Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:50

G‘o‘zapoya uchun paxta chopgan ayollar shundan ham mahrum bo‘lmoqda


Faqat g‘o‘zapoya uchun ishlagan angorlik ayollar shundan ham mahrum etilganiga norozilik bildirib, hokimlikka bordi
Faqat g‘o‘zapoya uchun ishlagan angorlik ayollar shundan ham mahrum etilganiga norozilik bildirib, hokimlikka bordi

Surxondaryo viloyat Muzrabot tuman hokimligiga 20 oktabr kuni o‘ndan ortiq paxtakor ayol shikoyat qilib bordi.

Angor tumanidan kelib Muzrabot tumanidagi fermer yerida ishlagan bu ayollar, ish haqi o‘rniga va’da qilingan g‘o‘zapoyadan ham mahrum bo‘layotganidan hokimlikka arz qildi.

Ayollar ishlagan paxtazorning jo‘yak oralariga bug‘doy ekilishi sababli bu muammo kelib chiqdi.

Tuman hokimi o‘rinbosari bu muammoni hal qilishini Ozodlikka aytdi.

Сурхондарёда фақат ғўзапоя учун пахта чопган аёллар шундан ҳам маҳрум бўлмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:58 0:00
Бевосита линк

Angor tumanidagi Navshahar mahallasidan bo‘lgan o‘ndan ortiq paxtakor ayol 20 oktabr kuni ertalab Muzrabot tumani hokimligiga ish haqlari bo‘lgan g‘o‘zapoyasidan mahrum qilmaslikni so‘rab arz qilib bordi.

Bu ayollar taxminan 10 kilometr masofadagi qo‘shni Muzrabot tumanidagi “Xudoyberdiev Haydar polvon” fermer xo‘jaligiga mavsumiy ishchi bo‘lib yollangan.

Paxtakor ayollar fermer yeridagi g‘o‘zani chopiq, yagana, chekanka qilishi va bu mehnati evaziga faqat g‘o‘zapoya olishi haqida og‘zaki shartnoma qilgan.

Faqat g‘o‘zapoya uchun ishlagan angorlik ayollar
Faqat g‘o‘zapoya uchun ishlagan angorlik ayollar

Ayollarning aytishicha, tuman hokimi o‘rinbosari Akmal Bozorov ularni qabul qilib, almashlab ekish dasturi bo‘yicha fermerning yeriga bug‘doy ekilishi shartligi va boshqa muammolarni fermerning o‘zi bilan hal qilishlarini aytgan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan, ismi sir qolishini so‘ragan ayollardan birining aytishicha, ular yil bo‘yi qilgan mehnatlari evaziga beriladigan g‘o‘zapoyadan ham mahrum bo‘lib qolmoqda:

- Biz aprel oyidan boshlab paxta yerini arenda olib ishladik. Masalan, men 12 egat olib ishlaganman. Ishlagan haqimizga pul olmaymizda, o‘tinini olamiz, deb fermer bilan kelishganmiz. Shu kungacha g‘o‘zasini chopiq qildik, yagana qildik, paxtasini terdik. Endi esa, hokim bu yerga bug‘doy ekasan, deyapti. Bug‘doy eksa g‘o‘zapoyani korchovka qilib bo‘lmaydi, yarim belidan o‘rib olish esa ham mehnat, ham barakasi yo‘q. Fermer esa, menga hokim shunday buyruq bergan, mening qo‘limdan hech narsa kelmaydi, xafa bo‘lmanglar dedi, deydi paxtakor ayol.

Angor tumanining Navshahar qishlog‘ida yashaydigan boshqa ayol ham to‘rt bolasini tashlab bahoru yoz birgina o‘tin uchun fermerning yerida mehnat qilganini aytadi:

- Bahordan yagana qildik, chopiq qildik, chekanka qildik. 50-60 gradus issiqlarda ishladik. Mana paxtani ham bo‘ldirib berdik. Bir so‘m pul olganimiz yo‘q. Men ijaraga olib ishlagan yerimdan o‘n telejka g‘o‘zapoya chiqadi. Hamma umidimiz shundan edi, uni o‘zimizga ishlatib, ortiqchasini sotib kun ko‘ramiz degandik. Endi esa shu so‘nggi nasibamizni ham tortib olishyapti, deydi angorlik ayol.

Muzrabot tumanidagi “Xudoyberdiev Haydar polvon” fermer xo‘jaligi rahbari Shopo‘lat Xudoyberdiev Ozodlik bilan suhbatda haqiqatan ham mavsumiy yollanma ishchilar faqat g‘o‘zapoya uchun ishlaganini va bu muammoni hal qilish yo‘lini topganini aytdi:

- Hozir ular kelishgan edi, sharoitini qilib jo‘natib yubordim. Bug‘doy ekilmaydigan yerdan ularga egat ajratib berdimda, bug‘doy ekiladigan paxtazor o‘zimga qoladigan bo‘ldi. Bu yer razmesheniega tushib qoldi, ushanga shunday holat bo‘ldi. 17 nafar arendatorim bor. Hammasi tegishli g‘o‘zapoyasini oladi, dedi Shopo‘lat Xudoyberdiev.

Muzrabot tumani hokimi o‘rinbosari Akmal Bozorov Ozodlik bilan suhbatda paxtakor ayollar muammosi hal qilinishga va’da berdi:

- Bu yer razmeshenie bo‘yicha g‘o‘za qator orasiga bug‘doy ekilishga tushgan. Opalar bilan biz gaplashdik. Ular haqiqatan ham norozi. Hozircha ular fermer bilan kelisholmay turibdi. Bu masalani hal qilamiz, dedi Akmal Bozorov.

O‘zbekistonda fermerlarning ishchilarga maosh to‘lash qudrati yo‘qligi bois, ba’zi hududlarda yollanma ishchilar faqat g‘o‘zapoya uchun yil bo‘yi fermerlar dalasida mehnat qiladi.

Fermerlar ish haqi uchun ajratilgan mablag‘ni banklardan naqd pul shaklida ololmayotganidan ham shikoyat qiladilar.

XS
SM
MD
LG