Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:48

Andijonda besh yashar qizchani zo‘rlamoqchi bo‘lgan shaxs bo‘g‘ib o‘ldirdi


Bu suratning voqeaga aloqasi yo‘q.
Bu suratning voqeaga aloqasi yo‘q.

Andijon viloyat, Paxtaobod tumanidagi Ozod mahallasida 5 yashar qizchani uning 30 yashar qo‘shnisi 28 yanvar kuni avval zo‘rlab, keyin bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Voqea yuz bergan mahalladan olingan bu xabarni tasdiqlagan Paxtaobod tuman ichki ishlar bo‘limi mulozimiga ko‘ra, qizning jasadi 30 yanvar kuni qotillikda gumon qilinayotgan shaxsning hovlisida ko‘mib qo‘yilgan holda topilgan.

Ichki ishlar bo‘limi mulozimining bildirishicha, qotillikda gumon qilinayotgan shaxs qamoqqa olingan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha, ishni O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi o‘rganmoqda.

Voqea guvohlaridan birining Ozodlikka aytishicha, qizcha 28 yanvar, dushanba kuni kechqurun yo‘qolib qolganidan so‘ng, militsiya uni qidirishga tushgan:

“Qizchaning bitta kalishi qo‘shnisining darvozasi yoniga tushib qolgan ekan. Militsiya iskovuch it olib keldi, o‘sha hidlab qizchani hovliga ko‘milgan joyidan topdi. Ochib ko‘rishsa, haqiqatan ham qizcha ko‘milgan ekan. Qo‘shni yigitni darhol qamoqqa olishdi”, dedi voqea guvohlaridan biri.

Uning aytishicha, qo‘shni yigitning xotini, ikki farzandi bo‘lgan:

“Bu bola uyidan do‘kon ochib olgan edi. O‘sha kuni xotini va ikki bolasi onasining uyiga mehmonga ketishgan. Besh yashar qizchaning ayasi esa nochda, dejurda bo‘lgan. Bu qizcha o‘sha do‘konchi bolaning qizchasi bilan har kuni o‘ynaydi ekan. Dushanba kuni kechqurun u qizcha o‘rtoqlarim bilan o‘ynayman deb yana chiqqan. Iplos bola, keyin u qizchaning nomusiga tajovuz qilgan. Qizcha hushidan ketgan. Keyin bola qo‘rqib ketib, qizchani bo‘g‘ib o‘ldirganu hovlisiga ko‘mib qo‘ygan”, dedi qishloqliklardan yana biri.

Paxtaobod tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi zo‘rlash va qotillikda gumon qilinayotgan qo‘shni yigit qamoqqa olinganini, ayni paytda tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotganini tasdiqladi.

Ayni paytda, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining bu voqea bo‘yicha Ozodlik so‘roviga bergan javobida aytilishicha, qotillikda gumonlangan shaxs qizchani zo‘rlamoqchi bo‘lganida qizcha qattiq baqirgan va qotil qizchani o‘zining sharfiga bo‘g‘ib o‘ldirgan:

"2019 yil 28 yanvar kuni soat taxminan 14:00 larda Paxtaobod tumani, “Sohil” MFY, Bekmahalla ko‘chasida yashovchi M.I. qo‘shnisi 23.09.2013 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan S.K. uning farzandlari bilan o‘ynash maqsadida kirganligi va uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, uni zo‘rlamoqchi bo‘lgan, shu vaqtda S.K. baland ovozda baqirganligi sababli, uning bo‘ynida bo‘lgan oq rangli sharf bilan bo‘g‘ib qasddan o‘ldirgan.
Shundan so‘ng, M.I. o‘zining sodir etgan jinoyatini yashirish maqsadida, S.K.ning bir juft oyoq kiyimini xonadonda mavjud bo‘lgan hojatxonaga tashlab yuborgan va murdani sintetik qopga joylashtirib yashash xonasidagi pol ostidagi tuproqqa ko‘mib qo‘ygan.

O‘lim sabablarini aniqlash maqsadida, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Mazkur holat yuzasidan 28.01.2019 yilda Paxtabod tumani prokurori tomonidan M.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha 2019 yil 30 yanvar kuni M.I.ga O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “v, j, z” bandlari bilan ayblov e’lon qilinib, shu kuni unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda, tergovning borishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan".

XS
SM
MD
LG