Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:43

Hukumat qaroriga zid ravishda rejani bajargan fermerlar yeri ham yoppasiga tortib olinmoqda


O‘zbekistonlik ayrim fermerlar Vazirlar Mahkamasining “Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosining ayrim tumanlarda "bosqinchilik" shaklida borayotganini iddao qildi.

Farg‘ona, Xorazm, Toshkent viloyatidan Ozodlikka murojaat qilganlarga ko‘ra, mahalliy hokimlar qarorga zid ravishda fermer yerlarini yoppasiga davlat zahirasiga topshirtirib, so‘ngra serhosil yerlarni o‘zlariga yaqin fermerlarga yuz gektarlab bo‘lib bermoqda.

Bu esa¸ Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ "ilg‘or fermerlarga maqbullashtirishni qo‘llamaslik haqida"gi qaror bandining ochiqchasiga buzilishidir.

Ozodlik fermerlar tilga olgan tuman hokimlari bilan hozircha bog‘lana olmadi.

"Komissiya kabinetdan chiqmay fermerlar taqdirini hal qilmoqda"

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, yana bir maqbullashtirish jarayoni boshlanishi ortidan tuman bo‘yicha 124 fermer va uning xo‘jaligidagi ishchilar ishsiz qolgan.

“Hokim o‘zining xohlaganini qilayapti. Hamma fermerdan yoppasiga ariza yozdirib olishdi. Bugun ertalab hokimiyatga borgan edim, 124 nafar fermer ishsiz qolgani aniq bo‘ldi. Bularning orasida rejalarni doim bajarib kelgan fermerlar ham bor. Qarang, qarorda eng kami 100 gektar bo‘lsin deb yozilganu, lekin planlarni bajarib kelayotgan, ko‘p tarmoqli fermerlikni yaratib qo‘yilgan fermerlarga taalluqli emas, degan joyi bor. To‘g‘ri, balki texnikasi kamdir, lekin yerga yaxshi qaragan, hech kimdan qarzi bo‘lmagan, kreditini yopgan fermerlardan ham yer tortib olindi. Bunga ular juda norozi”, dedi yozyovonlik fermer.

Bu suhbatdosh, maqbullashtirish uchun tuzilgan komissiya kabinetning o‘zida fermerlar taqdirini hokim buyrug‘iga muvofiq hal qilayotganidan shikoyat qiladi.

“O‘nta odam bir xonaga qamalib olib, faqat qog‘ozga qarab fermerlar taqdirini hal qilishi yaxshi emas. Komissiya a’zolari ularga berilgan ikki hafta mobaynida fermer xo‘jaliklariga borib, ularning iqtisodiy va texnikaviy ahvolini joyida o‘rganib chiqib, xulosa berishi kerak edi. Lekin bular unday qilmayapti, komissiyani ishini hokimning o‘zi boshqarayotganidan hamma narsani tushunib olsa bo‘ladi”, deydi fermer.

“Hammani qamab¸ ariza yozdirdi”

Toshkent viloyati Pskent tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, tuman hokimi 19 yanvar kuni hamma fermerlarni majlislar zaliga qamab, yerini o‘z ixtiyori bilan davlat zahirasiga topshirish haqida ariza yozdirib olgan.

“Bu yog‘i endi ot o‘yin bo‘lib ketdi. Hududimiz raisidan olgan aniq ma’lumotimga ko‘ra, hokim unga “shapka” beradigan fermerlarni topib kel, deb aytayapti ekan. Rais borib fermer bilan gaplashayapti, senga yana shuncha yer o‘tkazib beramiz, deb u bilan “kelishayapti”. Hammasini hokimiyat o‘zi regulirovka qilyapti. Agar, yaxshilab tekshirilsa¸ hammasini aniqlasa bo‘ladi. Lekin, hali komissiya xulosasi, tanlov degan narsa yo‘q. Qaror bo‘yicha komissiya hamma fermerning rentabelligini, texnikasini, pul mablag‘ini, banklardan qarzi bor-yo‘qligini ko‘rib chiqishi kerak. Bizga bu ishning tartibini ham tushuntirishmayapti, o‘zlari xohlagan fermerga xohlagan fermerining yerini qo‘shib beryapti”, deydi fermer.

Ozodlik bu iddaolarga munosabat olish maqsadida Pskent tuman hokimi Shuhrat Ahmedov bilan bog‘lanishga harakat qildi - ammo hokim kun davomida mobil telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

"Kimga xohlasam¸ o‘shanga yer beraman"

Xorazm viloyati Shovot tumanidagi “Asror Nafosat” fermer xo‘jaligi rahbari Nuriddin Abudllaevning Ozodlik radiosiga aytishicha, hali Vazirlar Mahkamasining maqbullashtirish haqidagi qarori chiqmay turib tuman hokimi barcha fermerlardan yerlarini davlat zahirasiga topshirish haqida ariza yozdirib olgan.

“Qariyb 200 gektar yerim bor edi. Paxta va g‘alla ekardik. Har yili g‘alla va paxta planlarini ortig‘i bilan bajarib kelgan edim. O‘tgan yil suv tanqisligi sabab muammo bo‘lib qoldi. Bir men emas, aksariyat fermerlar reja bajara olmay qoldi. Tuman hokimi Hakimboy Otaxonov barcha fermerlardan majburan ariza yozdirib oldi. Endi esa o‘zi xohlagan odamlarga yerlarimizni bo‘lib berayapti. Qarorda ko‘rsatilgan talablar hokim tomonidan bajarilmayapti. Hokimning aytgani aytgan, degani degan bo‘layapti. Yer¸ hudud rahbari, yer tuzuvchi va hokim o‘rtasida hokim istagan shaxslarga berilayapti. Mening o‘zimga yarasha texnikam bor, yerim yaxshi. Qo‘limda 15 nafar ishchi bor. Tumandagi 350 dan ortiq fermerning yarmi ishsiz qoladigan bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining qarori faqat qog‘ozda qolib ketayapti, bu yog‘iga hokim o‘z manfaatlarini ko‘zlagan holda ish tutayapti”, Nuriddin Abdullaev.

Shovot tuman hokimi Hakimboy Otaxonov bilan 22 yanvar kungi bog‘lanish urinishlari natijasiz qoldi - bu hokim ham Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

9 yanvarda "Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" hukumat qarori qabul qilingan edi.

Qarorga ko‘ra, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami – 100 gektar, g‘allachilik va sabzavotchilik 20 gektar, bog‘dorchilik va uzumchilik 10 gektar qilib belgilangan.

Ayni paytda mazkur qarorda "yer uchastklaridan samarali foydalanayotgan, shartnomalarni bajarib kelayotgan, moddiy-texnika bazasiga ega bo‘lgan hamda ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘ygan paxta-g‘allachilik fermer xo‘jaliklari yerlarini qarorda keltirilgan o‘lchamlarda maqbullashtirishga yo‘l qo‘yil"masligi ham alohida band qilib ëzilgan.

XS
SM
MD
LG