Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:35

Andijonlik o‘qituvchilar "PK"ga, paxta terimga odam topishga va obunaga majburlanyapti


Andijon qurilish va transport kasb-hunar kolleji
Andijon qurilish va transport kasb-hunar kolleji

Andijon shahridagi qurilish va transport kasb-hunar kolleji o‘qituvchilari paxta terimi uchun o‘quvchilar ota-onalarini ko‘ndirish yoki “PK”(paxta qabul punktidan pulga paxta sotib olish) qilishga majburlanayotganidan Ozodlikka arz qildi.

O‘qituvchilarning aytishlaricha, har bir o‘qituvchi kamida ikki yuz ming so‘mga majburiy obuna qildirilmoqda.

Kollej rahbariyati o‘qituvchilar ota-onalarni paxta terimiga targ‘ib qilayotganini tasdiqladi, ammo "PK" va majburiy obunani inkor qildi.

Andijon shahridagi qurilish va transport kasb-hunar kolleji o‘qituvchilarining Ozodlikka yuborgan maktubida o‘qituvchilar majburiy mehnat va obunadan hali ham qutulmaganliklari haqida yozgan:

“Prezidentimiz va Bosh vazirimiz o‘qituvchilarga tegmanglar, o‘z ishidan tashqari boshqa ishlarga majburlamanglar, majburiy obuna qildirmanglar deb bir necha bor aytgan, ta’lim muassasalari hokimiyatdan ajratilgan bo‘lsa ham, Andijon shahrida biz hanuz hokimiyatning mardikori bo‘lib qolyapmiz. O‘zimiz paxtaga chiqmasak ham o‘quvchilarimiz oilasidan biror kishini paxtaga chiqarishimiz shart qilib qo‘yildi yoki “PK” deganini qilishimiz kerak ekan”, deb yozadi andijonlik o‘qituvchilar.

Ozodlik bilan suhbatlashgan, ismi sir qolishini so‘ragan Andijon shahridagi qurilish va transport kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi "PK" nima ekanligini bunday tushuntirdi:

“PK” bu paxta-kilo degani. Bizga paxta zavodga borib paxta topshirilgani haqida pechatli ma’lumotnoma olib kel deyishyapti. Paxta zavodda kilosiga 1000 so‘mdan berib ba’zi o‘qituvchilarimiz olib kelishdi. Direktorimiz yoki “PK” qil, yoki o‘quvchilaringning ota-onasi, qarindoshlaridan biror kishini bir kunga paxtaga chiqarib ber, degan talab qo‘ygan. Ishdan keyin uyma-uy yurib ota-onalarga hech bo‘lmasa bir kunga paxtaga chiqib beringlar, deb sarg‘ayib, iltimos qilib yuribmiz”, deydi o‘qituvchi.

Ma’lumot bergani uchun jazolanishdan cho‘chib, ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan boshqa o‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, ular topib bergan terimchilar maxsus joydan har kuni terimga olib ketilyapti:

“Har kuni ro‘yxat tuziladi. Masalan, mening gruppamdagi falonchini otasi yoki biror qarindoshi yoziladi va ertalab soat 7 da kollejga keladi. Keyin kollej ma’muriyati ularni Andijon olimpiya zaxiralari stadioni oldidagi mavzega olib borishadi. U yerdan avtobuslarda dalaga olib ketishadi. Andijon shahri bo‘yicha bog‘cha, maktab va kollejlar topib bergan terimchilar o‘sha yerga yig‘iladi. Ertalab kelsangiz, ko‘rishingiz mumkin”, deydi o‘qituvchi.

Uning aytishicha, bu ham yetmagandek kollejda o‘qituvchilar majburiy obuna qildirilyapti:

“Bundan keyin majburiy obuna bo‘lmaydi, o‘qituvchilar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kerakli gazetaga ixtiyoriy obuna bo‘ladi, deyishgandi. Lekin bu ham quruq gap bo‘lib qoldi. Xuddi o‘tgan yilgidek, har bir o‘qituvchi biror kishiga 200 ming so‘mdan o‘tkazib beringlar, u borib to‘lab keladi, degan majburiyat qo‘ygan. Hatto biz qaysi nashrga obuna bo‘lganimizni ham bilmaymiz ekan. Qo‘lga oladigan maoshimiz o‘zi 700-800 ming so‘m, betayin obuna uchun 200 mingini berish bizga og‘irlik qiladi”, deydi o‘qituvchi.

Andijon shahridagi qurilish va transport kasb-hunar kolleji direktori Mohinur Qosimova o‘qituvchilarning shikoyatlarini Ozodlikdan birma-bir eshitgandan so‘ng, hech qanday munosabat bildirmay, telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Aynura Qurbonova esa, Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarning “PK”ga va obunaga majburlanayotganini inkor qildi, lekin o‘quvchilar ota-onalarini paxtaga chiqishga targ‘ib qilinayotganini tasdiqladi:

- Hech kimni majburiy obuna qildirayotganimiz yo‘q. Lekin, obuna masalasi o‘qituvchilar uchun borligini aytganmiz. O‘qituvchilarga “PK” topshirig‘i yo‘q. Faqat o‘qituvchilarga ota-onalarni targ‘ib qilinglar, bir kunga chiqib paxta terishsin, deb aytgan gapimiz bor, dedi Aynura Qurbonova.

O‘zbekiston bo‘ylab majburiy mehnat¸ xususan¸ ta’lim tizimi xodimlarining paxta terimiga jalb etilishi bilan bog‘liq holatlarga qarshi rasmiy tashviqot kampaniyasi borayotgan bir paytning o‘zida o‘qituvchilarning turli xil ishlarga majburan jalb qilinayotgani haqida Ozodlikka kelayotgan xabarlar oqimi to‘xtagani yo‘q.

Andijon shahri va tumanlaridagi yuzlab o‘qituvchi ko‘zdan panada choyshab va ko‘rpa jildi tikishga majburlanayotgani haqida Ozodlik 2 noyabr kuni xabar bergan edi.

Jizzax viloyat, Do‘stlik tumanidagi maktablar o‘qituvchilarning bir guruhi 24-25 oktabr kunlari majburan paxta terimiga chiqarilgan edi.

Mehnat vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, 10 sentabrdan buyon Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi majburiy mehnatga jalb qilish bo‘yicha aholidan 819 ta murojaatni qabul qilgan.

Ulardan 77 tasi bo‘yicha mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilgan.

XS
SM
MD
LG