Toshkent shahar sudining Zafar Nurmatov raisligidagi mahkamasi 25 dekabr kuni¸ o‘zini "Rembrandt asarining haqiqiy egasiman," deb da’vo qilayotgan Andrey Plujnikovning shikoyat arizasini ko‘rib chiqadi.
21 noyabrda sudya Temur Karimov raisligida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi chiqargan hukmga ko‘ra¸ Rembrandtga nisbat berilgan asar chayqovchiligida ayblangan Komil Yo‘ldoshev 52 million so‘m¸ Rafael Fuzailov esa 34 million so‘m jarimaga tortildi.
Ayni mahkama "Rembrandtniki deya iddao qilingan asarni davlat foydasiga vaqtincha musodara qilish" haqida ajrim chiqargan.
Toshkentlik 50 yashar muhandis Andrey Plujnikov Ozodlik bilan 24 dekabr kungi suhbatda "sud musodara qilgan va Rembrandga oid 15 million yevro turadigan asar meniki edi. Men o‘z haqimni 25 dekabr kungi sudda himoya qilaman", deya ta’kidladi.
Andrey Plujnikov bu asar 50 yil mobaynida ularning oilasida saqlanib kelganini aytdi.
U "otameros bu asarning yagona egasi menman," deya da’vo qildi:
- Asar 1953 yildan boshlab O‘zbekiston Davlat xavfsizlik qo‘mitasida ishlagan otam tasarrufida edi. Asar otam o‘lganidan keyin menga meros bo‘lib o‘tdi. Men bu asarni san’at asarlari tijorati bilan shug‘ullanadigan Komil Yo‘ldoshevga 2014 yilda "realizatsiya qilish uchun" bergandim deydi, - sud ishida guvoh sifatida ishtirok etayotgan Andrey Plujnikov.
Uning da’vo qilishicha¸ 2014 yilda "Yo‘ldoshev rasm bilan birga gorizontdan g‘oyib bo‘lgan":
- Men firibgar qurboni bo‘lganim haqida IIB va prokuraturaga shikoyat qildim. Jinoyat ishi ochildi. Men bu jinoyat ishida jabrlanuvchi maqomida edim¸ ammo hozir guvoh maqomiga o‘tkazishdi¸ - deydi suhbatdosh.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mulozimining Ozodlikka aytishicha, "Rembrandtning O‘zbekiston hududidagi yagona asari" deya iddao qilinayotgan g‘oz pati bilan qora tushda chizilgan rasm vaqtincha musodara qilingan.
Mulozim asarning 2018 yil 14 iyun kuni Isroildan uchib kelayotgan Rafael Fuzailov bagajidan chiqqanini bildirdi:
"Musodara aktiga Bosh prokuraturaning 18-tergov boshqarmasi boshlig‘i Muxamedjanov imzo chekkan"¸ - dedi u.
Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jaeva so‘zlariga ko‘ra¸ bu asar Britaniyada 1744 yildan beri faoliyat olib borayotgan Sotheby's kim-oshdi uyining Moskvadagi bo‘limi ekspertlari tarafidan baholangan.
- O‘zbekiston Madaniyat vazirligining badiiy ekspertiza kengashi tomonidan taklif qilingan Sotheby's degan tashkilotning eksperti Moskvadan kelib asarni mufassal o‘rgandi. Shu eskpertning xulosasi bo‘yicha bu asar 8 milliondan 15 million yevrogacha deya narxlangan¸ - dedi matbuot xizmati rahbari.
Mavluda Asqarxo‘jaevaning qo‘shimcha qilishicha, bu san’at asari O‘zbekiston mulki hisoblanadi.
U Ozodlik bilan suhbatda yana bir nuqtaga e’tibor qaratdi:
- Rasm otasidan qolganini iddao qilayotgan Andrey Plujnikov bu asarni avvaliga sotgan. Asar O‘zbekiston chegarasidan kontrabanda tarzida o‘tib chet mamlakatga ketgan. Bu paytga kelib Plujnikov asarning haqiqiy qiymatidan xabar topib¸ sotishdan voz kechgan va asar O‘zbekistonga qaytarilgan paytda Bosh prokuratura talabi bilan aeroportning o‘zida musodara qilingan¸ - deydi mulozim.
Ammo Andrey Plujnikov "o‘zbek rasmiylari menga tegishli bo‘lgan asarni davlat hisobiga musodara qilish uchun yolg‘on gapirishdi" deya ta’kidladi:
- Qoidaga ko‘ra, davlat mendan asarni pulga sotib olishi kerak¸ - deydi suhbatdosh.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Ozodlikka bildirishicha¸ mavjud ish nazoratga olingan:
"Plujnikov asarni Yuldoshevga o‘z ixtiyori bilan sotgan... Endilikda, sud o‘z hukmida jinoyat ishi bo‘yicha daliliy ashyo sifatida asarning taqdiri bilan bog‘liq qaror qabul qiladi", deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.
Haqiqiy Rembrandtmi?
Ozodlik Rembrandtga nisbat berilgan asar fotonusxasini Jeneva¸ Berlin¸ Quddus va Parijdagi san’atshunos va rassomlarga ko‘rsatdi.
Aksar san’atshunoslar asarning fotonusxasiga qarab ekspertiza qilish mushkulligini aytishdi.
Ammo, Parijda istiqomat qilayotgan rassom Sergey Ignatyev masalaning ikki jihatiga e’tibor qaratdi:
- Rembrandtning barcha moybo‘yoq¸ ofort va qalamtasvir asarlari 1940 yilgacha ro‘yxat qilingan. Bu asar shu ro‘yxatda bormi yoki yo‘qmi - shuni aniqlash kerak. Ikkinchi jihat - Rembrandtning juda ko‘p qalamtasvir asarlarining soxtasini chizib sotishgan. Bu soxtalashtirish 1940 yilda ham bo‘lgan. Nima bo‘lganda ham Amsterdamdagi asosiy ekspertiza komisciyasi so‘nggi so‘zini aytmaguncha¸ biz bu asarni Rembrandniki deya ayta olmaymiz¸ - dedi rassom.
1606-1669 yillarda yashagan hollandiyalik musavvir Rembrandt G‘arb tasviriy san’tiga katta ta’sir ko‘rsatgan ijodkorlardan biri sanaladi.
Ikkinchi jahon urushiga qadar Berlin muzeylarida saqlangan Rembrandtning ko‘plab asarlari Sovet armiyasi tomonidan o‘lja sifatida talon-taroj qilingan.