Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:33

Samarqandda maktab direktori bolta bilan chopib o‘ldirildi


Samarqand viloyati Urgut tumani 15-umumta’lim maktabining direktori 30 oktabr kuni bolta bilan chopib o‘ldirildi.

Mahalla rasmiylarining aytishicha, ham maktab direktori, ham fermer bo‘lgan Anvar Yunusovning yon qo‘shnisi yer masalasida u bilan janjallashib, qotillikka qo‘l urganlikda gumonlanmoqda.

Urgut tumani ichki ishlar bo‘limi mulozimi qotillikda gumonlangan shaxs qamoqqa olinganini bildirdi.

Urgut tumanining Beshyog‘och mahallasida joylashgan 15 – umumta’lim maktabining direktori 32 yashar Anvar Yunusovning 30 oktabr kuni kechqurun bolta bilan chopib o‘ldirilganini tuman ichki ishlar bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi tasdiqladi:

“Qotillikda gumonlanib uning qo‘shnisi qamoqqa olingan. Hozir surishtiruv ishlari olib borilyapti. Boshqa tafsilotlarni ochiqlay olmayman”, - dedi ichki ishlar mulozimi.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Javlon Zoitovning aytishicha, direktorning o‘limi uning kasbiy faoliyatiga bog‘liq emas:

“Direktor qo‘shnisi bilan yer masalasida janjallashib qolgan. Maktabdagi ishiga bog‘liq emas, bu hodisa”, - dedi Javlon Zoitov.

Beshyog‘och mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nosir Xoliqov Ozodlikka bo‘lib o‘tgan voqea haqida shunday dedi:

- Marhum direktor bilan qo‘shni yashagan 44 yashar Mirkomil Sherboevning uyini orqasida tut plantatsiyasi bor edi. U direktorlikdan tashqari fermerlik qiladigan Anvar Yunusovga pilla boqib, mehnati evaziga shu tut tagidagi 10-15 so‘tix joyga ekin ekib tirikchilik qilardi. Anvar bu yerdan boshqa foydalanmaysan, men bug‘doy ekaman degan ekan. Janjal ana shundan kelib chiqqan. 30 oktabr kuni kechqurun soat 9larda Mirkomilning katta o‘g‘li ukasi bilan borib, Anvarni uyidan chaqirib chiqqan, yana shu masalada janjal bo‘lgan. Janjal oqibatida aka-ukadan bittasi bolta bilan direktorni chopib tashlagan. Avval direktorni Mirkomilni o‘zi chopib tashlagan degan gap chiqdi, lekin ayni paytda uning kichik o‘g‘li bu ishda gumonlanmoqda ekan”, dedi Nosir Xoliqov.

Mahalla oqsoqolining aytishicha, Anvar Yunusovning uch nafar farzandi bo‘lgan, xotini to‘rtinchi bolaga homilador bo‘lgan.

O‘zbekistonda yer ustida talashib, jinoyat sodir etish holatlari ko‘p uchraydi.

Joriy yilning avgust oyida Samarqandda uy ustida talashib akasi va yangasini bolta bilan chopib o‘ldirgan 46 yoshli Baxtiyor Shukurov qotillik ro‘y berganidan besh oy o‘tib 22 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2018 yilning aprel oyida esa Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi Navbahor mahallasida istiqomat qilgan 56 yashar otani o‘z farzandi uy-joy talashib ketmon bilan chopib o‘ldirgan edi.

XS
SM
MD
LG