Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:55

Rossiya O‘zbekistondagi rus maktablari uchun o‘qituvchilar tayyorlamoqchi


24 sentabr kuni Rossiya delegatsiyasi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligida so‘zlashuvlar o‘tkazdi. (Surat vazirlik rasmiy saytidan olindi)
24 sentabr kuni Rossiya delegatsiyasi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligida so‘zlashuvlar o‘tkazdi. (Surat vazirlik rasmiy saytidan olindi)

O‘zbekistondagi umumta’lim maktablari uchun o‘qituvchilarni tayyorlash sohasida Toshkent Moskva bilan hamkorlikni rivojlantiradi. Bu haqda xabar qilgan O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, O‘zbekistonda, ayniqsa, o‘qish rus tilida olib boriladigan maktablarda kadrlar yetishmovchiligi sezilmoqda.

Biroq, o‘zbekistonlik rus tili va adabiyoti mutaxassislari bu masalaning oson yechimi borligiga e’tibor qaratmoqda.

Shu yilning 24 sentabrida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati va Rossiyadagi oliy o‘quv yurtlarining bir guruh ekspertlari va vakillari o‘rtasida O‘zbekistondagi rus maktablari uchun o‘qituvchilar tayyorlash masalasida muzokaralar o‘tkazildi.

Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, uchrashuvda “Moskovskiy Dom sootechestvennikov” tashkiloti direktorining birinchi o‘rinbosari Yuriy Kaplun, “Rossotrudnichestvo” tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Viktor Shulika, A.S.Pushkin nomidagi rus tili davlat institutining ilm-fan bo‘yicha prorektori Mixail Osadchiy va Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bosh maslahatchisi Sergey Sokolovlar ishtirok etgan.

“Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda hozirgi kunda o‘qituvchilar yetishmaydi, ayniqsa, bu holat rus tilida ta’lim berilayotgan maktablarda sezilarli darajada. Xususan, uchrashuvda Xalq ta’limi vazirligi o‘zbekistonlik o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Rossiya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish taklifini ilgari surdi”, deyiladi O‘zbekiston ta’lim idorasi rasmiy saytida.

Aytilishicha, Mixail Osadchiy “Pushkin Instituti” sherikchilik tarmog‘i doirasida hamkorlik qilish va bu orqali malakali rus tili o‘qituvchilarini tayyorlash imkonini kengaytirishni taklif etgan.

“Rossotrudnichestvo” tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Viktor Shulika har yili bir guruh o‘zbekistonlik yoshlarni Rossiya oliy o‘quv yurtlariga ta’lim olish uchun yuborish haqida gapirgani va mazkur hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik yoshlarni pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishga yo‘naltirishni taklif qilgani ham xabarda aks ettirildi.

Rossiya ommaviy axborot vositalarida aynan O‘zbekiston «Xalq ta’limi vazirligi o‘zbekistonlik o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Rossiya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish taklifi” bilan chiqqaniga e’tibor qaratilmoqda.

Rossiya delegatsiyasi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi qabulida (O‘XTV fotosi)
Rossiya delegatsiyasi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi qabulida (O‘XTV fotosi)

Biroq, Ozodlik bilan suhbatda Viktor Shulika hech qaysi bir matbuot xizmatiga bu gaplarni gapirmagani va rus tilida dars beruvchi o‘qituvchilarni tayyorlash masalasi yig‘ilishda «deyarli ko‘tarilmaganini» aytdi:

- Men bu haqda O‘zbekiston nashrlaridan birida o‘qib, o‘zim hayron qoldim: men bu intervyuni bermaganman va izohlaganim ham yo‘q. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligida bu uchrashuv haqiqatan bo‘lib o‘tdi, ammo u yerda bu masalaga mutlaqo e’tibor qaratilgani yo‘q! Men bilmadim qaerdan ular bunday gaplarni o‘ylab topishibdi, dedi qat’iy ohangda “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi rahbari.

2018 yil boshidan buyon Rossiya axborot nashrlarida sobiq Ittifoq respublikalarida “rus tiliga bo‘lgan e’tiborni oshirish” masalasiga doir maqola va reportajlar ko‘paygani sezildi.

Asta-sekin bunday gaplar O‘zbekiston rasmiylari tomonidan ham yangray boshladi.

Rus maktablarini kadrlar bilan ta’minlash masalasida yil boshida fikr bildirgan sobiq Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekistonda “o‘rta ta’lim maktablarida turli fanlar bo‘yicha rus tilida dars beruvchi 25 ming o‘qituvchi yetishmayotgani” borasida gapirgan edi.

Joriy yil martidagi parlament yig‘ilishida Ulug‘bek Inoyatovning so‘zlarini takrorlagan senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston maktablarida ayniqsa rus tilida ta’lim beruvchi o‘qituvchilar yetishmayotganiga e’tibor qaratgandi.

Buning ortidan 2018 yilning martida Rossiya Ta’lim va fan vazirligi rasmiy Toshkentga bir guruh rus tili va adabiyoti o‘qituvchilarini respublika mintaqalariga jo‘natish taklifi bilan chiqdi. Rossotrudnichestvo malakali mutaxassislarni tanlab olish va maxsus maosh to‘lashini bildirib, O‘zbekiston tarafiga ularni yotoq va mehnat faoliyati uchun zaruriy sharoitlar yaratib berishni so‘ragan.

Rossiya hukumati o‘zbek mutasaddilaridan «bu takliflariga javob kutayotgani»ni qator nashrlar orqali bildirgandi.

Oxirgi yillarda rus tilini xorijda ommalashtirish bo‘yicha maxsus ishlar olib borilayotganini bildirayotgan rus hukumati bunday tashabbus hozirda Tojikistonda joriy qilinganini ham ta’kidlamoqda.

Ozodlik O‘zbekistonda rus tilida ta’lim-tarbiya bilan shug‘ullanayotgan o‘qituvchilar va mutaxassislar bilan bog‘lanib, Rossiya mutaxassislari va O‘zbekiston Ta’lim vazirligi tomonidan kiritilayotgan bu taklifni izohlab berishni so‘radi.

20 yildan ortiq vaqt rus tili va adabiyoti fanidan Toshkent viloyatidagi maktab va kollejlarda o‘qituvchilik qilgan Zafar bir necha yildan buyon Rossiyada qurilishda ishlayotganini aytadi. U rus sinflarida o‘qituvchilar yetishmasligini o‘qituvchilar maoshi kamligi bilan tushuntirishga urindi:

- Hozirda rus tilida o‘qitishga maktablarda talab kattaligi rost, chunki “rus sinflarida darslar yaxshiroq beriladi” degan fikr ko‘pchilik ota-onalarda o‘rnashib qolgan. Qolaversa, Rossiyada mehnat qilib, joylashib olib, farzandlarini Rossiyaga olib ketish niyatida bo‘layotgan muhojirlar soni ham ko‘paygan. Ammo muammoning hammasi oylikka borib taqalayapti – qaysi erkak maktabda ishlab, ro‘zg‘orini tebrata oladi?! Men maktabda 800 mingdan ko‘proq maosh olardim - 100 dollar atrofida degani. Shu sababli malakali va bilimli o‘qituvchilar maktablarga borib ishlamayapti, boshqa sohada ishlashga majbur.

O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlaridan birining rus tili o‘qituvchisi, ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan boshqa suhbatdosh O‘zbekistonning o‘zida bu muammoni hal etish uchun barcha imkoniyatlari mavjud ekanini bildirdi:

- Menimcha, o‘qituvchilar bilan maktablarni ta’minlash masalasini biz o‘zimiz hal eta olishga qurbimiz yetadi, chunki O‘zbekistonda uzoq yillar davomida rus tili va adabiyoti mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha ajoyib maktab yaratilgan. Mustaqillik davrlarida, afsuski, o‘qituvchilik nufuzi juda pasayib ketdi – uni ko‘tarish kerak: ish sharoitlari, yaxshi maosh bilan ta’minlash zarur. Vazirligimiz bizga ishonmasdan, chetdan yordam so‘rashi ham bizga uyatdir.

Toshkentdagi Rossiya Fan va madaniyat markazi yaqin yillarda O‘zbekiston bo‘ylab 12 ta rus tili mintaqaviy markazlarini ochishini e’lon qildi. Shuningdek, O‘zbekistondan kelib Rossiya oliy ta’lim muassasalarida 25 ming talaba tahsil olmoqdaki, bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston oxirgi bir necha yilda Rossiyada birinchi o‘ringa ko‘tarildi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga binoan, 2018 yilning yanvari holatiga mamlakatda 9628 umumiy o‘rta ta’lim maktablari mavjud bo‘lib, ulardan 1912 tasida o‘qiyotgan 523 000 bolaga rus tilida ta’lim beriladi.

XS
SM
MD
LG