Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:04

Namanganda 4 YHX inspektori haydovchini quvib borib, urib o‘ldirgani iddao qilinmoqda


Bahrom Asadullaev
Bahrom Asadullaev

Namangan viloyatining Pop tumanidagi G‘urumsaroy qishlog‘ida yashagan 53 yashar Bahrom Asadullaevning yaqinlari uni Namangan tumani YHXB inspektorlari urib o‘ldirganini iddao qilmoqda.

Marhum yaqinlarining aytishicha, Bahrom Asadullaev 27 noyabr kuni kechqurun inspektorning to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmay qochib ketganligi uchun, inspektorlar uni quvib ushlab, to o‘lguncha kaltaklashgan va so‘ngra kasalxonaga olib borishgan.

Kasalxonada o‘tkazilgan birinchi tibbiy ekspertiza marhumning yurak xurujidan o‘lganligi haqida xulosa chiqargan.

Ammo, ertasi kuni mayyitning badanida turli jarohatlarni ko‘rgan yaqin qarindoshlar takroriy ekspertiza o‘tkazishni talab qilgan va ekspertiza o‘tkazilgan.

Tuman YHXB boshlig‘i o‘z xodimlari harakatlari ustidan prokuratura xizmat tekshiruvi o‘tkazayotganini aytdi.

Pop tumanining G‘urumsaroy qishlog‘ida yashaydigan Jamoliddin Asadullaevning iddao qilishicha, uning MTP (Mashina-traktor parki) rahbari bo‘lib ish boshlaganiga o‘n besh kun bo‘lgan 53 yashar akasi Bahrom Asadullaev 27 noyabr kuni kechqurun YHXBning to‘rt nafar inspektori tomonidan kaltaklangan paytda joni uzilgan:

- Akam o‘zining DAMAS avtomobilida kechki soat 6 larda tuman hokimligida o‘tkaziladigan majlisga ketayotgan paytda G‘urumsaroy markazida yo‘l harakati xavfsizligi inspektori tomonidan to‘xtatilgan. Nima sababdandir, bilmadim, akam to‘xtamagan. Lekin ichmagan bo‘lgan. Voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan guvohlarning aytishicha, inspektorlar MATIZ avtomashinasida uni quvib ushlagan va urib, tepib ichki ishlar bo‘limiga olib ketishgan. Yo‘lda biror joydami yoki mashinani ichidami, bunisini biz hali aniq bilmaymiz, akamni shunchalik urganki, hali Popga yetmay turib akamning joni uzilgan. Ko‘krak qismida, oyoq-qo‘llarida, og‘zining chetida jarohat izlari borligini ertasi kuni ko‘rdim. Keyin tez yordamga olib borishganda, duxtur akamni 15 minut oldin vafot etganini aytgan, - dedi Jamoliddin Asadullaev.

Marhum Bahrom Asadullaev badanidagi jarohat
Marhum Bahrom Asadullaev badanidagi jarohat

Uning aytishicha, o‘sha kuni kechasi Bahrom Asadullaevning jasadi morgga topshirilgan va so‘ngra ekspertiza qilingan.

Bahrom Asadullaevning qaynog‘asi G‘ulomjon Mamajonovning aytishicha, birinchi ekspertiza uning yurak xurujidan o‘lganligi haqida xulosa bergan:

- O‘sha kuni soat kechasi ikkilarda prokuratura xodimlari ishtirokida ekspertiza qilishdi, bizlarni kirgizmadi. Keyin chiqishib, yuragi ushlab qolgan ekan, deyishdi. Biz “qanday uning yuragi ushlab qoladi, u soppa-sog‘ yigitku?!” dedik. Lekin bizning arzimizga hech kim quloq solmadi. Keyin moshinasiga chiqib qarasak ichi to‘zib yotibdi, chang, tuproq. Ko‘ylagi, shimlari yirtilib ketgan ekan. Mayitni uyga olib keldik, 28 noyabr kuni soat 12ga janoza tayinladik.

G‘ulomjon Mamajonovning aytishicha, janoza kuni mayyitni suvga olayotganda uning badanida jarohat izlari borligini ko‘rishgan:

- Ta’ziyaga viloyat prokuraturasida ishlaydigan bir kishi ham kelgan edi. Biz unga Bahromning badanidagi jarohatlarni ko‘rsatib, uni urib o‘ldirishganini aytdik. Keyin u janozani bir-ikki soatga qoldirib turishni va ekspertlarni chaqirishini aytdi. Pop tumanidan yana bir guruh ekspertlar kelib, Bahromning badanidagi jarohatlarni qaytadan ekspertiza qilishdi. Keyin mayyitni qabrga qo‘ydik.

Ikkinchi ekspertizaning natijalari hozircha noma’lum.

Bahrom Asadullavening G‘urumsaroy hududi MTPga rahbar bo‘lganiga 15 kun bo‘lgan edi
Bahrom Asadullavening G‘urumsaroy hududi MTPga rahbar bo‘lganiga 15 kun bo‘lgan edi

Marhumning xotini Muhabbat Asadullaevaning aytishicha, uning eri sog‘lom va baquvvat erkak bo‘lgan:

- Ular baquvvat odam edilar, hech ham yuragim yoki boshqa joyim og‘riyapti demaganlar, biror marta kasalxonada yotmaganlar. Ichishni tashlagan edilar, ichmasdilar. O‘sha kuni majlisga boraman deb chiqib ketgan ekanlar, men ishda edim.

27 noyabr kuni G‘urumsaroy qishlog‘ida faoliyat olib borgan YHXB to‘rt nafar inspektorining nomi Ozodlikka ma’lum. Lekin tergov siri bo‘lganligi uchun oshkor etilmaydi.

Pop tumani YHXB boshlig‘i Alijon Valijonovning Ozodlikka aytishicha, bu xodimlar ustidan xizmat tekshiruvi boshlangan:

- Hamma voqeadan xabarim bor. Hozir tuman prokuraturasi xizmat tekshiruvi olib bormoqda. Hozircha ekspertizaning natijalari chiqqani yo‘q. Ekspertiza xulosasi chiqqandan keyin bu haqda biror narsa aytish mumkin.

O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar uchrab turadi.

Andijon shahridan 27 noyabr kuni Ozodlikka yuborilgan videoda yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlarining mast holda avtomobil boshqarganlikda gumonlangan haydovchi bilan bo‘lgan holat qonunga zid ravishda hujjatlashtirilayotgani aks etgan edi.

XS
SM
MD
LG