O‘shda “Sovet davridan qolgan boyliklar SSSR davrida tug‘ilgan odamlarga bo‘lib berilar ekan”, degan mish-mish keng tarqaldi. Bir oydan beri ayrim odamlar SSSRning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va pasporti mavjud bo‘lgan shaxslardan hujjat to‘plamoqda.
Kimdir "bir balo"dan, kimdir bosmachilardan qolgan boylikdan umid qilmoqda
WhatsApp tarmog‘i orqali tarqatilayotgan bu kabi mish-mishlarga ishongan odamlar gap nima haqida ketayotganini tushunib-tushunmay SSSR davridan qolgan hujjatlarining nusxasini topshirish uchun navbatlarda turmoqdalar.
-Mening singlimga bir tanishi aytibdi, SSSR pasporti bor odamlarga pasportini topshirsa bir balo berishar ekan deb. Bir balosi nima ekanini men ham bilmayman. “Hozir nusxasiga suratingizni yopishtirib, topshiring”, deyishayapti. Shuni qilayapman,- deydi hujjat topshirishga kelgan Subanayim Sadirova.
- Hamma topshirayapti, men ham qolib ketmay deb hujjat topshirayapman. Bilmadim… Chet elda shu qirg‘izistonlik bosmachilarning boyliklari qolib ketgan emish. Shuni bo‘lib berarmishlar. Shunga topshiringlar hujjat, deb aytishdi, el qatori men ham topshirib qo‘ydim,- deydi yana bir suhbatdosh.
Kimdandir qolib ketgan mavhum meros
Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbiri Idris Isaqovning aytishicha, hujjatlar O‘sh davlat texnologiya universitetining bosh binosida yig‘ilayotgan ekan. Universitet vaxtyori muxbirga hujjatlar qaerda qabul qilinayotganini aytib va ko‘rsatib berdi.
Vaxtyorning aytishicha, SSSRdan qolgan hujjatlar nusxalarini kutubxonachi Almakan va Minash ismli vaxtyor ayollar to‘playotgan ekan. Biroq muxbir bevosita hujjat yig‘ayotgan shaxslarni ish o‘rnidan topa olmadi. Telefon suhbatida Minash ismli vaxtyor ayol Sovet davri hujjatlari nusxalarini yig‘ayotganini tasdiqladi:
-Albatta, sayti ham bor bu harakatning. Bularning hammasini chiqaramiz. Bu meros qolgan pul ekan. Bizning yigitlar borib, arxivlarda ikki yil ishlashib, shu pulni topishibdi. Mana shu pulni xalqqa undirib beraylik, degan harakat bo‘layapti. Biz xalqdan faqat metrikasini va suratini olayapmiz. Boshqa hech narsa so‘ramayapmiz,-deydi Minash.
Xodimlari bir oydan beri odamlardan mavhum bir boylikni bo‘lib berish maqsadida hujjat yig‘ayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotdan universitet rahbariyati mutlaqo xabarsiz ekanini rektor Abdikadir Abidov bildirdi.
Sovet davrida tug‘ilgan pensionerning umidi hamon Stalindan
Muxbirlar surishtiruv natijasida hujjat yig‘ayotgan odamlarning liderlaridan birini Bishkek shahridan topishdi. O‘zini Pazilet Tajibaeva deb tanishtirgan pensioner bu masalada BMT bilan hamkorlikda ishlayapmiz, deb iddao qildi.
-Bu ishdan prezident ham xabardor. Biroq uning bu pulni olishga haqqi yo‘q. Bu boylikni kim olsa bo‘ladi degan masalada xat bor ekan. Xatga Stalin “faqat xalq olsa bo‘ladi”, deb yozib qo‘ygan ekan. Prezidentlar, vazirlar ololmas ekan. Stalinning uzoqni ko‘ra bilganini qarang, o‘sha paytda turib korrupsiya bo‘lib ketishini bilgan ekan-da. Hukumat bu pulni olsa nimaga sarflashini bir tasavvur qilib ko‘ringchi? Bunga o‘xshagan pullarni hukumat boshqa davlatlardan qarz oldi. Oqibati nima bo‘ldi?- dedi Pazilet Tajibaeva.
Muxbirning “Bu pulning miqdori qancha ekan?” degan savoliga Pazilet Tajibaeva:
-Har bir kishiga qancha tegishini taxminan hisoblab chiqishdi. 14 million 600 dollar atrofida bo‘lar ekan, deb aytishdi. Bu pulni olishimizga men yuz foiz kafolat beraman. Hujjatlarni BMTga topshirib bo‘ldik. U yerda, kerak bo‘lsa, bizning odamimiz ham bor. Osiyo bo‘yicha bir qirg‘iz bu tashkilotga kirib qolgan ekan, -deb javob berdi.
Rossiyalik hayolparast deputat, "meros bo‘luvchilar" faoliyatini tekshira boshlagan militsiya
Surishtiruv natijasida ma’lum bo‘lishicha, Sovet Ittifoqidan katta miqdorda oltinlar chet el banklarida qolib ketgan, bu boylikni xalqqa bo‘lib berish kerak degan tashabbus muallifi Rossiya davlat dumasiga ikki marta deputat bo‘lgan, bezorilik, tovlamachilik va korrupsiyada ayblanib bir necha marta sudlangan Sergey Shashurin ekan. Shashurin bu g‘oyani Internet tarmog‘i orqali tarqatishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘shda bundan avvallari ham turli mish-mishlarga ishongan yuzlab odamlardan tovlamachilar pul yig‘ib, aldab ketgani kuzatilgan. Biroq bu safar odamlardan va’dalar evaziga pul emas, hujjat yig‘ilayapti.
O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov bu kabi mish-mishlarni tarqatib, hujjat yig‘ayotganlarning faoliyati tekshirilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hujjat yig‘ayotganlar hukumat rasmiy ro‘yxatidan o‘tkazilmagan jamg‘arma tashkil etishgan. Jamg‘arma avval O‘sh davlat texnologiya institutida faoliyat yuritgan. Ayni paytda esa jamg‘arma “Ramazon” savdo markazidagi ofislardan biriga ko‘chib o‘tgan.
Zamir Sidiqov jamg‘arma tomonidan tarqatilgan mish-mishlar yolg‘on ma’lumotlar ekanini ham ta’kidladi.