Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:31

Paxtachilik fermerlar hokimni ekin yerlarini o‘z tanishlariga taqsimlab berganlikda aybladi


Samarqand viloyati, Paxtachi tumanidan Ozodlikka shikoyat qilgan bir guruh fermerlarning iddao qilishicha, tuman hokimi ekin yerlarini asosan o‘z tanishlariga taqsimlab bergan.

Ularning arz qilishicha, qishloq xo‘jaligi yerlarini maqbullashtirish haqidagi Vazirlar Mahkamasining qarori Paxtachi tumani hokimi Vohid Rahimov tomonidan buzilgan holda ijro etilmoqda.

Fermerlar iddaosicha, tumandagi 95 foiz yer tender o‘tkazilmasdan, faqat tuman hokimi aytgan odamlarga bo‘lib berilgan, qolgan besh foiz yer uchun esa tender 3 fevral kuni o‘tkazilgan.

Har bir loyihaga 3-4 talabgor bo‘lgan bu yig‘ilishda, fermerlarga ko‘ra, yana qoidalar qo‘pol ravishda buzilib, faqat hokim tanlagan odamlarga yer berilgan.

Ammo, Tuman hokimi Vohid Rahimov fermerlar iddaolarini inkor qildi.

Paxtachi tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan to‘rt nafar fermerning aytishicha, 3 fevral kuni hokimlikning majlislar zalida o‘tkazilgan tanlov adolatsiz, Vazirlar Mahkamasi qarorining talablari buzilgan holda o‘tgan.

“Tenderda shaffoflik bo‘lmadi”

“Guliston oltin tuprog‘i” fermer xo‘jaligi rahbari Xurshida Suvonovaning aytishicha, tenderda faqat hokimning aytgani bo‘lgan:

- Tenderga bordik, hokim o‘zi aytdi, bo‘ldi. Deputatlar ham tasdiqlagani yo‘q. Komissiya bizni o‘rganib chiqdi, lekin necha ball olganimizni ham bilmaymiz, qaysi fermer o‘z salohiyati qancha ekanligini ham bilmaydi. Xullas, hokim aytgan odam yer olyapti, aytmagani quruq qolyapti, Shaffoflik, ochiqlik yo‘q, deydi fermer.

Xurshida Suvonovaning so‘zlariga ko‘ra, tuman hokimi Vohid Rahimov faqat o‘ziga ma’qul bo‘lgan fermerlarga yerni bo‘lib bergan:

- Vazirlar Mahkamasi qarorida ajratilgan yerga noqonuniy uy-joy qurgan fermerlarni tenderga qo‘ymaslik haqida bandi bor. Lekin, hokim men bilgan shunday fermerlarning hujjatini qabul qilib, tenderga kirgizdi. Ko‘rsatkichi juda past bo‘lgan fermerlarni ham kirgizdi. Men ularni o‘zim bilan solishtirdim. Ma’lumoti yo‘q, yetarli texnikasi yo‘q, planlarni uch yillab bajarmaganlar ham yer oldi. Masalan, “Oltiariq ko‘chatlari” fermer xo‘jaligi bunga misol. Menga esa uch yil oldin 30 gektar bog‘ni buzib, paxta va g‘allachilikka moslashtirgan edim. Har yili rejalarni bajarib kelyapman, o‘tgan yili hokim 20 tonna rejadan orttirgan bug‘doyimni to‘lmagan fermerlar uchun deb, tortib olgan edi. Hozirgacha uning pulini olganim yo‘q, deydi Xurshida Suvonova.

“Planni bajarmaganlar yer oldi, bajarganlar qolib ketdi”

“Chinor yaqinidagi daraxt” fermer xo‘jaligi rahbari Mahsiddin Bekniyozov ham paxta va g‘alla rejasini ortig‘i bilan bajarib kelgan bo‘lsada, adolatsiz tenderda “yutqazgani”ni aytadi:

- Men 2015 yilda 20 gektarga bog‘ qilgan edim, lekin 2016 yili uni buzdirib paxta va g‘alla ekasan deyishdi. Har yili rejalarni ortig‘i bilan bajarib keldim. O‘tgan yili birinchilardan bo‘lib paxta planini to‘ldirdim. Tuman hokimligi mukofot ham berdi. Lekin tenderga kelganda, bajarmaganlar olib, biz qolib ketdik. Texnikamiz yetarli, yerni zo‘r qilib qo‘ydik, lekin ball hisoblanmadi, hatto aytilmadi ham, deydi Mahsiddin Bekniyozov.

“Hokim nega fermer olgan ballni ochiq aytishdan qo‘rqadi?”

“Mahmud Azamatovich” fermer xo‘jaligi raisi Izzatillo Xidirovning aytishicha, tender bekinmachoq o‘yini bo‘lgan:

- Tenderda talabgorlarning ballari aytilmadi. Agar, xolis va shaffof bo‘lganida edi, mana seniki bundan ikki bal past, sababi bunaqa desa, biz ranjimay, ha shu ekanda, deb ketardik. Hokim esa ballni aytmadi ham, sen olasan, sen olmaysan deb hukm chiqardi. Deputatlar har bir fermerga qo‘l ko‘tarib tasdiqlashi kerak edi, lekin zalga kelgan besh-olti deputat borligi ham bilinmadi, qo‘l ham ko‘tarmadi. Masalan, “Yaxshi niyat Shavqiddin” fermer xo‘jaligi o‘tgan yili planni bajarmagan bo‘lsa ham, yer oldi. Adolat bo‘lmayapti, adolat, dedi Izzatillo Xidirov.

“VM qarori qo‘pol ravishda buzildi”

“Sharof ko‘k teragi” fermer xo‘jaligi rahbari ham Ozodlik bilan suhbatda tenderda adolat bo‘lmaganini aytdi.

Fermerlar muammosi bilan shug‘ullanadigan, ismi sir qolishini so‘ragan huquqshunoslardan biri, Ozodlik bilan suhbatda Paxtachi tumani hokimi Vazirlar Mahkamasining maqbullashtirish haqidagi qarorini o‘zboshimchalik bilan buzayotganini misollar bilan sharhladi:

“Adliya vazirligida 2005 yil 15 noyabrda 15/23 son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Fermer xo‘jaliklari uchun yer uchastkalarini berishda tanlov g‘olibini aniqlash bo‘yicha” Nizom bor. Shu Nizomda talabgorlarga ball qo‘yish ko‘rsatkichlari bor. Bunda mutaxassisligi, qishloq xo‘jaligida staji, ma’lumoti, mol-mulki, texnikasi, planni bajarganligi, biznes rejasi bo‘yicha fermerga ma’lum miqdorda bal beriladi. Endi, mana shu ballar jamlanib, tuman xalq kengashi dpeutatlari majlisiga taqdim etilishi kerak. Masalan, to‘rtta talabgor bo‘lsa, har biri chiqib, o‘z fikrini dastaklashi lozim. Keyin deputatlar talabgorning balli va keltirgan asoslariga qarab ovozga qo‘yadi va kim ko‘p ovoz olsa o‘sha tender g‘olibi bo‘ladi. Deputatlarning qarori asosida keyin tuman hokimi qaror chiqarishi kerak. Qonuniy tartibi shunday”.

Lekin, deydi huquqshunos Paxtachi tumani hokimi bu qoidalarning birortasiga ham amal qilmagan:

“Hokim komissiya raisi sifatida Vazirlar Mahkamasining qishloq xo‘jaligi yerlarini maqbullashtirish haqidagi qarorini ana shu Nizomdan og‘ishmay bajarishi kerak edi. Fermerlarning norozi bo‘lgan joyi shundaki, hech kimga qancha ball olgani aytilmagan. Yerni olgan g‘olibni ham, yeridan judo bo‘lganning ham balini aytmayapti, bo‘ldi, bu loyiha bo‘yicha bu yer seniki, bu falonchiniki, deyapti. Norozilarga, kelishib ishlanglar, deyapti. Bitta yerda ikkita xo‘jayin bo‘lmaydi. Ular qanday kelishib ishlaydi. Adolatsizlik fermerlar ko‘z o‘ngida bo‘lyapti, planni bajarmagan, texnikasi kam yoki o‘rta ma’lumotli odamlar yerli bo‘lib qolyaptiyu, planni bajarib kelgan, balli yuqori bo‘lgan fermerlar qolib ketyapti”, deydi huquqshunos.

Ayni paytda, Paxtachi tumani hokimi 3 fevralda o‘tkazgan tenderdan 28 nafar fermer norozi ekanligi aytiladi.

Ozodlik 8 fevral kuni Paxtachi tumani hokimi Vohid Rahimov bilan bog‘lanib, fermerlarning tender adolatsiz o‘tganligi haqidagi fikrlariga munosabat so‘radi.

Hokim bu haqda telefon orqali ma’lumot berolmasligini aytdi:

- Shu erga keling, hamma sharoitni ko‘rsatamiz, kimning qancha texnikasi bor, qanaqa salohiyati borligini ko‘rasiz. Fermerlar qancha ball olganini yaxshi biladi, - dedi hokim va aloqani uzib qo‘ydi.

9 yanvarda "Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" hukumat qarori qabul qilingan edi.

Qarorga ko‘ra, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami – 100 gektar, g‘allachilik va sabzavotchilik 20 gektar, bog‘dorchilik va uzumchilik 10 gektar qilib belgilangan.

Ammo, fermerlarga ko‘ra, aksariyat hududlarda kimga yer berish yoki bermaslikni ishchi guruhning raisi bo‘lgan tuman hokimi hal qilmoqda.

XS
SM
MD
LG