Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:32

Sirdaryoda 9 fermer o‘zlashtirgan 448 gektar yer tortib olinib 1 kishiga berildi


Fermerning o‘z kuchi bilan qurgan nasosi
Fermerning o‘z kuchi bilan qurgan nasosi

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan to‘qqiz nafar fermer, ular tashlandiq joyda o‘zlashtirgan yer hokimning buyrug‘iga asosan noqonuniy olib qo‘yilib, boshqa viloyatdan kelgan bir tadbirkorga berib yuborilganidan shikoyat qildi.

Fermerlarning aytishicha, ular suv chiqmaydigan bu tashlandiq yerni davlatdan bir so‘m ham yordam olmay, o‘z kuchlari bilan o‘zlashtirgan, avtomobil va chorvasini sotib nasos o‘rnatgan, suv chiqargan.

Tuman hokimi Ozodlik savollariga javoban fermerlar yerlari davlatga zarar yetkazgani va qarzni qoplay olmagani uchun olib qo‘yilganini iddao qildi.

Ozodlik bilan 21 dekabr kuni suhbatlashgan sayxunobodlik fermerlar ularning yerlari noqonuniy olib qo‘yilganini aytdi.

“Robot Elshod Durdonasi” fermer xo‘jaligi rahbari Yarmon Turdievning aytishicha, tashlandiq yerni u 2014 yilda olganidan so‘ng, faqat birinchi yil bug‘doy rejasini bajara olmagan:

- Men olganda bu joy sho‘ra, qamish, oqbosh bosgan, suv chiqmaydigan bir yer edi. Mol boqilardi, ov qilinadigan joy edi. Noyabrda olgan edim, qishda bug‘doy ekib tashladim. Suv yo‘q edi, plan bo‘lmadi. Keyingi yil Lasetti mashinamni, aka-ukalarimniki bilan qo‘shganda 16ta qoramolni sotib shu yerga tikdim. Nasos sotib olib, suv chiqardim. O‘sha yili 97 foiz bajardim, keyingi yil 100 foiz qildim. Mana bu yil 116 foiz qilib bajardim. Hech qaysi tashkilotdan qarzim yo‘q, kreditlarim yopilgan. Lekin hokim yerimni olib qo‘yish haqida buyruq chiqardi. Men bu yerni yer qilgunimcha hamma narsamni tikdim, lekin bugun tortib oldi, deydi Yarmon Turdiev.

Tuman hokimining Iso Qarshi f/x tugatish haqidagi qarori
Tuman hokimining Iso Qarshi f/x tugatish haqidagi qarori

“Sayxun Bekzodbek” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Norqul Qoraboevning aytishicha, u ham g‘alla rejasini doim bajarib kelgan, lekin paxta rejasini bajarolmagan:

- Bu yil ham, oldingi yillar ham g‘alla planini bajarib kelganman. Lekin paxta bo‘lmadi, chunki bu yerlar paxtaning joyi emas, bu yerda paxta yaxshi bo‘lmaydi. Bizlarga 5-10 gektarlab rayonni plani uchun majburlab ektirishdi. Bizda oqbosh degan o‘t bor, bugun chopsang, ertaga yana o‘sib turadi, shunaqa joy desak ham majbur qildi. Axir prezidentimiz, paxta bo‘lmaydigan joyga paxta ektirib, fermerni xonavayron qilma, deyapti. Lekin, bular majbur qildi. Natijada shu hududga paxta ekkan fermerlar paxtasi 25 foizdan oshmadi.

Tuman hokimining yerni Hakiboy Abullaevga berish haqidagi qarori
Tuman hokimining yerni Hakiboy Abullaevga berish haqidagi qarori

Norqul Qoraboevning aytishicha, to‘qqiz nafar fermerning jami 448 gektar yeri tuman hokimi qarori bilan Xorazm viloyatidan kelgan tadbirkor Hakimboy Abdullaevga berib yuborilgan:

- Bizdan hech kim so‘ramadi ham, roziligimizni olmadi ham. Agar olinadigan bo‘lsa, qonun bo‘yicha fermer uch yil ketma-ket rejani sababsiz bajara olmagani va shunda ham sud qarori bilan yer davlat zaxirasiga olinishi lozim. Xorazmlik mehmon kim ekanligini ham bilmaymiz. Biz, mahalliylar, shu joyning sharoitini bila turib, bu yerdan paxta olib bo‘lmasligini bilsakda, bu mehmon 448 gektar yerda qanday paxtachilik bilan shug‘ullanishiga ham hayronmiz. Eng qizig‘i shundaki, hokim qarori 7 noyabrda chiqyapti, 12 noyabrda esa tuman fermerlar kengashi tuman hokimligiga xulosa beryapti. Avval xulosa berilib, keyin qaror chiqarilmaydimi?, deydi Norqul Qoraboev.

Tuman fermerlar kengashining qarori 12 noyabr
Tuman fermerlar kengashining qarori 12 noyabr

Sayxunobod tuman hokimi Botir Mirzaqulov 21 dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda to‘qqiz nafar fermerning yeri davlat zaxirasiga olinishini qonuniy, dedi:

- Bu fermerlar paxta rejasini 15-20 foiz atrofida bajardi, davlatdan katta qarzdorlik bilan chiqdi. Ikkinchidan, bu fermerlar yig‘ilishib, don korxonasidan 750 million so‘mlik sholi urug‘ini olib, ekmasdan sotib yuborgan. G‘alla ekish uchun olingan kreditni ishlatmagan. Bu o‘tgan yillar ham takrorlanib kelgan. Bu fermerlarning har biri davlatga 50 milliondan 200 million so‘mgacha zarar yetkazgan, kreditini qaytarmagan”, dedi tuman hokimi.

Botir Mirzaqulov 448 gektar yer "eplay oladigan" xorazmlik tadbirkorga berilganini tasdiqladi.

Hokim paxta rejasini bajarmagan fermer xo‘jaliklarining ro‘yxatini va ularning qarzi ro‘yxatini ham Ozodlikka yubordi.

Fermerlarning qarzdorligi haqida tuman hokimligidan berilgan ma’lumot.
Fermerlarning qarzdorligi haqida tuman hokimligidan berilgan ma’lumot.

Ozodlik bu ro‘yxatni olganidan so‘ng, yana ba’zi fermerlar bilan bog‘lanib ularning qarzlari hokimlik ko‘rsatgan qarzlar bilan qanchalik mutanosib ekanligi haqida so‘radi.

Ro‘yxatda fermer Yarmon Turdievning tuman “ximiya”sidan 998 ming so‘m qarzi borligi ko‘rsatilgan.

Fermerning aytishicha, bu noto‘g‘ri raqam, uning “ximiya”da 4 million so‘m ortiqcha puli bor.

Ro‘yxatda “Robot porloq yerlari” fermer xo‘jaligining umumiy qarzi 11million 408 ming so‘m, shundan 8 million 400 ming so‘mi sholidan ekanligi aytilgan.

Fermer xo‘jaligi rahbari Iso Shomurodovning aytishicha, uning 1,5 tonna topshirgan sholisining puli bu ro‘yxatga kiritilmagan:

- Topshirgan sholimning nakladnoyi mana qo‘limda turibdi. Buni qo‘shmapti ular. Bizning kimdan qancha qarzimiz bor ekanligini sizdan eshitib turibmiz, - deydi Iso Shomurodov.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa fermerlar ham bu qarzdorlik ro‘yxati shubhali bo‘lib, bu ro‘yxat tegishli idoralar tomonidan sinchkovlik bilan tekshirib chiqilishi zarurligini ta’idladi.

Sayxunobod tumani hokimi Botir Mirzaqulovning Ozodlikka aytishicha, u fermerlarga boshqa joydan bog‘ qilish uchun besh gektardan yer va’da qilgan, lekin ular rozi bo‘lmagan.

Bu taklifga rozi bo‘lmaganini fermer Iso Bobomurodov shunday izohladi:

- Men uch yil bor narsamni shu yerga tiksamu, uni oilam, ishchilarim bilan o‘zlashtirsam, nega yer endi yer bo‘lib, og‘zim oshga yetganida buni topshirishim kerak ekan?! Men yer o‘zlashtiruvchi tashkilot emasman. Nima uchun men azob bilan o‘zlashtiramanu, meniing nonimni boshqa joydan kelgan kimningdir erkasi yeb ketadi?! Nega men suv bormaydigan bir joyda bog‘ qilish uchun hammasini boshidan boshlashim kerak? Axir otamdan menga tillo qolmaganki, barini sarflasam. Qani adolat, qani halollik?! deydi fermer.

Sayxunobod tumani hokimining Ozodlikka aytishicha, fermerlarning shikoyatini hozir prokuratura o‘rganmoqda va uning tekshiruvidan keyin bu haqda aniq bir gap aytsa bo‘ladi.

Ozodlik voqea rivojini kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG