Surxondaryoning Denov tumani Beruniy qishlog‘idagi fermer xo‘jaligi rahbari Sherali Beknazarov 14 oktabr kuni o‘z uyi pod’ezdida osilgan holda topildi.
Qarindoshlari va mahalladoshlari Ozodlikka 61 yoshli fermerning paxta zavodiga belgilangan normada paxtani topshirmagani uchun tazyiqqa olinishi ortidan joniga qasd qilganini aytdi.
O‘zini osgan 61 yoshli fermer Sherali Beknazarov Surxondaryoning Denov tumani Beruniy qishlog‘ida 15 oktabr kuni dafn etildi.
Qarindoshlari va denovlik boshqa fermerlarning Ozodlikka aytishlaricha, o‘limidan oldin Denov tumani paxta punktida o‘tkazilgan paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan majlisda tuman hokimi Beknazarovni kunlik paxta topshirish rejasini bajarmagan boshqa hamkasblari qatorida haqorat aralash qattiq koyigan.
Ta’qibga olinish ehtimoli mavjudligidan cho‘chib shaxsi sir tutilishini so‘ragan mahalliy fermerlardan biri bu haqda Ozodlikka shunday dedi:
- Men ham shu majlisda bor edim. O‘sha kuni yig‘ilishda turg‘izib, hammani oldida izza qildi. Uyingdan piyolanggacha tortib olamiz, deb kamsitdi. Bizda majlislarda paxta planini bajarmayotgan fermerlar qanday siquvga olinishini bilsangiz kerak, hozir fermerlarga avvalgi yillardagidan bosim o‘n chandon ko‘p bo‘lyapti. Sherali aka chiday olmagan, zaiflik qilib uyini pod’ezdiga o‘zini osgan.
Fermer - paxta tazyiqi qurboni
O‘z joniga qasd qilgan 61 yoshli fermer Sherali Beknazarov rafiqasi va 23 yoshli o‘g‘li bilan Denov tumani Beruniy qishlog‘idagi ikki qavatli uydagi ikki xonali kvartirada yashagan.
Marhum Beknazarovning ismi sir qolishini istagan yaqin qarindoshi Ozodlikka 14 oktabr kuni bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi:
- Kechqurun majlisdan ancha tushkun holda keldilar. Hamma narsani aytmadilar, lekin ko‘rinishidan yomon qilishgan. Hokim hammani oldida haqorat qilgan, tahqirlagan, "kerak bo‘lsa ko‘chada qoldiraman, hamma narsangni tortib olaman" degan, yerga urgan. Gaplashib bo‘lganimizdan so‘ng "endi borib uxlanglar", dedi. Ertalab domni pod’ezdida osilgan holda ko‘rdik.
Surxondaryodagi mas’ul idoralar vakillari oldiniga fermer o‘z joniga qasd qilganini rad etishga urindi.
Denov tumani hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalalari bo‘yicha muovini Shaymamat Sherqobulov fermer xo‘jaligi rahbari o‘limidan xabari borligi, lekin u o‘zini osmaganini aytdi.
- Xabarimiz bor, hozir paxta bilan bo‘lib, bu bilan shug‘ullanishga vaqt ham bo‘lmayapti. O‘lganini eshitdik, lekin bilishimcha u o‘zi o‘lgan, jonga qasd qilish bo‘lmagan u yerda, - dedi Shaymamat Sherqobulov.
Denov tumani hokimi muovini majlislarda rejani bajarmagan fermerlarga nisbatan "qattiqqo‘llik" bo‘lishini tasdiqladi, lekin 14 oktabr kungi majlisda nima bo‘lganini eslay olmasligini aytdi
-O‘sha kungi majlisni to‘g‘risi eslay olmayapman. Lekin, bu fermer paxta bo‘yicha orqada edi. Majlislarda fermerlardan plan talab qilinadi, qattiqqo‘llik bo‘ladi-da, lekin o‘zini osadigan darajada bo‘lmaydi, - dedi Denov tumani hokimining muovini.
Ozodlik fermerning o‘z joniga qasd qilgani yuzasidan Denov tumani hokimi Ulug‘bek Qosimovning o‘zidan izoh ololmadi.
Qosimovning yordamchisi hokim paxta dalasida ekanini aytdi.
Denov tuman ichki ishlar bo‘limidagilar fermer o‘zini osgani haqida ma’lumotga ega emasliklarini aytishdi.
Joylardan olinayotgan xabarlarga qaraganda, bu yil paxta kech yetishgani va erta sovuq tushgani bois fermer xo‘jaliklari boshliqlari qattiq bosim ostida qolgan.
Bosh vazir Abdulla Aripov har kuni o‘tkazayotgan selektor yig‘inlarida bu yilgi paxta yig‘im-terimida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 100 dan ortiq fermer xo‘jaligi va tuman rahbarlariga intizomiy chora ko‘rilgan.
O‘zbekistonda hokimdan gap eshitgan fermerlarning o‘z joniga qasd qilgani haqda Ozodlik avval ham xabar bergan.
Shu yil iyunida Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida fermerlik qilgan 50 yashar fermer Sherali Davronov 18 iyun kechqurun o‘z joniga qasd qildi.
Ozodlikka kelgan bu xabarni tasdiqlagan ichki ishlar mulozimiga ko‘ra, Sherali Davronov uy ayvonining to‘siniga o‘zini osgan.
Fermerning yaqinlari o‘sha kuni tuman hokimi uni bug‘doy rejasini bajarmagani uchun majlisda urib haqorat qilganidan so‘ng uyga kelib o‘z joniga suiqasd qilganini aytgandi.
O‘tgan yil Qashqadaryo viloyati Koson tumanida fermerlik qilib kelgan O‘ktam Eshmurodov dalasidagi shiyponda o‘zini osgan.
43 yashar fermer bug‘doy rejasini bajara olmagani uchun hokimdan kaltak eganidan so‘ng o‘zini o‘ldirgani haqda uning yaqinlari Ozodlikka ma’lum qilgan edi.
Uch yil oldin Andijon viloyati Izboskan tumanida fermerlik qilgan 29 yoshli Nodirbek Haydarov tuman hokimi va prokurori o‘tkazgan majlisdan chiqib, o‘zini osib qo‘ygan edi.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, hokim va prokuror fermerni bug‘doy rejasini bajarmagani uchun qattiq koyigan va u majlisdan chiqib, qishloq xo‘jaligi bo‘limi hojatxonasida o‘z joniga qasd qilgan.