Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:59

Farg‘ona markazidagi eski uylar egalari ko‘chmay turib buzilmoqda


Farg‘ona shahri markazidagi Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘pqavatli uylarni, ularda yashovchilar ko‘chmay turib, hokimiyat buza boshladi.

Xonadon egalari ularga taklif qilingan uylar "shahardan chetda va maktabdan uzoqligi uchun" ko‘chishga rozi bo‘lmayotir.

Hokimiyat rasmiylari esa, bu yer salkam 100 million AQSh dollari miqdorida sarmoya yotqizishga rozi bo‘lgan Janubiy Koreya shirkatiga ajratilgani bois, oilalarni tezroq ko‘chirishga urinayotganini aytmoqda.

Alisher Navoiy ko‘chasida buzilishi boshlangan 40-uyda yashayotgan bir necha oiladan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu yilning 2 yanvarida Farg‘ona shahar hokimligi vakillari kelib, uy qisqa muddat ichida buzilishini ma’lum qilgan.

Shu kunda tomi qo‘porilgan uyda yashayotgan, ammo ovozi yozib olinishidan cho‘chigan xonadon sohiblaridan birining aytishicha, hokimiyat ularga taklif qilayotgan uy shaharning chekkasida, uning yaqinida na maktab, na magazin bor:

"Hammamizda yosh bolalar bor, bizga kichikroq bo‘lsa ham markazdan uy beringlar, deyapmiz. Ammo, quloq solishmayapti".

Uning aytishicha, bir hafta muqaddam ishchilar kelib, 40-uy oldidagi bolalar maydonchasini buzishni boshlagan. Hokimiyat vakillari esa har kuni kelib, oilalarni ko‘chishga majburlamoqda.

40-uydagi 18 ta oiladan 9 tasi taklif qilingan yangi uyga ko‘chib bo‘lgan. Ammo, 9 ta oila hanuz tomi qo‘porila boshlagan uyda yashamoqda. 14 yanvar kuni Ozodlikka yo‘llangan suratlarda bino ichidagi zinalarning tutqichlari ko‘chirilganini ko‘rish mumkin.

Tez orada buzilishi kutilayotgan 38- uyda yashayotgan oilalar ham 40- uy aholisi kuni boshiga tushishidan xavotir bildirdi.

Bu oilalardan biridan olingan ma’lumotga ko‘ra, hokimiyat vakillari ularga shahar markazidan ham uy taklif qilgan. Ammo, taklif qilingan uy, birinchidan beton, ikinchidan xonadonlar maydoni qariyb yarim barobarga kichikdir.

"Aslida biz oyoq tirab, uydan chiqmaymiz, deb turib olganimiz yo‘q. Mayli 5-10 metr kvadratga kichik bo‘lsa ham, shahar markazidan g‘ishtlik uy berishsin, deb iltimos qilayapmiz. Men yosh bolalarim bilan polsiz, beton uyga qanday chiqaman?!" dedi ismini oshkor etmagan xonadon sohiblaridan biri.

Ular Ozodlikka bu uylarning buzilishiga oid Farg‘ona shahar hokimi imzolagan qaror nusxasini yo‘lladi.

Farg‘ona shahar hokimi X.Xabibiddinov imzolagan qarorda shaharning shu qismida joylashgan 10 ga yaqin "ma’nan eskirgan ko‘pqavatli uylar"dagi oilalar ular bilan narx va tovon pulini belgilovchi komissiyasi o‘rtasidagi erishilgan shartnoma asosida ko‘chirilishi kerakligi belgilangan.

Ammo, oilalarning aytishicha, ularni uyi buzilishi haqida ilk bor -o‘tgan yilning yozida ogohlantirgan rasmiy - shahar hokimining sobiq o‘rinbosari ularga shahar markazidan uy berilishini va’da qilgan edi.

Biroq, shikoyat qilinishicha, endilikda Farg‘ona shahar hokimining yangi o‘rinbosari bo‘lgan Sharifjon Niyozmetov bu va’dani bajarmayotir. Aksincha, hali odamlar ko‘chib ulgurmagan uyni buzish boshlangan.

Bundan tashqari, shahar hokimi imzolagan qaror matnida keltirilishicha, bu uylarning buzilishi haqida Bosh vazir Abdulla Aripovning maxsus topshiriq xati 2018 yilning 16 iyulida imzolangan.

Qishning o‘rtasida ko‘chishga majburlanayotgan oilalar 2 yanvarga qadar yozma ogohlantirish olmagani, hatto shahar hokimining qarori 2019 yilning 8 yanvarida imzolanganidan ham arz qilmoqda.

"Bizning A. Navoiy ko‘chasidagi uyimizning maydoni 100 metr kvadratdan oshiq. Beradigan uyi esa 80-85 metr kvadrat. Rossiyaning Sibirida qiynalib, 12 yil ishlab, shahar markazidan uy olsagu hali yashab ulgurmasimizdan shahar chetiga chiqarib yuborishsa - rosa alam qilarkan", deb yozdi prezidentdan yordam kutayotganini bildirgan oilalardan biri Ozodlikka.

Ozodlik Farg‘ona shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish va kommunal xo‘jalik bo‘yicha muovini Sharifjon Niyozmetovga bog‘landi.

O‘rinbosar hali odamlar ko‘chib ulgurmagan 40-uyni buzish boshlab yuborilganini bu maydon 98 million AQSh dollari miqdorida sarmoya ajratishga tayyor bo‘lgan Janubiy Koreyalik inverstorlarga bo‘shatilayotgani bilan izohladi.

"25 yanvar kuni maydonni ko‘rishga investorlar kelyapti. Prezidentimiz esa bu oilalarga yangi uy ajratib berayapti. Xursand bo‘lib, yangi uyga ko‘chayotgan oilalar juda ko‘p. Ammo, orasida shunaqa bitta-ikkita norozisi ham chiqar ekan-da", dedi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda shahar hokimining o‘rinbosari.

Ayni paytda rasmiy barcha oilalarni "rozi qilib" ko‘chirishni va’da qildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Farg‘ona shahar markazidagi imkon qadar qisqa muddat ichida buzilishi rejalashtarilgan bu ko‘pqavatli g‘ishtin uylar 1941-1945 yillarda qurilgan va ular ma’nan eskirgan uylar, deb hisoblanadi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, shaharning markaziy qismida, 2011 yildan buyon, ichki va xorijiy sarmoya hisobiga jami 12 yo‘nalishda qurilish-bunyodkorlik va obodonchilik ishlari olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2018 yilning 12 iyunida Farg‘onaga borganida, shahar markazida qurilish-bunyodkorlik ishlarini keng ko‘lamda davom ettirish, turizm, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha mahalliy rasmiylarga topshiriqlar bergan edi.

XS
SM
MD
LG