Toshkent shahar, Chilonzor tuman militsiyasi poytaxtdagi 164-sonli maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi 1-sinf o‘quvchisini kaltaklagani yuzasidan tergov olib bormoqda.
O‘quvchining onasi da’vosicha, o‘qituvchi farzandini so‘nggi bir oy ichida kamida ikki marta ayovsiz kaltaklagan.
O‘qituvchi birinchi holat yuzasidan bolaning ota-onasidan kechirim so‘ragan va boshqa qaytarilmasligini va’da qilgach, u jazosiz qolgan.
Lekin kaltaklash ikkinchi marta ro‘y bergach, bolaning onasi muallimga nisbatan jazo ko‘rilishini talab qilib, huquq-tartibot idoralariga shikoyat qilgan.
Jabrlanuvchi sifatida ko‘rilayotgan o‘quvchining onasi Aziza Muhamedova 164-sonli maktabda ro‘y bergan ushbu hodisa haqida Facebook sahifasining "Ne molchi" guruhida ma’lum qildi.
“Gap shundaki, mening o‘g‘lim bu yil Chilonzor tumanidagi 164-sonli maktabning 1-sinfiga bordi. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi 12 sentabr kuni farzandimni kaltakladi. Ota-onalar yig‘ilib, o‘qituvchi va direktor bilan masalani muhokama qildik. O‘qituvchi kechirim so‘radi, beayb yagona parvardigor deb, kechirdik. Lekin, 5 oktabr kuni o‘sha jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bolamga yana qo‘l ko‘tardi, ustiga 20 marta o‘tirib turish va 20 marta otjimaniya qilishga majburlabdi. Maktabga borsam direktor yana o‘qituvchining yonini olyapti. Mayli jismoniy tarbiya, qattiq qo‘l bo‘lish kerakdir, lekin bolalarni urmasin-da. Hozir bolam maktabga bormayapti, qorni og‘riyapti. Muskullari og‘riyapti, deb o‘ylagandik, lekin xirurgning tavsiyasi bilan UZI qildirdik, bolaning qorin qismi lat yegan ekan, kasalxonadan to‘g‘ri militsiyaga shikoyat qilindi. Maktabdagilar jiddiy narsa bo‘lmadi, deb javob berishadi, nima bolamni o‘ldirishini kutishim kerakmi?!”, - deb yozdi Aziza Muhamedova Facebook sahifasida.
Ozodlik muxbiri o‘qituvchi o‘z o‘quvchisini kaltaklagani haqidagi iddaolar yuzasidan izoh olish uchun Chilonzor tumanidagi 164-sonli maktabga bog‘landi.
Maktab direktori Gulnoz Latipova hodisani Chilonzor tuman militsiyasi o‘rganayotgani, lekin hali xulosa chiqarilmagani, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ishini davom ettirayotganini aytdi.
- Bu bo‘yicha tekshiruv bo‘lyapti. Militsiya bugun kelib ketdi. Xulosa hali chiqarilgani yo‘q. O‘qituvchi ishlayapti. U bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan, lekin bolani urmaganman, deyapti. Bu yangi o‘qituvchi, institutni bu yil bitirgan, sport gimnastikasi bo‘yicha yaxshi mutaxassis. Biz bu holat har tomonlama o‘rganilsin, deyapmiz. Biz bolalardan ham so‘radik, hammasi aytayapti o‘qituvchi qo‘lini ham tekkizmagan, - dedi Chilonzor tumanidagi 164-sonli maktabning direktori Gulnoz Latipova.
Chilonzor tumani Ichki ishlar bo‘limining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi 164-sonli maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi 1-sinf o‘quvchisini kaltaklagani yuzasidan surishtiruv olib borilayotgani, lekin jinoyat ishi ochilmaganini aytdi.
- Hozir biz kaltak da’volarini o‘rganyapmiz, bolaning tibbiy ko‘rik natijalarini ekspertizaga jo‘natganmiz, javobini kutyapmiz, maktabga ham borib o‘qituvchi va o‘quvchilarni so‘roq qilyapmiz, - dedi Chilonzor IIBsining ushbu holat haqida jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismini aytishni istamagan mulozimi.
O‘quvchini kaltaklagani iddao qilinayotgan o‘qituvchining o‘zi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
O‘zbekistonning maktab va kollejlari hamda bolalar bog‘chalarida o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarni o‘qituvchilar kaltaklagani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.
O‘tgan oy Xorazm viloyat, Bog‘ot tuman prokuraturasi Olimpiada milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 36 yashar murabbiysi shu maktabning 5- sinf o‘quvchisini dars paytida kaltaklagan.
Bolaning yaqinlari Ozodlikka 5 sinf o‘quvchisi 20 sentabr kuni kaltaklangani ortidan komaga tushganini aytishgandi.
O‘tgan yili esa, Samarqand shahridagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida tarbiyachining yordamchisi bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘layotgani aks etgan videoyozuvlarni Ozodlik e’lon qilgach, zo‘ravon bog‘cha opa va bog‘cha rahbari ishdan olingan edi.