Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:49

Jizzaxda 14 yashar o‘quvchi qiz g‘ayritabiiy homilador bo‘ldi


Illyustratsiya
Illyustratsiya

Jizzax viloyat, Forish tumanidagi maktablardan birining 7-sinf o‘quvchisi g‘ayritabiiy tarzda homilador bo‘lib qoldi. Ozodlikka 22 noyabr kuni kelgan bu xabarni tasdiqlagan Forish tuman ichki ishlar bo‘limi tergov guruhiga vakiliga ko‘ra, voyaga yetmagan qizni homilador qilib qo‘yishda uning 24 yashar qo‘shnisi gumonlanmoqda.

Qo‘shni yigitga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish​) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Homilador o‘quvchi ekspertizadan o‘tkazilganda uning qizlik pardasi butun ekanligi aniqlangan.

Mahalliy deputatning aytishicha, tuman xotin- qizlar qo‘mitasi o‘quvchi qizning keyingi taqdiri haqida qayg‘urmoqda.

Forish tumanidagi qishloqlardan (qizning ism-sharifi, qishlog‘i, o‘qigan maktabi Ozodlikka ma’lum – tahr.) birida yashaydigan 14 yashar qiz homilador bo‘lib qolgani yuzasidan Jizzax viloyat IIB va tuman ichki ishlar bo‘limi tergovchilari surishtiruv olib bormoqda.

Forish tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimining Ozodlikka aytishicha, qizni homilador qilganlikda uning 24 yashar qo‘shnisi gumonlanmoqda:

“Hozir surishtiruv ishlari olib borilyapti. Qizbola g‘ayrioddiy tarzda, ya’ni qizlik pardasi yirtilmagan holda homilador bo‘lib qolgan. Buni ekspertiza tasdiqladi. Bunaqa holatlar bo‘lib turadi. Lekin, qiz boshqa gapni aytib turibdi, hozircha zo‘rlagan deb turibdi. Buni tekshiramiz, albatta. Bu yerda deyarli bir yillik holatni o‘rganish kerak. Chunki qizning homilasi hozir 8 oylik bo‘lgan. Tergov-surishtiruv ishlari davom etyapti. Psixologik ekspertiza tayinlangan. Bu holat bilan viloyat va tuman tergovchilaridan tarkib topgan tergov guruhi shug‘ullanmoqda”, dedi mulozim.

Mulozimning qo‘shimcha qilishicha, o‘quvchining qizlik pardasi buzilmay turib qanday homilador bo‘lib qolgani holati ham mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.

Forish tumanidan Jizzax viloyat xalq deputatlari kengashiga saylangan Bozorgul To‘raevaning Ozodlikka aytishicha, u tuman xotin- qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda o‘quvchi qizning keyingi taqdiri haqida qayg‘urmoqda:

- Biz o‘zimiz ham surishtiruv o‘tkazdik. Qizni kasalxonaga olib kelib o‘zi va homilasi sog‘lig‘ini tekshirtirdik. Sog‘lig‘i yaxshi. Otasi va o‘gay onasi bilan birga yashaydi. Qo‘shni yigitning ota-onasi bilan gaplashdik. Bola eson-omon tug‘ilib olgandan keyin, unga otalik maqomi berilishiga, voyaga yetgandan keyin uylanishiga kelishdik. Nima bo‘lganda ham qizning hayotida bu og‘ir jarohat qoldirmaslikka, hammasi yaxshilik bilan tugashiga harakat qilyapmiz, - dedi Bozorgul To‘raeva.

Ozodlikning Forish tuman ichki ishlar bo‘limidan olgan ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi yigit 15 noyabr kuni ushlab kelingan, lekin tuman hududidan chiqmaslik sharti bilan garov evaziga 22 noyabr kuni ozod qilingan.

Ozodlik O‘zbekistondagi maktab va kollej o‘quvchilariga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklar bo‘lgani haqida ilgari ham xabar bergan.

Joriy yilning 23 oktabrida Farg‘ona viloyat huquq-tartibot idoralari ​Qo‘qon shahridagi Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida o‘quvchi qizlar jinsiy zo‘rlangani yuzasidan tergov boshladi.

4 oktabr kuni Surxondaryoning Termiz shahrida 17 yoshli kollej o‘quvchisi homilador ekani aniqlangach, uyining molxonasida osilgan holda topilgan edi.

Sentabr oyida Xorazmda voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilganlikda gumonlanayotgan 43 yoshli erkakka nisbatan jinoiy ish ochilgan edi.

Iyul oyida esa, Namangan viloyat, Chortoq tumanidagi maktablardan birining 7-sinfni tugatgan o‘quvchisi farzand ko‘rgani ortidan, tumandagi barcha maktablarning ta’tilda bo‘lgan o‘qituvchilari ishga chaqirib olindi.

XS
SM
MD
LG