Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:50

Termizda sinfdoshidan homilador bo‘lgan kollej o‘quvchisi o‘zini osdi


Surxondaryoning Termiz shahrida 17 yoshli kollej o‘quvchisi homilador ekani aniqlangach, uyining molxonasida osilgan holda topildi.

Qizning otasi va qarindoshlari Ozodlik bilan suhbatda nomusidan ayrilgan qiz isnodga qolishdan qo‘rqib, o‘z joniga qasd qilganini aytishdi.

Surxondaryoning Termiz shahrida Axborot texnologiyalari kollejining o‘quvchisi bo‘lgan 17 yoshli qiz o‘z uyining molxonasida osilgan holda 22 sentabrda topilgani Ozodlikka bugun ma’lum bo‘ldi.

Qizning ismi Ozodlikka ma’lum, lekin jurnalistik ahloq yuzasidan tahririyat uning ismini ochiqlamaydi.

Qizning otasi Ozodlik bilan suhbatda sinfdoshidan homilador bo‘lgan qizi isnodga chiday olmagani va molxonasi ayvonining to‘siniga o‘zini osganini aytdi.

Otaning iddaosiga ko‘ra, shu yilning yozida qizi Termiz Axborot texnologiyalari kollejida o‘qiydigan sinfdoshidan homilador bo‘lgan, bu holat butun mahallaga ovoza bo‘lgach, qiz o‘zini osib qo‘ygan:

- Qornida ikki oylik bolasi bor ekan. Isnodga chiday olmadi. Buning ustiga haligi yigit ham yo‘qolib qoldi. Men o‘shanda onasiga va ammasiga qizni yigitning uyiga olib borib, tashlab kelinglar, deb aytdim. Olib borishdi, lekin uning qarindoshlari bizga qornida bolasi bor qiz kerak emas, deb qaytarib yuborishdi. Biz yana ularga yubordik, yana qaytarishdi. Qizim o‘rtada tushkunlikka tushib o‘zini osdi.

Qiz o‘zini osishidan oldin, qarindoshlari uning nomusiga tekkan sinfdoshiga nikohlashni so‘rab, mahalla qo‘mitasi va militsiyaga murojaat qilgan.

Qizning otasi mahalla qo‘mitasi ham, militsiya ham murojaatini e’tiborsiz qoldirganini, huquq-tartibot organlari ariza yuzasidan jinoyat ishi ochmaganini aytdi:

- “Peshona ekan”, deyishdi. “O‘zi rozi bo‘lgan ekan, yigit majburlamagan ekan”, deyishdi. Xullas, masalaga jiddiy qarashmadi. Agar qizimni shu bolaning ota-onasi bilan kelishib birlashtirishsa, hech bo‘lmaganda homilador bo‘lgan davrda yigit yonida turganida bunaqa fojia bo‘lmasdi, - dedi marhumaning otasi.

Ozodlik bog‘langan mahalla qo‘mitasi faollaridan biri qiz va yigitni qovushtirishga uringanliklari, lekin yigitning ota-onasi keskin qarshi bo‘lgani sabab ular buning uddasidan chiqa olmaganliklarini aytdi.

- Yigit qizga qo‘shilishni xohladi, lekin ota-onasi qattiq turib oldi. Qornida bolasi bor qiz bizning xonadonga kirmaydi, deb qarshilik qilishdi. Kim bilibdi bunaqa bo‘lishini?! - deydi mahalla qo‘mitasining ismi sir qolishini so‘ragan faoli.

Ozodlik qizni homilador qilgani gumonlanayotgan 18 yoshli yigitning qarindoshlari bilan bog‘landi, lekin ular Ozodlikka gapirishni istashmadi.

Termiz shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimi esa, Ozodlik bilan suhbatda, bu holat bo‘yicha surishtiruv olib borilgani, lekin jinoyat alomati yo‘qligi sabab ish ochilmaganini aytdi.

- Mazkur holatda jinsiy zo‘rlash alomati bo‘lmagani sabab jinoyat ishi qo‘zg‘otilmadi, - dedi mazkur mavzuda jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi sir qolishini so‘ragan militsiya mulozimi.

O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 15-moddasida (Nikoh yoshi) bunday deyilgan:

Nikoh yoshi erkaklar uchun o‘n sakkiz yosh, ayollar uchun o‘n yetti yosh etib belgilanadi.

Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.

O‘zbekistonda homilador bo‘lib qolgan qizlarning o‘zini osgani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.

Ikki yil avval Samarqandda 17 yoshli qiz 63 yoshli hamqishlog‘i tarafidan jinsiy zo‘rlanishi va homilador bo‘lib qolishi ortidan o‘zini o‘zi osib qo‘ygan edi.

XS
SM
MD
LG