Toshkent shahar IIBsi tomonidan bezorilikda gumonlanib qo‘lga olingan kamida uch yigitning qarindoshi Ozodlikka murojaat qilib, militsiya xodimlari ularni qo‘lga olish va tergov payti kaltaklab, tan jarohati yetkazgani haqida shikoyat qildi. Ular o‘z iddaolariga dalil sifatida yigitlarning qonga belangan suratlarini taqdim etdi. Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati bu hodisadan xabarsiz ekani, shikoyatchilar 1102 raqami orqali murojaat qilgan taqdirda¸ bu shikoyat tegishli tarzda o‘rganib chiqilishini bildirdi.
Toshkentlik Dilorom Jo‘raeva Ozodlik bilan suhbatda, uning bezorilikda gumonlanayotgan 27 yashar o‘g‘li Shoxruhni Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ayovsiz kaltaklab, oyog‘ini sindirganini iddao qildi.
- Bularni rosa kaltaklashgan, mening bolamni oyog‘ini sindirishgan, ikkitasini jag‘i singan, bittasini boshini yorishgan. Singlim advokat bilan o‘tgan hafta yoniga kirib chiqdi, suhbatda ular militsiya xodimlari qildi, deb aytishdi. Bolam ikkinchi guruh nogironi, boshi kasal, psixdispanserda uchyotda turadi. "O‘zini aybi bo‘yicha jazolanglar, lekin uni urmanglar", deb militsiya xodimlaridan iltimos qilaman, - deydi Dilorom Jo‘raeva.
Jo‘raeva 13 avgust kuni sodir bo‘lgan bu voqea haqida huquq tizimlaridan to prezident qabulxonasigacha tinimsiz yozgani, lekin adolat istab yozgan murojaatlaridan natija bo‘lmagach Ozodlikka murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytadi.
Jo‘raeva o‘z iddaolariga dalil sifatida Ozodlikka o‘g‘li va sheriklarining qonga belangan suratlarini taqdim etdi.
- O‘g‘limning tanasi IIB xodimlarining kaltaklaridan ko‘karib ketganini suratlardan ham ko‘rish mumkin. Biz bu bo‘yicha ekspertiza talab qildik, lekin ekspertiza qilinmadi, - deydi Jo‘raeva.
Bezorlikda gumonlanib hibsga olingan besh yigitdan yana birining akasi ham Ozodlik bilan suhbatda Toshkent shahar militsiyasi xodimlarini zo‘ravonlikda ayblaydi.
Davron Nuriddinov iddaosicha, militsiya xodimlari qo‘lga olish payti 25 yoshli ukasi Behzodni g‘isht bilan urib, boshini jarohatlagan.
- Bularni ushlab Olmazor tumani Bank kolleji yonidagi militsiya bo‘limiga olib borishgan ekan. Men u yerga yetib borsam Behzodning boshi yorilgan, "Tez yordam" ukamga birinchi yordamni ko‘rsatayotgandi. UkamniNG o‘zidan so‘radim “kim seni bu ahvolga soldi”, deb. “Militsiya xodimi erda yotgan g‘ishtni olib boshimga urdi”, dedi. O‘shanda doktorlardan “ahvoli og‘irku kasalxonaga olib bormaysizlarmi”, desam¸ “Olib borish kerak, lekin ichki ishlar xodimlari olib ketishga ruXsat bermayapti” deyishdi. Hozir Behzodning ahvoli og‘ir bo‘lishiga qaramay hibsda ushlab turishibdi, doktorlarni yoniga kiritishmayapti, - deydi Davron Nuriddinov.
Ozodlik ushbu iddaolar yuzasidan izoh olish uchun Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasiga bog‘landi.
Boshqarma matbuot xizmatining bu mavzuda jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi uchun o‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan mulozimi militsiya xodimlarining zo‘ravonligi yuzasidan jabrlanuvchilar 1102 raqami orqali shikoyat qilishlari va ularning shikoyatlari tegishli tarzda o‘rganib chiqilishini aytish bilan cheklandi:
- Konkret bu hodisa haqida bizda ma’lumot yo‘q. Militsiya xodimi kimgadir qo‘l ko‘targan bo‘lsa, 1102 raqamiga shu militsiya xodimining ismini keltirgan xolda murojaatqilishlari mumkin va biz buni o‘rganib chiqamiz, - dedi Toshkent IIBsi matbuot xizmatining o‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan mulozimi.
Shoxruh Jo‘raevning onasi uning IIV xodimlari tomonidan kaltaklangani yuzasidan Toshkent IIBsi qabulxonasiga ham, prezident portaliga ham shikoyat qilganini aytadi:
- O‘sha 1102 raqamiga ham murojaat qildik. Murojaat qilganimizdan keyin ikki hafta o‘tdi, javob bo‘lgani yo‘q. Shuning uchun Ozodlikka chiqib, prezidentimiz militsiya xodimlari nimalar qilayotganini ko‘rsin, deb murojaat qilayapmiz sizlarga, - deydi Dilorom Jo‘raeva.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xodimlarining inson haq-huquqlarini poymol etishi haqidagi shikoyatlar¸ mamlakat prezidenti virtual qabulxonasiga tushayotgan shikoyatlarning kattagina qismini tashkil etadi.
O‘tgan yil noyabr oyida o‘tkazilgan hukumat majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham Ichki ishlar organlarini qattiq tanqid qilgan edi.
"Ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin. Lekin ayrim joylarda ularning faoliyati odamlar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa mol-mulkka jinoiy tajovuz kabi salbiy holatlarga to‘liq chek qo‘yilmagan. Qasddan tan jarohati yetkazish, firibgarlik, yo‘l-transport hodisalari kamaymagan. Ichki ishlar xodimlarining o‘zlari qonunni buzib tursa, oddiy xalq qaerga borsin?", — degan edi Mirziyoev o‘tgan yil 11 noyabr kungi hukumat majlisida.
Prezident portali ish boshlaganidan ko‘p o‘tmay e’lon qilingan rasmiy statistikaga ko‘ra¸ 2016 yil sentyabri oxiridan 1 dekabrga qadar kelgan 217 ming shikoyatning 12 foizi aynan Ichki ishlar vazirligi faoliyati bilan bog‘liq.
(Hozirda pm.gov.uz saytida xalqdan tushayotgan arizalar mohiyatiga oid statistika e’lon qilish to‘xtatilgan va shu bois¸ 2018 yilgi rasmiy raqamlar haqida ma’lumot yo‘q.)