Qirg‘iziston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari, eks-prezident Almazbek Atambaevning ishonchli odamlaridan biri sifatida tilga olinadigan Duyshenbek Zilaliev “noqonuniy boylik orttirish”da ayblanib qamoqqa olindi.
Sud hukmi bilan 10 dekabrda Zilaliev tergov yakunlanguniga qadar ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanadigan bo‘ldi.
-Biz aniqlagan ma’lumotlarga qaraganda, u 2011 yildan 2017 yilgacha muhim davlat xizmatlarida mas’ul lavozimlarda ishlash jarayonida soliq deklaratsiyasiga 2 million 541 ming 527 so‘m daromad topganini yozgan. Ayni paytda uning xotini topgan daromad 408 ming so‘m bo‘lgan. Tergov natijasida uning daromadi mavjud boyligidan ko‘p ekani aniqlandi. Masalan, u tijorat banklaridan birida 889 ming dollar puli borligini soliq deklaratsiyasida ko‘rsatmagan. Shuningdek, daromadini yashirish maqsadida u qator ko‘chmas mulklarni qarindoshlarining nomiga xatlatgani ham aniqlandi,-dedi milliy xavfsizlik qo‘mitasi rasmiy vakili Raxat Sulaymanov.
Duyshenbek Zilaliev Bishkek shahar Birinchi may tuman sudidan xavfsizlik xizmati xodimlari hamrohligida chiqar ekan jurnalistlarning “Siz rostdan ham boyligingizni yashirgansizmi?” degan savoliga: “Yo‘q, men bu hukmga rozi emasman”, deb javob berdi.
Zilalievdan bir necha oy oldin sobiq prezident Almazbek Atambaevning ishonchli odamlari qatorida tilga olinadigan sobiq bosh vazirlar Janto‘ro‘ Satibaldiev, Sapar Isaqov, Bishkekning amalda bo‘lgan meri Albek Ibraimov, poytaxtning sobiq meri Qubanichbek Kulmatov, deputat O‘smo‘nbek Artiqbaev korrupsiyaga aralashganlikda ayblanib qo‘lga olingan edi.
Buning ortidan sobiq va amaldagi prezident o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib, 20 noyabr kuni uzil-kesil buzilgan edi. O‘shanda Atambaev Jeenbekovga qarshi muxolifatga o‘tishini aytgandi.
Biroq Zilalievning qamoqqa olinishi ortidan Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambaev 10 dekabrda «Aprel» telekanaliga bergan intervyusida amaldagi prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bilan yarashishga harakat qilayotgani haqida bayonot berdi.
Atambaevning aytishicha, sobiq va amaldagi prezident o‘rtasidagi ziddiyat «hech kimga kerak emas».
«Yoshim katta bo‘lishiga qaramay, men yil boshidan beri ko‘plab odamlarni yarashish uchun o‘rtaga qo‘ydim. Biroq (prezident) So‘o‘ro‘nbay, Asilbek va Jusupjan Jeenbekov (prezidentning aka-ukalari) buni Atambaev qo‘rqib qoldi, deb tushunibdilar», dedi Atambaev.
Sobiq prezident «hech kimga kerak bo‘lmagan bu konflikt yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin», deb aytdi.