Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:27

O‘qituvchi ayolni shar’iy nikohdagi eri bolta bilan chopdi


Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-umumta’lim maktabning o‘qituvchisini shar’iy nikohida bo‘lgan eri 25 dekabr kuni bolta bilan tan jarohati yetkazdi.

Voqea guvohlarining aytishicha, maktab darvozasi yaqinida yuzi, qo‘li va oyog‘idan bir necha jarohat olgan o‘qituvchi shahar markaziy kasalxonasiga yotqizilgan.

Shahar ichki ishlar bo‘limi tergovchisi Ozodlikka jinoyatda gumonlangan shaxs qo‘lga olingani va uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytdi.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11- maktabda ishlaydigan B.D. ismli o‘qituvchi ayol 25 dekabr kuni ertalab, maktab darvozasi yaqinida chopilganini, shu maktabda ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan biri Ozodlikka xabar qildi:

“Bizda suv ombor tomonda Stalin degan qishloq bor, hozirgi nomi Go‘zal mahallasi. Ana shu yerda yashaydigan bir erkak o‘qituvchimizga norasmiy uylanib olgan ekan. Bu o‘qituvchimiz ham birinchi turmushidan ajralgan. Ertalab soat 9 larga yaqin maktab oldida juda qattiq shovqin bo‘ldi. Yugurib chiqsak, maktab darvozasi oldida ayol o‘qituvchimiz qonga belanib yotibdi. O‘sha shar’iy eri bolta bilan chopib, qochib ketibdi”, - dedi o‘qituvchi.

Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limining tergovchisi Jalol Suyunovning Ozodlikka aytishicha, jinoyat sodir etganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olingan:

“M.P. ismli gumonlanuvchi shaxs 26 dekabr kuni ushlandi, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Kecha sud sanksiya berdi. Asosiysi - ayol tirik, jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Erkakka nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 104- moddasi, 2- qismi (o‘ta shafqatsizlik bilan og‘ir tan jarohati etkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozircha uning jinoyat sodir qilishiga asosiy sabab rashk ekanligi taxmin qilinmoqda”, - dedi tergovchi Jalol Suyunov.

Kattaqo‘rg‘on shahar kasalxonasining ismi sir qolishini so‘ragan shifokorining Ozodlikka aytishicha, jarohat olgan ayol shikastbandlik bo‘limida davolanmoqda:

“Bolta bilan chopilgan. Yuzida, burnida jarohatlar bor. O‘ng qo‘lining bilak sohasida chuqur jarohati bor, chap qo‘lini kaftida, sonda, tizzada bor. Hayot uchun muhim organlarga zarar yetmagan. Hozir ahvoli qoniqarli”, dedi shifokor.

O‘zbekistonda yil davomida Ozodlik xabar topgan to‘rtta holatda jinoyatchilar bolta qo‘llagan.

Samarqand viloyati Urgut tumani 15-umumta’lim maktabining direktori 30 oktabr kuni bolta bilan chopib o‘ldirilgan edi. Mahalla rasmiylarining aytishicha, ham maktab direktori, ham fermer bo‘lgan Anvar Yunusovning yon qo‘shnisi yer masalasida u bilan janjallashib, qotillikka qo‘l urganlikda gumonlanmoqda.

Joriy yilning avgust oyida Samarqandda uy ustida talashib akasi va yangasini bolta bilan chopib o‘ldirgan 46 yoshli Baxtiyor Shukurov qotillik ro‘y berganidan besh oy o‘tib 22 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

17 fevral kuni Andijon viloyati Jalolquduq tumani Katta polvon qishlog‘ida 46 yoshli J.T., 54 yoshdagi opasi J.Sh.ni boshiga bolta bilan chopib o‘ldirgan edi.

2018 yilning aprel oyida esa Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi Navbahor mahallasida istiqomat qilgan 56 yashar otani o‘z farzandi uy-joy talashib ketmon bilan chopib o‘ldirgan edi.

XS
SM
MD
LG