Shanxay hamkorlik tashkilotining Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda joriy yil 14-15 iyun kunlari o‘tadigan navbatdagi sammitida Shinjon -Uyg‘ur muxtoriyatidagi uyg‘urlar, etnik qozoq va qirg‘izlarga Xitoy hukumati tomonidan bosim ko‘rsatilayotgani masalasi muhokama qilinmaydi.
Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyatining tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Daniyar Sidikov matbuotga mana shunday mazmunda bayonot berdi.
BMTning 2018 yil avgust oyida o‘tkazgan tekshiruvi natijasida Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatida 1 millionga yaqin musulmon «ekstremizmga qarshi kurash» bahonasida «qayta tarbiyalash lagerlari»da saqlanayotgani aniqlangan. Xitoy bu ma’lumotlarni inkor qilib kelayotgan edi.
Xitoyga qo‘shni bo‘lgan Qirg‘iziston va Qozog‘istonda bunga qarshi qator namoyishlar o‘tkazildi. Bishkekda o‘tgan so‘nggi mitinglarda esa mamlakatdan xitoyliklarni deportatsiya qilish, “qayta tarbiyalash lagerlari”da saqlanayotgan etnik qirg‘izlarni himoya qilish talab etildi.
Qozog‘iston hukumati jamoatchilik bosimi ostida Xitoy bilan bosimga uchrayotgani aytilgan 2 ming nafar etnik qozoqni Qozog‘istonga chiqarilishi to‘g‘risida kelishuvga erishilganini bildirdi.
Biroq Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyatining tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Daniyar Sidikov Xitoydagi etnik qirg‘izlarning huquqlarini talab qilayotganlarni “qo‘shni davlat bilan munosabatlarni yomonlashtirishga harakat qiluvchilar”, deb atadi.
-Bu masalada ma’lumot tarqatayotganlar ikki davlatning munosabatlarini buzmoqchi bo‘layotganlardir. Har bir davlat qonunni buzgan fuqarosini jazoga tortishga haqli. Mustaqillikdan to shu kungacha Qirg‘iziston fuqaroligini Xitoydan kelgan 268 odam qabul qilgan. Ulardan birortasining huquqi Xitoyda buzilmagan. Agar Xitoy fuqarosi bo‘lgan etnik qirg‘izlar qo‘lga olinayotgan bo‘lsa, bunga biz aralasha olmaymiz. Bu Xitoyning ichki ishi,-dedi Daniyar Sidikov.
Qirg‘izistonlik faollar esa hukumatni bu masalani ShHT sammiti kun tartibiga kiritishga chaqirmoqdalar. Ularning fikricha, ShHT xalqaro tashkilot bo‘lgani uchun ham uning doirasida inson huquqlari masalasi ham ko‘tarilishi shart.
-Qozog‘iston hukumati yaqinda Xitoydagi lagerdan ikki ming nafardan ko‘proq etnik qozoqni chiqarib olgani to‘g‘risida xabarlar berildi. Qirg‘iz hukumati esa bu masalada hozirgacha nima ish qilgani noma’lum bo‘lib qolmoqda. ShHTga joriy yilda raislik qilayotgan Qirg‘izistonning sammit kun tartibiga Shinjondagi vaziyatni muhokama qilish masalasini kirtish imkoniyati bor, -dedi Qirg‘izistonning sobiq ombudsmeni Bakit Amanbaev.
Xalqaro hamjamiyat bosimi ostida Xitoy 2018 yilning 28 dekabridan 30 dekabrigacha O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Afg‘oniston, Hindiston va yana 6 davlatning Xitoydagi diplomatik missiyalari vakilari hamda xorij jurnalistlariga Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatidagi "qayta tarbiyalash lagerlari”ni ochgan edi.
Ayni paytda Xitoydagi “qayta tarbiyalash lagerlarida” hukumat mulozimlari va maxsus xizmatlar kuzatuvida jurnalistlarga intervyu bergan musulmonlar bu lagerlarga “ekstremistik fikr yurita boshlaganini his qilganlaridan so‘ng qayta tarbiyalanish uchun o‘z ixtiyorlari bilan hukumatga murojaat qilganlari”ni aytganlar. Xitoy hukumati esa lagerlarda “quvnoq hayot” kechayotganini namoyish etishga harakat qilgan.
Xitoylik huquq faoli Vuyer Kasi hukumatning bu harakatlarini xalqaro hamjamiyatni aldash deb baholagan:
-Keling, asosiy urg‘uni esdan chiqarmaylik. Xitoy hukumati har qancha urinmasin, lagerlardagi odamlar o‘z ixtiyorlariga qarshi hibs etilganlari isbotlangan haqiqat, -deydi faol.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Pokiston va Hindiston a’zo davlat hisoblanadi.