik radiosiga ma’lum qilishicha, Xalqaro mehnat tashkiloti 17-18 sentabr kunlari Toshkentda paxta terimida majburiy mehnat qo‘llanilishi yuzasidan monitoring o‘tkazish masalasida navbatdagi trening o‘tkazildi.
Unda xalqaro ekspertlar bilan bir qatorda O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati faollari va kasaba uyushmalari vakillari ishtirok etgan.
Hukumatni esa mazkur treningda vazirliklar va Savdo sanoat palatasi vakillari tamsil etgan.
Inson huquqlari himoyachilari alyansining bildirishicha, treningda barcha ishtirokchilar O‘zbekistonda paxta terimida majburiy mehnatdan foydalanishga Xalqaro mehnat tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Shveysariya, Jahon banki, fuqarolik jamiyati faollarining uzoq yillardan beri davom etayotgan chaqirig‘i ortidan prezident Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi tufayli chek qo‘yila boshlaganini e’tirof etganlar.
Treningda O‘zbekistonning barcha hududlarida majburiy mehnatning barcha ko‘rinishlari tamoman tugatilmaguniga qadar monitoringlar va tadqiqotlar to‘xtatilmasligi ta’kidlangan.
Mehnat vazirligi: Majburiy mehnatga jalb qilinganlardan yuzdan ortiq shikoyat keldi
Ayni paytda Mehnat munosabatlari va bandlik vazirligi so‘nggi bir hafta ichida majburiy mehnatga jalb qilish holati bo‘yicha fuqarolardan 110 dan ortiq shikoyat kelgani haqida bildirmoqda.
Bu shikoyatlar Davlat mehnat huquq inspektorlariga tekshirish uchun yuborilgan. Vazirlik tekshiruv natijalari asosida tegishli choralar ko‘rishini va’da qilmoqda.
Mehnat munosabatlari va bandlik vazirligining rasmiy bildiruvida ta’kidlanishicha, ayrim hududlarda rahbarlar o‘z xodimlaridan paxta terimiga o‘z ixtiyori bilan borishi to‘g‘risida tilxatlarni yozdirib olayotgani aniqlangan.
Masalan, bunday holat Namangan shahar Obodonlashtirish boshqarmasining Davlatobod bo‘limida aniqlangan. Bo‘lim boshlig‘i Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining 1 barobari, ya’ni 184 300 so‘m miqdorida jarima to‘lashga tortilgan.
Toshkent viloyati Qibray tumani DSENM rahbari Abdusamat Qurbonov esa tumanda joylashgan 53 ta xususiy shirkatlardan paxtaga terimchilarni topib berishni talab qilgani ham isbotlangan. U ham eng kam oylik ish haqining 1 barobari miqdorida jarimaga tortilgan.
Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i yakka tartibdagi tadbirkorlarni paxta terishga majburlaganligi aniqlandi.
Majburiy mehnatga jalb etish bo‘yicha eng ko‘p murojaatlar Toshkent viloyatidan kelib tushgan. Bu viloyatdan 22 shikoyat qabul qilingan. Farg‘onaliklar 19, qoraqalpog‘istonliklar, andijonliklar va samarqandilklar 16tadan shikoyat yozishgan.
Mehnat munosabatlari va bandlik vazirligining rasmiy bildiruvida: “Agar majburiy mehnatga jalb qilish holatiga duch kelsangiz, vazirlikning @mehnathuquqbot telegram tarmog‘i yoki +99871 200−06−01 ishonch telefon raqamlariga murojaat qiling”, -deb bildirildi.
Bosh vazir "majburiy mehnat bo‘lmaydi" dedi, ayrim amaldorlar bu gapni tushunmadi
5 sentabr kuni paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan hukumat selektorida Bosh vazir Abdulla Aripov bu yilgi paxta yig‘im terimiga 18 yoshga to‘lmaganlar, maktab va boshqa ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda tibbiyot xodimlarini jalb etish qat’iyan taqiqlanganini ta’kidlagan.
Ayni paytda¸ mahalliy matbuot bu yilgi paxta terimiga 2 million terimchi jalb qilinishi va shu maqsadda mamlakat bo‘yicha jami 26 mingdan ortiq "ko‘ngilli otryad" tashkil etilishini bildirdi. Bu "ko‘ngilli" otryadlarning kimlardan tashkil topishi haqida hozircha rasmiy xabar berilmadi.
Biroq taqiqqa qaramay, ayrim joylarda aholi majburiy mehnatga jalb etilayotgani to‘g‘risida Ozodlikka ma’lumotlar kelib tushmoqda.
Masalan. 12 sentabr kuni Andijon elektr tarmoqlari korxonasi va “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Andijon viloyat filiali xodimlari ayni kunlarda o‘z ishxonalarida xizmatchilarni 50 foiziga qadar yotoqlik paxta terimiga jo‘natish boshlanganini bildirdi.