Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:25

Paxta planini bajarmayotgan fermerlar sholisi tortib olinyapti


Shovotdagi sholizor
Shovotdagi sholizor

Xorazm viloyati Shovot tumanidagi fermerlar iddaosiga ko‘ra, tuman hokimi o‘rinbosari paxta rejasini bajarmayotgan fermerlarning sholisini zo‘rlik bilan tortib olmoqda.

Fermerlarning aytishlaricha, sholi o‘rayotgan kombaynlar ham militsiya xodimlari tomonidan "arest" qilingan.

Hokim o‘rinbosari fermerlarga bu holatni paxta plani bajarilmayotgani bilan izohlagan.

Shovot tumani hokimi shartnomadagi sholini topshirmagan fermerlarga shunday chora qo‘llangan bo‘lishi mumkinligini nazardan soqit qilmadi.

Shovot tumanidagi “Javlonbek Jamolbek” fermer xo‘jaligining rahbari Ozod Otajonovning Ozodlikka aytishicha, 20 oktabr kuni kechqurun u sholisini o‘rdirayotgan paytda, tuman hokimi o‘rinbosari Nurbek Boboniyozov qo‘qqisdan bostirib kelgan:

- Atrofimizdagi hamma fermerlar sholisini o‘rib oldi, poxoligacha yig‘ishtirib ketdi. Biz o‘rimga tushganda esa hokimning Nurbek degan o‘rinbosari agroprom boshlig‘i bilan birga yarim kechasi kelib, bir pritsep sholini olib ketdi. Zagotzernoga olib borib topshirdi, 2 tonnayu 700 kilo chiqdi. Bu hokimning buyrug‘i, paxat planini bajarmaganlarning sholisi tortib olinadi, dedi. Planimiz 80 bo‘ldi, hali ko‘rak bor, paxta ochilyapti, bajaramiz, desak ham quloq solmadi, - deydi Ozod Otajonov.

Tumandagi Buyrachi qishlog‘ida joylashgan “Xudargan Hayit” fermer xo‘jaligi rahbari Muhiddin Rajabov ham uch tonna sholisi tortib olinganini Ozodlikka aytdi:

- Mening sholimni o‘rayotgan kombaynni MTPga olib borib qamab qo‘yishdi. Nurbek degan hokim o‘rinbosari paxta vaqti sholi o‘rmaysan, bu hokimning buyrug‘i dedi. Uch tonna sholini zo‘rlik bilan olib ketib, zagotzernoga toshirdi. Men, bizning sholi haqida shartnomamiz bor, hosilni o‘rib bo‘lganimdan keyin rejani topshiraman, desam ham quloq solmadi. Mana bugun ham shu holat davom etib turibdi, ichki ishlardan, agropromdan vakillar bilan yurib, fermerlarning sholisini olib qo‘yishmoqda, - dedi fermer Muhiddin Rajabov.

"Zo‘rlik yo‘q"

Tuman hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nurbek Boboniyozov Ozodlik bilan suhbatda, fermerlar sholisi tortib olinayotgani haqidagi da’volarni inkor qildi:

- Yo‘q, noto‘g‘ri informatsiya bu. Menda bunaqa vakolat yo‘q. Fermerlar o‘zlari shartnoma asosida borib topshiryapti. Dokumenti yo‘q kombaynlarni militsiya o‘zi ko‘rib chiqyapti, dokumenti borlari yurib turibdi, - dedi hokim o‘rinbosari Nurbek Boboniyozov.

Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonovning Ozodlikka aytishicha, ba’zi fermerlar sholisini o‘rib olib, uyiga g‘amlab qo‘ygan, lekin shartnomani topshirishni o‘ylamayapti:

- Fermerlar bilan sholi haqida shartnoma qilingan. Birinchi ekin bo‘lsa gektaridan 15 sentner, takroriy ekin bo‘lsa 10 sentner topshirishlari kerak. Lekin, aksariyati sholini o‘rab uyiga g‘amlab qo‘ygan bo‘lsa-da, shartnomadagi sholini topshirmayapti. Uyiga kiritib olsa bo‘ldi, undan chiqarish qiyin keyin. Men, zo‘rlik bilan tortib olingani holatini bilmadim, lekin prokuror bilan bu masalani o‘rganamiz, - dedi hokim Hakimboy Otaxonov.

O‘zbekistonda fermerlarning rejadan orttirgan sholi, bug‘doy kabi mahsulotlarini zo‘rlik bilan tortib olish holatlari kuzatiladi.

O‘tgan yilning 1 dekabrida Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani Majburiy Ijro Byurosi (MIB) va militsiya xodimlari tumanning At-Termiziy mahallasida yashovchi fermer Ibrohim Xolnazarovning bir necha qop guruchini tortib olishga uringan edi.

Bundan uch yil avval Qoraqalpog‘istonning bir qator tumanlarida shartnoma asosida sholi yetishtirgan dehqonlarga hosilini daladan olib ketish taqiqlangan edi. Sholikorlarga ko‘ra, ular bilan shartnoma bog‘lagan fermerlarning davlatdan qarzi bo‘lganligi uchun yetishtirilgan hosil garovga olingan edi.

XS
SM
MD
LG