Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:31

Qashqadaryoda o‘zini osgan 14 yashar bola o‘qigan maktab psixologi maoshi kesildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanining 27-umumta’lim maktabining 14 yashar o‘quvchisi 17 yanvar kuni uyining molxonasida osilgan holda topilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan mahalla faolining aytishicha, bu voqeadan so‘ng viloyat hokimligidan vakil kelib majlis o‘tkazgan va bolalar bilan yaxshi ishlamagani uchun maktab psixologining uch oylik maoshi kesilganini aytgan.

Tuman prokuraturasi bu voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini aytdi.

G‘uzor tumanining Sovbog‘ qishlog‘ida yashagan, 27-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘g‘il bola o‘quvchisi, 2005 yilda tug‘ilgan A.T. 17 yanvar kuni uyining molxonasida o‘z joniga qasd qilgan.

O‘quvchining Ozodlik gaplashgan, ismi sir qolishini so‘ragan yaqin qarindoshlaridan birining aytishicha, voqea kechki payt sodir bo‘lgan:

“O‘sha kuni ular oilaviy kechki ovqat yeyishgan. Keyin onasi bolaga molxonaga borib, mollarning tagini tozalab kelishni buyurgan. Oradan ancha vaqt o‘tsa ham u hech kelmas ekan. Keyin onasi molxonaga kirib ko‘rsa, o‘zini osib qo‘ygan ekan”, deydi qarindoshlaridan biri.

G‘uzor tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, bu voqeadan keyin bola sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilgan va u nafas yo‘llarining berkilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida o‘lganligi aniqlangan.

G‘uzor tumani prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlikka bu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini aytdi:

“Albatta, tekshiriluvchi idoraga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanadi. Kimdir mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, haqiqatan bu voqeada aybi bo‘lsa javobgarlikka tortiladi. Tergovga qadar tekshirish davomida hamma holatga tegishli baho beriladi”, dedi prokuratura mulozimi.

Ammo, Sovbog‘ mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, 27-maktab psixologiga jazo berilgan:

“Bu voqeadan keyin viloyat hokimligidan bir opa kelib, qishlog‘imizdagi kollejda o‘qituvchilar, mahalla faollarini yig‘ib majlis qildi. Men ham o‘sha majlisda qatnashdim. Opa o‘z joniga qasd qilish holatlari bo‘lmasligi uchun maktab ma’muriyati yetarlicha ish qilmagani, psixolog o‘quvchilar bilan ishlamaganini tanqid qildi. Keyin bunday holatlar jazosiz qolmasligi kerakligini aytib, maktab psixologining uch oylik maoshi kesilishini, maktab rahbariyatiga ham tegishli jazolar ko‘rilishini aytdi”, dedi mahalla faoli.

O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish holatlari haqida Ozodlik so‘nggi kunlarda bir necha marta xabar qildi.

Namangan viloyat, Kosonsoy tumanidagi Qo‘qimboy qishlog‘ida yashagan 23 yashar yigit 9 yanvar kuni o‘z uyining molxonasida osilgan holda topildi.

Masalan, Jizzax viloyat, Forish tumanidagi Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘g‘il bola o‘quvchisi 6 yanvar kuni osilgan holda topilgan edi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan kollej o‘qituvchisining aytishicha, 28 dekabr kuni 3-bosqichda o‘qiydigan yana bir o‘quvchi - qiz bola osilgan holda topilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev ham 2017 yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

O‘tgan yilning 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.

XS
SM
MD
LG