Bishkeklik huquq faoli Nurbek To‘qtaqunov amaldagi prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov prezident saylovida qonunda belgilanganidan ko‘p mablag‘ xarjlaganini va buni yashirganini iddao qildi.
To‘qtaqunov Feysbukdagi sahifasida e’lon qilingan xarajatlar ro‘yxatini amaldagi prezidentning saylov shtabida ishlagan va “Jeenbekovdan ham, Atambaevdan ham ko‘ngli qolgan” odam taqdim etganini yozdi.
-Bu hujjatning haqiqiy ekanini tekshirib ko‘rish qiyin emas. Ro‘yxatda odamlarning ismlari, geografik nomlar, olingan pullar nimalarga ishlatilganini ko‘riboq, hujjat haqiqatga yaqin degan tasavvur paydo bo‘ladi. Saylov shtabi tomonidan belgilanganidan ko‘p xarajat ishlatilgan. Bu esa prezidentlik saylovi o‘g‘irlanganini anglatadi,-dedi Nurbek To‘qtaqunov.
Ayni paytda korrupsiyada ayblanib qamoqda yotgan sobiq bosh vazir Sapar Isaqovning advokati bo‘lgan Nurbek To‘qtaqunov ro‘yxatni himoyasi ostidagi odamdan yoki uning yaqinlaridan olmaganini ham qo‘shimcha qildi.
Faolning iddao qilishicha, So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning saylov shtabi Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilgani kabi 158 million 96 ming 175 so‘m emas, balki 1 milliard 170 million 265 ming 187 qirg‘iz so‘mi hamda 6 million 855 ming 700 AQSh dollar, jami bo‘lib taqriban 17 million dollar pul sarflagan.
Nurbek To‘qtaqunov fikricha, bu holat prezidentga impichment e’lon qilish uchun asos bo‘la oladi. Shuning uchun ham u huquq organlaridan bu hujjatlarni tekshirishni talab qilmoqda.
Biroq prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov va uning saylov shtabini boshqargan Farid Niyozov bu ma’lumot yuzasidan munosabat bildirmadi. Prezident matbuot kotibi Tolgonay Stamalieva esa ma’lumotni feyk deb atadi.
-Yolg‘on ma’lumot ekani ko‘rinib turibdi. Hech qanday muhr va imzolar yo‘q. Feyk ma’lumotga izoh bermaymiz,- dedi Tolganay Stamalieva.
Amaldagi prezident mansub bo‘lgan Sotsial demokratlar partiyasi esa e’lon qilingan ma’lumotni partiya kotibiyati o‘rganayotganini va yaqin kunlarda partiya pozitsiyasi e’lon qilinishini aytdi.
Siyosatchi Ravshan Jeenbekov ijtimoiy tarmoqda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘layotgan bu ma’lumotlar yuzasidan prezident shaxsan o‘zi jamoatchilikka tushuntirish berishi lozim, deb hisoblaydi:
-Kuchli muxolifat mavjud davlatda bu kabi ma’lumotlar ortidan hukumat iste’foga chiqarilishi mumkin edi. Biroq Qirg‘izistonning hozirgi sharoitida bu ma’lumot bugun bo‘lmasa ham ertaga hukumatning qattiq bosh og‘rig‘iga aylanadi.Chunki hokimiyatning legitimligi masalasi kun tartibiga chiqadi,-dedi siyosatchi.
Siyosatshunos Emil Jo‘raev esa bu voqeani amaldagi va sobiq prezident o‘rtasida yuzaga kelayotgan kompromatlar urushining boshlanishi deb sharhladi.
Jeenbekov hokimiyat tepasiga kelganidan keyin, Atambaevning yaqin maslakdoshlari bo‘lgan sobiq bosh vazirlar Sapar Isaqov hamda Jantoro Satibaldiev korrupsiyada ayblanib qamoqqa olindi, Atambaevga yaqin bo‘lgan boshqa bir necha rasmiy ishdan olindi.
Shundan so‘ng So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bilan o‘tgan yili prezidentlikni topshirgan Almazbek Atambaev o‘rtasidagi munosabatlar sovub ketgani aytiladi. O‘z vaqtida Atambaev Jeenbekovni prezidentlikka munosib nomzod deya ko‘rsatgan edi.