Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:54

Mehmonxona qurgan tadbirkorga xarajatning bir qismini davlat to‘lab beradi


Toshkentdagi mehmonxonalardan biri.
Toshkentdagi mehmonxonalardan biri.

Prezident Shavkat Mirziyoev 8 yanvar kuni videoselektor yig‘ilishida “2019 yil turizm rivojida tub burilish yili bo‘ladi”, deb aytdi va mehmonxonalar tashkil etish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari ro‘yxati qabul qilinganini bildirdi.

Prezident 5 yanvar kuni “Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Mazkur qarorga asosan keyingi 3 yilda 1,5 mingdan ortiq mehmonxona qurish rejalashtirilgan. Bu bilan 2021 yil oxiriga kelib O‘zbekistonda 50 044 ta nomerli 2 394 ta mehmonxona faoliyat yurita boshlaydi.

Qarorda bildirilishicha, 2022 yil 1 yanvargacha foydalanishga topshirilgan 50 ta xonadan kam bo‘lmagan 3 yulduzli va 100 ta xonadan kam bo‘lmagan 4 yulduzli mehmonxonani qurgan hamda jihozlagan investorga xarajatlarining bir qismi Davlat byudjeti hisobidan to‘lab beriladi.

Qarorda aytilishicha, investorlar xarajatlarining bir qismini Davlat byudjetidan moliyalashtirish miqdori yiliga 3 yulduzli mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so‘mni, 4 yulduzli mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so‘mni tashkil qiladi.

Bundan tashqari qarorda: “Belgilansinki, dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 reytingiga ko‘ra) foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan tashkilotlar uchun royalti franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi hajmda qisman moliyalashtiriladi:

dastlabki 50 ta 3 yulduzli toifaga ega mehmonxona – har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 200 AQSh dollari ekvivalentida;

dastlabki 30 ta 4 yulduzli toifaga ega mehmonxona – har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 400 AQSh dollari ekvivalentida”, deb qayd etilgan.

Mehmonxona qurish uchun ajratilgan yer uchastkasi, moddiy madaniy meros ob’ektlarining hududi va muhofaza zonasi hamda qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yer uchastka bo‘lmagan taqdirda, qurilish tugallangandan so‘ng investorga mulk huquqi asosida sotilishi mumkin.

2017 yildan boshlab O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinayotgani kuzatiladi.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, 2017 yilda O‘zbekistonga qariyb 2 million 700 ming, 2018 yilda 5 million 300 mingdan ortiq turist kelgan. 2025 yilgacha turistlar sonini 7 millionga, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG