Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:17

Qirg‘iz parlamenti yana suv uchun O‘zbekistondan haq olish masalasini ko‘tardi


Qirg‘izistondagi Kirov suv ombori.
Qirg‘izistondagi Kirov suv ombori.

Qirg‘iziston parlamenti suv uchun O‘zbekiston va Qozog‘istondan xaq talab qilish masalasini ko‘tarmoqda.

Qirg‘iziston parlamentida “Suv Kodeksi” va “Suv to‘g‘risida” qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Muhokamalarda ayrim deputatlar suv uchun O‘zbekiston va Qozog‘istondan xaq talab qilish lozimligini aytmoqdalar.

- Qirg‘izistondagi suv omborlaridan yiliga 22 milliard kubometr suv O‘zbekiston bilan Qozog‘istonga ketadi. Ya’ni suvning 80 foizdan ortig‘i qo‘shnilarga beriladi. Yaqindagina To‘qto‘g‘ul suv omborini ta’mirlash uchun 450 million dollar ajratish masalasini ko‘rib chiqdik. Bizning hukumat nima sababdan suv omborlariga ketgan chiqimlarni to‘lab berishni qo‘shnilardan talab qilolmayapti? – dedi parlament deputati Umbetali Qidiraliev.

Qishloq va suv xo‘jalik vaziri o‘rinbosari Janibek Kerimaliev “Suv kodeksi” va “Suv to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar parlament tomonidan qabul qilinsa, qo‘shnilarga berilgan suv uchun xaq talab qilishga imkoniyat paydo bo‘lishini aytdi.

Rasmiyning bildirishicha, ayni paytda Qozog‘iston Kirov suv omborini ta’mirlash uchun dastlab 75 million tanga, keyin esa 119 million tanga to‘lab bergan.

Moliya vazirining o‘rinbosari Ulukbek Qarimshakovning aytishicha, qo‘shni davlatlar hozirda suv uchun emas, faqat suv omborlarini ta’mirlash uchungina pul bermoqda.

- Undan davlat byudjetiga hech qanday mablag‘ tushmaydi. Kelayotgan pul suv omborlarining texnik ahvolini nazorat qilish, ta’mirlashgagina beriladi. Amaldagi kelishimga muvofiq, suvdan foydalanilgani uchun haq olinmaydi, - dedi Ulukbek Qarimshakov.

2000 yillari parlament deputati bo‘lgan va Sovet Ittifoqi davrida 1961 yildan 1985 yilgacha Qirg‘izistonni 24 yil boshqargan Turdakun Usubaliev suv omborlarida yig‘ilgan suvni qo‘shni davlatlar bekor olmay, pulga sotib olishi lozim, degan masalani kun tartibiga kiritgan edi.

Biroq O‘zbekistonning o‘sha davrdagi prezidenti Islom Karimov suv transchegaraviy boylik ekanini aytib, bu masalada jiddiy qarshiligini bildirgan.

Suvdan foydalanish shartlarini tartibga solish masalasi qo‘shni davlatlar ishtirokida 2007-2008 yillarda ham ko‘tarilgan, biroq masala Qirg‘iziston foydasiga hal bo‘lmagan.

Qirg‘iziston “Suv kodeksi” va “Suv to‘g‘risida” qonunga kiritilishi taklif qilinayotgan o‘zgartishlarda suvdan foydalanilgani uchun haq to‘lash majburiy ekani belgilab berilgan.

XS
SM
MD
LG