O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi 7 yanvar kuni ish beruvchilarga o‘z xodimlari oyliklarini oshirishni tavsiya qildi.
Bu boradagi xabar Soliq qo‘mitasining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 7 bandiga muvofiq 2019 yildan ish beruvchi tashkilotlarga soliq yukining, shu jumladan, yagona ijtimoiy to‘lovning kamaytirilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar hisobidan xodimlar ish haqi miqdorini oshirish tavsiya etildi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Prezidentning mazkur qaroriga asosan, yirik korxonalar uchun 25 foiz, kichik korxonalar uchun esa 15 foiz miqdorida bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lov solig‘i pasaytirilgan edi.
Endi yirik korxonalar ham, kichik korxonalar ham yagona ijtimoiy to‘lov solig‘ini 12 foiz darajasida to‘laydilar.
Soliq qo‘mitasi o‘z axborotida bundan boshqa ma’lumotlarni bermagan.
Soliq qo‘mitasi bu boradagi qo‘shimcha ma’lumotlarni 71 202 32 82 telefoni orqali olish mumkin ekanligini bildirgan. Biroq Ozodlik muxbirining Toshkent vaqti bilan soat 9dan 12.45 gacha bu telefon raqamiga ulanish harakatlari samara bermadi. Telefon go‘shagini hech kim ko‘tarmadi yoki “Liniya band. Iltimos, keyinroq qo‘ng‘iroq qiling”, degan javoblar bo‘ldi.
Soliq qo‘mitasining rasmiy veb-sayti esa Bishkekda ochilmadi.
Ayni paytda o‘zbek mahalliy matbuotining yozishicha,2018 yilning noyabr oyida moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov yagona ijtimoiy to‘lov solig‘ining pasaytirilishi natijasida har bir fuqaro 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab oylik daromadidan o‘rtacha 6,5 foizdan ko‘proq yutishni boshlashini ta’kidlagan edi.
Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston hukumati 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida Soliq kodeksining yangi tahriri 2019 yil 1 sentabrga qadar ishlab chiqilishini bildirgan.