Rossiya Tergov qo‘mitasi Magnitogorskdagi ko‘p qavatli uydagi portlash terror harakati bo‘lgani to‘g‘risida rus matbuoti tarqatgan xabarlarni inkor qildi.
“Bu voqea terror bo‘lganiga oid iddaolarni isbotlovchi birorta ham dalil va isbot yo‘q”, deyiladi rasmiy bayonotda. Shuning uchun Tergov qo‘mitasi ko‘p qavatli uyda gaz portlagan degan tahmin ustida ishlashni davom ettirmoqda.
Avvalroq Rossiya matbuoti Magnitogorskda 31 dekabr kuni portlash sodir bo‘lgan uy va 1 yanvar kuni yonib ketgan mikroavtobus o‘rtasida bog‘liqlik borligi to‘g‘risida xabar bergan edi. Jumladan, Znak.com nashrining yozishicha, portlash bo‘lgan uyda geksogen qoldiqlari topilgan.
1 yanvar kuni esa “Gazel” mikroavtobusi otishma paytida yonib ketgani va “uchta terrorchi otishma paytida o‘ldirilgani” to‘g‘risida xabar berildi. Go‘yoki mazkur voqea aks etgan video ham paydo bo‘ldi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi 1 yanvar kuni bu xabarlar asossiz ekani to‘g‘risida ma’lum qildi.
1 yanvar kuni Magnitogorskda yarim vayrona bo‘lgan uy harobalari ostida bir sutkadan ko‘proq qolib ketgan 11 oylik chaqaloq Ivan Fokin tirik holatda qutqarib olindi.
Chelyabinsk viloyat gubernatori Boris Dubrovskiyning aytishicha, chaqaloq issiq yo‘rgaklangani va karavotda bo‘lgani uchun omon qolgan.
Kasalxonaga chaqaloq olib kelingach, uning onasi ham topildi. Onasining aytishicha, chaqaloqning ahvoli og‘ir. U sovuq qotgan, bir nechta suyaklari singan va boshidan jarohat olgan. Chaqaloq davolanish uchun Moskvaga jo‘natilgan.
31 dekabrda Magnitogorskda ko‘p qavatli uyda yuz bergan portlash oqibatida 9 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan edi. Jarohatlangan 5 odam kasalxonaga yotqizilgan. 30 nafar odamning taqdiri esa noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Ma’lum qilinishicha, portlash oqibatida 1973 yilda qurilgan 10 qavatli uyning 26ta xonadoni vayron bo‘lgan, yana 48ta xonadonga zarar yetgan. Mazkur uyda jami 1100 nafar odam yashagan.
Mazkur voqea yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi yuz kishidan iborat tergov guruhini tashkil qildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining bildirishicha, Magnitogorskda kuchli sovuq qidiruv ishlarining tezkor olib borilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Bundan tashqari ko‘p qavatli uyning qolgan qismi ham qulab tushish xavfi paydo bo‘lgani ortidan qutqaruv ishlarini vaqtincha to‘xtatib turishga to‘g‘ri kelmoqda.
Prezident Putin 31 dekabr kuni voqea bo‘lgan joyga yetib borib, mahalliy rasmiylar bilan uchrashdi va kasalxonada jarohatlanganlarni borib ko‘rdi.
Bosh vazir Dmitriy Medvedev esa jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha hukumat komissiyasini tashkil etdi.
Chelyabinsk viloyatida 2 yanvar motam kuni deya e’lon qilingan.