Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:56

Fermerlarni urgan IIB sobiq boshlig‘i 2 yil tunda uyida bo‘ladi, kafe-barga borolmaydi


23 noyabr kuni Samarqand viloyati Urgut tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani IIB sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabovga ikki yil ozodlikni cheklash va uch yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish haqida hukm chiqardi.

Urgut tumani jinoyat ishlari sudining sayyor majlisi Qarshi tumani Jinoyat ishlari sudi binosida bo‘lib o‘tdi.

Jahongir Rajabov bug‘doy rejasini bajarolmayotgan fermerlarni bir safga qo‘yib, ayovsiz kaltaklab kelganligi haqida Ozodlik joriy yilning 27 iyunida xabar bergan edi.

Bu xabardan so‘ng O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati shu yilning 9 iyulida Qarshi tuman Ichki ishlar bo‘limining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar qilgandi.​

Jabrlanuvchilarning ba’zisi sud hukmidan rozi emasligi haqida Ozodlikka aytdi.

Ozodlik qo‘lga kiritgan sud hukmida aytilishicha, “Rajabov Jahongir G‘apporovich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 206-moddasi birinchi qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilsin. Rajabov Jahongirga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 206-moddasi birinchi qismi bilan Jinoyat Kodeksining 45-moddasiga tadbiq etilib, uch yil muddatga korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda va ichki ishlar organlari tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlansin”.

Sud hukmiga ko‘ra, Jahongir Rajabov ozodlikni cheklash jazo muddatini ikki yil mobaynida o‘z yashash joyi, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Qoratepa qishloq fuqarolar yig‘ini Mang‘it qishlog‘idagi raqamsiz uyda soat 22.00 dan 06.00ga qadar o‘taydi.

Bundan tashqari, sobiq IIB boshlig‘iga hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng hukmni ijrosini nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz o‘zgartirmaslik, muayyan joylar, kafe va barlarga bormaslik, spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslik, Qashqadaryo viloyati hududidan tashqariga chiqmaslikdan iborat cheklovlar ham yuklatilgan.

Sudda jabrlanuvchi sifatida qatnashgan fermer Nafisa Qurbonovaning Ozodlikka aytishicha, prokuror Jahongir Rajabovga 5 yillik qamoq jazosi so‘ragan edi, lekin sud unga yengil jazo tayinlagan:

- Meni profilaktika inspektori Ruhiddin Abdullaev urganidan so‘ng, Jahongir Rajabov ham urib, milisaxonaga qamab qo‘ygan edi. O‘shanda sog‘lig‘imni yo‘qotib, kasalxonaga tushdim. O‘timni operatsiya qilib olib tashlash jarayonida “Gepatit B” yuqtirdim. Bu boshliqning dastidan rosa azob chekdim. Lekin sud, meni urgan inspektorni jazolamadi, Jahongir Rajabovga esa juda yengil jazo berdi. Prokuror uni besh yilga qamash kerak deb, to‘g‘ri talab qilgan edi”, deydi Nafisa Kenjaeva.

Fermer sud hukmidan norozi bo‘lib viloyat sudi va Oliy sudga shikoyat yozishini aytadi:

- Shuni orqasidan yarim jon bo‘lib qoldim. Birgina dorining o‘ziga sakkiz yarim million so‘m sarfladim. Men Jahongir Rajabovdan moddiy va ma’naviy zararni undirib olish uchun endi fuqarolik sudiga shikoyat qilaman. Sud hukmidan ham norozi bo‘lib, yuqori sudlarga kassatsiya yozaman, deydi fermer Nafisa Kenjaeva.

Jahongir Rajabov tomonidan kaltaklangani sudda isbotini topgan fermer Rahmatullo Xo‘jamurodov esa sud hukmidan xursand ekanligini aytadi:

- Men sudyaga “menga ma’naviy zarar uchun tovon kerak emas, uning iflos puliga zor emasman, o‘zim ishlab topaman”, dedim. Fermerlar adolat qaror topganidan, jinoyat jazosiz qolmaganidan xursand bo‘lib yurishibdi, deydi Rahmatullo Xo‘jamurodov.

Fuqarolarga zo‘ravonlik qilgan IIB boshliqlari va zobitlarining jazo olgani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi 21 noyabr kuni o‘g‘rilikda gumonlangan ayolni qip-yalang‘och qilib echinishga majbur qilgan Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limining sobiq tezkor xodimi San’at Umarovni 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.

Oktabr oyi oxirida Samarqand viloyati Urgut tumanining tog‘li G‘o‘s qishlog‘idagi novvoyni urib tepkilagan militsiya leytenanti ishdan olindi va unga nisbatan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 19 iyul kuni xabar berishicha¸ Jizzax viloyat, Yangiobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sulaymonov ustidan O‘zbekiston JKning 206-moddasi(Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

7 iyul kuni hokimlik tomonidan g‘alla o‘rimidagi kombaynga biriktirilgan dehqon bozori pattachisi Sardor Qurbonboevning burnini urib sindirgani haqida Ozodlik 18 iyul kuni xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG