Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:35

Kattaqo‘rg‘onda yosh er-xotin is gazidan halok bo‘ldi


Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumani Kattako‘rpa mahallasida ikki farzandning ota-onasi bo‘lgan er-xotin is gazidan zaharlanib, halok bo‘ldi. Ularning 5 va 7 yoshli farzandlari buvisinikida bo‘lgani sabab omon qolgan. Tuman Ichki ishlar bo‘limi fojia yuzasidan surishtiruv olib bormoqda.

Marhum er-xotinning qarindoshlaridan biri Ozodlikka 7 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdi.

- Hozir kunlar sovidi. Qishloqda otopleniya yo‘q. Odamlar gaz ballon bilan yoki ko‘mir yoqib uyini isitadi. Er-xotin gazda ishlovchi gorelkani yoqib uxlashgan, qaytib turishmagan. Ikki o‘g‘li yetim qoldi, - deydi marhum er-xotinning ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan qarindoshi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi bo‘limi mutaxassisi Ozodlikka gazda ishlovchi suv isitish uskunasiga mo‘ri o‘rnatilmaganligi hamda uyda havo almashish tuynugi bo‘lmaganligi oqibatida, tabiiy gaz chala yonishi va is gazi hosil bo‘lishi yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

- Biz bu hodisani o‘rganyapmiz. Dastlabki xulosa isitish anjomlaridan noto‘g‘ri foydalanish. Hozir biz aholiga isitish uskunalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilishni qattiq tavsiya qilyapmiz, ozgina xato inson umriga nuqta qo‘yishi mumkin, - deydi FVV mutaxassisi.

Lekin sovuqdan jon saqlash umididagi odamlar bu kabi ogohlantirishlarga quloq solmayapti.

Gaz ta’minotidan uzilgan yoki gaz bormayotgan qishloqlarda odamlar o‘z bilganicha uyni isitish yo‘llarini ko‘ra boshlagan.

O‘zbekistonda istish mavsumi kirishi bilan is gazidan zaharlanish ko‘p bo‘ladi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, shu hafta boshida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida bir ayol is gazidan zaharlanib vafot etgan.

"Pensioner kampir ikki nafar voyaga yetmagan nabiralari bilan birga uxlab yotganida uyi oshxonasiga o‘rnatilgan gaz yordamida isitiladigan suv isitish moslamasidan (AGV) sizib chiqqan is gazidan zaharlangan. Is gazi xonadan mo‘ri chiqarilmaganligi sababli uy ichiga to‘plangan va natijada kampir zaxarlanib voqea joyida vafot etgan, nabiralari esa kasalxonaga yotqizilgan", - deyiladi IIV bildiruvida.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktabr kuni Toshkentning Chilonzor tumanida bir kechada bir oilaning to‘rt farzandi is gazidan o‘tkir zaharlanib vafot etgandi.

Voqeadan so‘ng hukumat maxsus komissiyasi tuzildi.

Ayni paytda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi kirib kelayotgan isitish mavsumida gaz va boshqa muqobil yoqilg‘i anjomlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga amal qilishni, qo‘lbola va sertifikatlanmagan isitish anjomlaridan foydalanmaslikni talab qilmoqda.

"Is gazidan zaharlanishdan o‘zingiz va yaqinlaringizni asrang", - deydi Ozodlik suhbatlashgan FVV mutaxassisi.

XS
SM
MD
LG