Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:14

Kabobxonada kaltaklangan kassir qiz: O‘zimni bezorilikda ayblashdi


Samarqandlik Shohsanam Tursunova (Maqoladagi suratlar Shohsanam Tursunova tomonidan Ozodlikka taqdim qilingan)
Samarqandlik Shohsanam Tursunova (Maqoladagi suratlar Shohsanam Tursunova tomonidan Ozodlikka taqdim qilingan)

Samarqanddagi “Nayman” kabobxonasi kassiri Shohsanam Tursunova mijozlar tomonidan kaltaklangani yuzasidan sudga murojaat qilib, yutqazdi. Shohsanamning OzodMikrofonga aytishicha, sud uning o‘zini mijozlarni haqorat qilganlikda aybdor deb topgan.

​Tarmoqlarda tarqalgan bir guruh ayol va erkaklar o‘rtasidagi mushtlashuv aks etgan videoda to‘ladan kelgan erkak bir qizning yuziga ikki qo‘li bilan shapaloq tushirgani ortidan to‘polon boshlanganini ko‘rish mumkin. Video davomida kaltak yegan qiz boshqa bir erkakning yuziga bir musht tushirgani va erkak ham qizni urgani aks etgan.

Videodan olingan skrinshot
Videodan olingan skrinshot

Samarqand shahrida yashovchi 26 yashar Shohsanam Tursunovaning Ozodlikka aytishicha, videodagi ayol udir.

Tursunovaga ko‘ra, voqea joriy yilning 5 avgust kuni kechki soat 11larga yaqin Pastdarg‘om tumani “Mirzatup” mahallasidagi u kassir bo‘lib ishlaydigan “Nayman” kabobxonasida sodir bo‘lgan.

Shohsanam iddaosiga ko‘ra, “Mirzatup” mahallasida yashovchi 4 erkak mast holda kabobxonaga ovqatlangani kelib, janjal qilgani sabab mushtlashuv kelib chiqqan.

- Ofitsant qizlarimizga qo‘pol gapirishdi. Ular pivo so‘rashdi. “Pivo yo‘q, aka”, deb aytsak, “Siyib siydigingni olib kel”, deb, qizlarning nafsoniyatiga tegishdi,- deydi Shohsanam Tursunova 19 dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Shohsanamning aytishicha, janjal 4 mijoz olgan ovqati uchun hisob-kitob qilish payti avjiga chiqqan.

- Meni juda yomon gaplar bilan haqorat qildi. Menga qo‘pol gapirdi. “Men seni bir narsa qilib, qo‘yaman”, deb so‘kinib gapirdi. Men “bu yerda sen o‘ylagan qizlar ishlamaydi. Bu gapingni onangga, qizingga, singlingga aytasan” dedim. Men urishini kutmadim. Shu joyda u yuzimga shunaqangi urdi, men yomon bo‘ldim. Keyin “Nima haqqing bor, meni urishga” deb yoniga bordim. Sherigi qo‘limdan ushlab tortdi, u meni yana bir marta urdi. Men u bolaga “Meni ushlagancha, sherigingni ushlasang bo‘lmaydimi” deb, uning yuziga bir shapoloq urgan joyimda, meni bir musht urdi. Qoshim yirtilib ketdi, basharam qon bo‘lib ketdi. Keyin ular chiqib, qochib ketdi, - deydi Shohsanam Tursunova.

Ozodlik OzodMikrofon formatidan chiqib, kabobxonadagi janjalda qatnashgan erkaklar bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdi, ammo bog‘lana olmadi. Ozodlikda ularning ismi sharifi, manziliga oid ma’lumotlar mavjud.

Pastdarg‘om tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Nayman” kabobxonasidagi janjal bo‘yicha, ma’muriy va jinoiy ko‘rinishdagi ikkita ish ochilgan.

Militsiya bo‘limi xodimi ish sudga oshirilganini aytish bilan cheklandi.

Shohsanam Tursunovaga ko‘ra, uni birinchi urgan to‘ladan kelgan erkakka nisbatan ma’muriy ish ochilgan, uni ikkinchi urgan erkakka esa jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

22 noyabr kuni Pastdarg‘om tuman jinoiy ishlar sudi “Nayman” kabobxonasidagi janjallashish voqeasi bo‘yicha ochilgan ishni ko‘rib chiqdi.

Tursunovaga ko‘ra, sud uni kabobxonaga kelgan mijozni haqorat qilganlikda aybdor deb topgan.

- Meni jinoyatchiga chiqarib, 8 oy davomida eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida shtraf to‘laydi dedi. Meni bir musht urgan yigitga esa 1 yilu 2 oy davomida eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida shtraf tariqasida to‘laydi dedi. Men sud hukmiga noroziman. Men 23 noyabr kuni apellyatsiya arizasi yozdim, deydi Shohsanam Tursunova.

Shuningdek, Shohsanam uni tergov qilgan Pastdarg‘om tuman Ichki ishlar bo‘limi tergovchisi ustidan viloyat prokuraturasiga shikoyat arizasi ham topshirganini aytdi.

- Tergovchidan norozi bo‘lganim sababi, u menga juda qo‘pol munosabatda bo‘ldi. “Sen jinoyatchisan, sen ayblanuvchisan, sen uni haqorat qilmaganingda, u seni urmasdi. U jabrlanuvchi, sen jinoyatchisan, dedi menga. Shuning uchun ustidan shikoyat qildim, deydi Tursunova.

Shohsanamning aytishicha, kabobxonadagi janjal bo‘yicha ochilgan ma’muriy ish qayta tergovga jo‘natilgan.

* * * * * * * * * * * * * * * * *

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG