Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:52

Ota o‘g‘lining o‘zini osishida maktabni aybladi


Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani markazi Beshkent shahridagi 63-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi Mirafzal Abdurashidov 2 noyabr kuni uyi molxonasidagi to‘singa osilgan holda topildi. Mirafzalning otasi Jahongir Abdurashidov Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘lining maktabda izza qilingani ortidan o‘zini o‘ldirganini iddao qildi.

Abdurashidovga ko‘ra, o‘zini osishidan oldin o‘g‘li maktab direktori muovini va sinf rahbari bir oy oldin boshqa o‘quvchilar oldida izza qilgani, o‘quvchilarga yuziga tupurtirganini aytib bergan va bu voqea ortidan qattiq ruhiy tushkunlikda yashagan.

Ozodlik bilan suhbatda otaning bu iddaosini inkor qilgan Mirafzal o‘qigan maktab direktori¸ ayni paytda¸ uning sinf rahbari va o‘z muovini ishdan bo‘shash haqida ariza yozganini tasdiqladi.

O‘zini osgan 8-sinf o‘quvchisi Mirafzalning otasi Jahongir Abdurashidov 6 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘li maktabda doimiy kamsitilgani, izza qilingani sabab o‘zini osganini iddao qildi:

- Bir oy oldin maktabda sinf rahbari sinfdoshlariga buning yuziga tupurtirgan. Maktab direktori muovini ham o‘sha yerda bo‘lgan. Izza qilishlar davom etavergach¸ maktabga borgisi kelmay yurdi. O‘zini osganidan oldin ham ikki kun maktabga bormadi. Keyin shunaqa hodisa bo‘ldi, - dedi Jahongir Abdurashidov.

Ozodlik Mirafzal Abdurashidovning maktabda nima uchun izza qilinganini bevosita voqea guvohlaridan o‘rganishga hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

63-sonli maktab direktori Dilorom Tursunova Ozodlik bilan suhbatda 8-sinf o‘quvchisining izza qilingani haqidagi uning otasi iddaolarini rad qildi.

- O‘limidan oldin ikki kun maktabga kelgani yo‘q. Javob so‘raganda¸ ketgan. O‘sha kuni sinf rahbari uyiga telefon qilib so‘rasa, "mazasi yo‘q", deb aytishgan. Bular zamdirektor bilan sinf rahbari izza qilgan¸ deyishayapti. Hech qanaqa izza qilishmagan, - dedi Dilorom Tursunova.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha Mirafzal Abdurashidov o‘limi ortidan u o‘qigan 63-sonli maktab direktori muovini va sinf rahbari ishdan bo‘shatilgan.

Dilorom Tursunova ular o‘z arizasi bilan ishdan ketganini tasdiqladi.

- Ota-onasi janjal qilib kelganidan so‘ng zamdirektor ishdan ketish haqida ariza berdi. Sinf rahbari ham ariza berdi. Sinf rahbarligidan olindi, - dedi Dilorom Tursunova.

Qashqadaryodagi mas’ul idoralar vakillari oldiniga o‘quvchi o‘z joniga qasd qilganini rad etishga urindi.

Qarshi tumani hokimining Yoshlar siyosati bo‘yicha muovini maktab o‘quvchisining o‘limidan xabari borligi, lekin u o‘zini osmaganini aytdi.

- Xabarimiz bor. O‘lganini eshitdik, lekin bilishimcha¸ u o‘zi o‘lgan, jonga qasd qilish bo‘lmagan u yerda, yuragining mazasi bo‘lmagan ekan, - dedi Qarshi tumani hokimi muovini.

Qarshi tuman Xalq ta’limi bo‘limi rahbari esa Ozodlik savolini eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Ozodlik joriy yilda Yakkabog‘¸ Andijon¸ Toshkent va Samarqand shaxarlarida o‘quvchilarning o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar qilgan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

O‘tgan yil 16 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

2017 yil 13 iyun kuni esa O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritilib, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish va unga undash uchun jazo kuchaytirildi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish yoki unga po‘pisa, shafqatsiz munosabat yoki shaxsning sha’ni yoxud qadr-qimmatini tizimli ravishda kamsitish orqali tahdid qilish 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, mazkur harakatlarni voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet tarmog‘idan foydalanib sodir etilsa – yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG