Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:41

O‘zbekiston TIV:"Ularda jasadni yuborish uchun yetarli mablag‘ bo‘lgan!"


Bahodir Ahmedov, videomurojaatdan lavha
Bahodir Ahmedov, videomurojaatdan lavha

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada halok bo‘lgan ukasining jasadini vataniga yuborishda ko‘mak so‘rab prezidentga videomurojaat yo‘llagan Bahodir Ahmedov yuzasidan jamoatchilikka tushuntirish berdi.

Ozodlik bilan suhbatda Bahodir Ahmedov Tashqi ishlar vazirligi iddaolariga munosabat bildirdi.

“Ularda jasadni yuborishga mablag‘i yetarli bo‘lgan!”

2019 yilning 8 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining konsullik-huquqiy departamenti Moskvada nobud bo‘lgan farg‘onalik 32 yashar Otabek Boltaevning jasadini O‘zbekistonga yuborilishi bilan bog‘liq vaziyatga rasmiy tushuntirish berdi.

Unda “o‘zini marhumning qarindoshi deb tanishtirgan Bahodir Ahmedov” ismli shaxs ish beruvchidan yordam pulini to‘liq olgani to‘g‘risida ma’lumotlar aniqlangani aytiladi.

Gap shundaki, fojiadan bir necha kun o‘tib, Bahodir Ahmedov ijtimoiy tarmoqlarda o‘z videomurojaatini joylashtirgan edi. Unda Bahodir O‘zbekiston elchixonasi va Uzbekiston havo yo‘llari shirkati unga ukasining jasadini vataniga yuborishga ko‘mak berishdan bosh tortgani aytilgandi.

Vazirlikning bildirishicha, Bahodirning ukasi Otabek Boltaev 2018 yilning noyabr oyida Moskvaga kelib ishlay boshlagan.

2019 yilning 5 yanvarida u ko‘p qavatli uylardan birining tomidan qor kurayotgan paytida yiqilib tushgan va halok bo‘lgan.

"O‘zbekistonning Moskvadagi konsulligida mavjud ma’lumotlarga qaraganda, Bahodir Ahmedovga ukasi Otabek Boltaev jasadini Farg‘onaga jo‘natish uchun Otabek Boltaev ishlagan “Jilishnik” shirkati yuz ming rubl pul bergan. Bundan tashqari mazkur shirkat Otabek Boltaevning xotiniga ham tovon puli sifatida 250 ming rubl bergan. Biroq O‘zbekiston elchixonasi bu pullarni Bahodir Ahmedov va marhumning xotini olgani yoki olmagani to‘g‘risida aniq ma’lumotlarga ega emas", deyiladi xabarda.

Shunga qaramay Tashqi ishlar vazirligi Bahodir Ahmedov ukasining jasadini vataniga jo‘natish uchun yetarli mablag‘ bo‘lganini iddao qilgan.

Shu bilan birga rasmiy tushuntirishda: "O. Boltaevning oila a’zolari yoki ularning qonuniy vakili O‘zbekiston TIV Konsullik-huquqiy departamentiga murojaat qilsa,TIV halok bo‘lganning oila a’zolarining qonuniy haq-huquqlarini himoya qilishga tayyor", deb aytiladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida chop etilgan bu bildirishnomada, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 3839-sonli Qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish Jamg‘armasi tashkil etilgani ta’kidlangan.

Mazkur Qarorga ko‘ra, xorijda vafot etgan vatandoshlarimizning jasadlarini O‘zbekistonga olib kelish bilan bog‘liq harajatlar “Jamg‘arma tomonidan qoplanilishi” belgilangan.

"Vnukovo"dan kuniga ikkita jasad O‘zbekistonga ketyapti!"

Ozodlik Radiosi Tashqi ishlar vazirligining bu iddaolariga farg‘onalik Bahodir Ahmedovning munosabatini o‘rganib ko‘rdi.

Bahodir xolavachchasi Otabekning ish joyidan 100 ming rubl miqdorida imzo qo‘yib pul olganini inkor etmadi. Ozodlik bilan suhbatda u bu mablag‘ to‘liq jasadni o‘likxonadan olib chiqishga va O‘zbekistonga jo‘natishga sarflanganini bildirdi.

- “O‘zbekiston Havo Yo‘llariga” telefon qilganimda mendan 18 ming rubl pul so‘rashdi. Oxiri ish 16 ming rubl bilan bitdi. Lekin elchixona menga shu tomonlama uchirvorishga yordam berganida,16 ming rublni men ota-onasi, bollariga jo‘natvorardim! Maraka, qirqiga, kerakli joylarga ishlatishardi... Shu uchun men elchixonaga o‘z uyimga kirganimdek, yaxshi niyatda kirgan edim. Oqibatni umuman boshqacha qilishdi, befarq munosabatda bo‘lishdi. Ish joyi yordam bermaganda ham bir balo qilib jo‘natardik - yo‘q joydan umidda..

Men “ukamni jo‘natishga, marakalariga shuncha pul oldim”, deb yozib berganman. Videoda ham “ishxonadagilari menga yordam berdi”, deb aytyapman! Otabekning xotiniga “250 ming pul o‘tkazildi” degan gap esa yolg‘on – bu pul o‘tmagan hali. Haqiqatan, direktori 250 ming yordam berishini aytdi, lekin “Bahodir, undan nalog ushlanishi mumkin”, deyishgan. Ukamni oilasi kartasiga tushadi u pul, lekin qanchaligini bilmayman. Va qachon tushishini hech kim bilmaydi! Men elchixonaga borganimda bu pullarni berishi-bermasligi hali aniq bo‘lmagan edi. Menga ishxonadagi bolalar ham maydalab pul tashlashgan edi, dedi ish beruvchisidan olgan pul Otabek jasadini O‘zbekistonda jo‘natishdan ortmaganini bildirgan Bahodir.

Suhbatdosh Otabek Farg‘onada qolgan ikkita norasida farzandi va ayolining yagona boquvchisi bo‘lgani va yaqinlarining moddiy ko‘magida qabristonga qo‘yilganini eslatib qo‘ydi.

Bahodir prezidentga video orqali murojaatnoma yozishiga Rossiyada halok bo‘lgan o‘zbek migrantlarining usiz ham nochor ahvolda yashovchi yaqinlariga jasadni O‘zbekistonga olib ketish og‘irlik qilayotganiga ko‘p marotaba guvoh bo‘lgani turtki bo‘lganini aytdi.

-“Vnukovo” aeroportida ukamni hujjatlarini to‘g‘rilaguncha “gruzovoy otdelda”gi odam aytyapti: bir oyda faqat “Vnukovodan” 50-60 o‘lik O‘zbekistonni har xil rayonlariga uchadi, deyapti. Kuniga ikkita degani bu! Boshqa aviakompaniya, mashinada olib ketayotganlar qancha. Shu uchib ketayotganlar qaerdan pul topishadi?! Balkim, qiynalishayotgandir, ota-onasi qarzga kirib, olib ketayotgandir. O‘zbekiston “Havo yo‘llari”, elchixonasi shu tomondan yordam bervorsa shu pul yaqinlariga tegadi, o‘sha 16-18 ming topish odamlarga oson emas, dedi Bahodir Ahmedov.

XS
SM
MD
LG