Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:33

Toshkentda o‘tirsang rost gapirtirvoradigan "Sehrli kursi" qo‘yildi


"Sehrli kursi"ni sahnalashtirgan rejissyor Jo‘rabek Ro‘zmetov.
"Sehrli kursi"ni sahnalashtirgan rejissyor Jo‘rabek Ro‘zmetov.

Taniqli vengr dramaturgi Fridyesh Karintining (Karinthy Frigyes 1887- 1938) “Sehrli kursi” asari O‘zbek davlat satira teatrida ilk bor sahnalashtirilib, 17 fevral kuni jamoatchilikka taqdim qilindi. Spektaklni sahnalashtirgan rejissyor Jo‘rabek Ro‘zmetov taqdimot arafasida ishdan bo‘shatildi.

Satira teatrining bir guruh ijodkorlari Ozodlikka murojaat qilib “o‘tirsang rost gapirtiradigan kreslo haqida spektakl qo‘ygan rejisser senzura qurboni” bo‘lganini iddao qildi.

Ismlari aytilishini istamagan to‘rt ijodkorning Ozodlikka bildirishicha¸ “spektakl dekoratsiyasidagi siti degan yozuv¸ "poraxo‘r mulozimlar"¸ "temir yo‘llardagi talon-taroj" haqidagi replikalar teatr rahbariyatiga yoqmagan”.

Satira teatri ijodkorlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda¸ spektaklni sahnalashtirgan bosh rejissyor 31 yanvar kuni ishdan olingani va “Sehrli kursi” spektakli qattiq tanqid qilinib, taqdimot boshqa kunga kechiktirilganini aytib berdi.

“Spektakldagi voqealar Oliy sud raisi¸ Bosh vazir o‘rinbosari va Toshkent shahar hokimiga qarshi tagdor kesatiq bo‘libdi. Buni hamma bilib turibdi, deb spektaklni qayta ishlashga qaytarishdi va besh yildan beri bosh rejissyor lavozimida bo‘lgan Jo‘rabek Ro‘zmetovni ishdan olishdi”, - dedi suhbatdosh.

Joriy yilning 17 fevralida O‘zbek davlat satira teatrida “Sehrli kursi” spektakli taqdimoti o‘tkazildi va o‘sha kuni teatr direktori Ozodlik muxbiriga bosh rejissyorning spektakl uchun bo‘shatilmaganligini aytish bilan cheklandi.

Spektakl nihoyasida tomoshabinlar oldiga ta’zimga chiqqan aktyorlar “rejissyor - rejissyor”, deb baqirishdi. Sahnaga chiqqan rejissyor Jo‘rabek Ro‘zmetov guldasta va olqishlarga ko‘mildi.

Jo‘rabek Ro‘zmetov Ozodlik muxbiriga ishdan ketgani borasida izoh bermadi.

O‘zbekiston madaniyat vazirligi teatrlarni rivojlantirish boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Jo‘rabek Ro‘zmetov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 31 yanvar kuni tugaganini aytish bilan kifoyalandi.

Rasmiy munosabat

O‘zbekiston madaniyat vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Mavluda Asqarxo‘jaeva Ozodlik bilan suhbatda bu masalaga oydinlik kiritdi. Asqarxo‘jaevaga ko‘ra¸ “mehnat shartnomasi 31 yanvar tugagan Ro‘zmetov teatrdagi boshqa ishga o‘tkazilgan”.

“Ro‘zmetov 31 yanvardan boshlab sahnalashtiruvchi rejissyor lavozimiga o‘tkazilgan. Chunki uning Bosh rejissyor lavozimi bo‘yicha shartnomasi tugagan”¸- dedi vazirlik vakili.

Spektakl yaxshi qabul qilindi

Madaniyat vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Ozodlik bilan suhbatda Ro‘zmetov sahnalashtirgan spektakl bilan bog‘liq iddaolarga ham oydinlik kiritdi:

“Spektakl badiiy kengashga shu yilning 15 fevralida taqdim qilindi. Spektakl badiiy kengash tarafidan tanqid qilinmagan. Spektakl aktyorlariga mahorat yetishmagani borasida dakki berilgan. Karinti kabi ulug‘ dramaturgning o‘lmas asarini juda mahorat bilan ijro qilish lozimligi aktyorlarga uqtirildi. Spektakl tanqid ostiga olinmadi balki aktyorlar ijrosi saviyasini ko‘tarish talab qilindi”¸- dedi Madaniyat vazirligi mulozimi.

Asqarxo‘jaevaga ko‘ra¸ ana shundan keyin teatr jamoasi ikki kun davomida spektakl ijrosi ustida ishlagan va 17 fevral kuni jamoatchilikka taqdim qilingan:

- Spektaklni madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaevning o‘zi tomosha qilib, rejissyor mahoratini olqishladi. Jo‘rabek Ro‘zmetovni ijodkor sifatida juda qadrlaymiz va u kishining jamiyatga ko‘zgu tutadigan yangi-yangi spektkallar yaratishiga barcha sharoitni yaratib beramiz¸ - dedi madaniyat vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Mavluda Asqarxo‘jaeva Ozodlik bilan suhbatda.

O‘tirsang rost gapirtirvoradigan kreslo haqida spektakl

O‘zbek teatrida ilk marta sahnalashtirgan “Sehrli kursi” spektaklidagi voqealar turmush uchun zarur ashyolar ishlab chiqaradigan korxonada yuz beradi.

Korxonada ishlaydigan ixtirochining talanti rahbariyat tarafidan qadrlanmaydi.

Shu bois ixtirochi korxonaga o‘tirsang rost gapirtiradigan kreslo “keltirilishini tashkil qiladi”. Bu kursiga o‘tirgan mulozimlar darhol rost gapirishni boshlab yuboradi.

Asar mobaynida turli martabadagi mulozimlar pora olgani va pora bergani hamda yulg‘ichlik qilgani haqida bemalol chin ko‘ngildan gapirishadi.

"Temir yuldagi yulg‘ichliklarimiz tufayli kirib qolgan botqoqlik” kabi so‘zlar yoki kabinet derazasidan ko‘rinib turgan uylar tepasidagi "siti" degan yozuv bu asarning bugungi o‘zbek jamiyati uchun ko‘zgu bo‘lgani tushuniladi.

Sehrli kursi bois butun kirdikorlari fosh bo‘lgan rahbar ixtirochini otib tashlaydi. Spektakl sehrli kursini yoqish sahnasi bilan yakunlanadi.

Ushbu spektakl taqdimotida qatnashgan fotosuratchi rassom Umida Ahmedovaning aytishicha¸ aktyorlar ijrosi anchayin mahoratli:

- Faqat zalda odam kam edi.

Toshkentlik munaqqid Akmal Rizaevga ko‘ra¸ 25 yillik tanaffusdan keyin o‘zbek teatr ijodkorlarinng Karinti¸ Gogol¸ Sofokl kabi umumbashar dramaturglari ijodiga murojaat qilgani ijobiy xodisa:

- 25 yillik tanaffusdan so‘ng poraxo‘r hokim hajv qilingan “Revizor” o‘zbek sahnasiga qaytdi¸ xuddi shu mavzudagi “Sehrli kursi” asari qo‘yildi. Operetta teatri esa “Xlestakovning uylanishi” (Gogolning "Revizor" va "Uylanish" asarlari omuxtasi - tahr.)​degan spektakl sahnalashtirildi.

San’atshunos Akmal Rizaev o‘zbek teatri repertuarlarida bunday asarlarining paydo bo‘lishini yangi rahbariyat istagining aynan ijobati deb baholadi:

- 2017 yili O‘zbekiston prezidenti Mirziyoev san’atkorlar bilan uchrashganda¸ Nabi Rahimov ijrosidagi Xlestakovni (“Revizor” asari bosh qahramoni -tahr.) eslab¸ nega shunday asarlar qo‘yilmaydi¸ nega yengil-yelpi maishiy muammolar bilan tomoshabinni aldaysizlar¸ deb aytganidan keyin teatr rahbarlari repertuarni yangilash ustida ish boshlagan edi. Samarasini ko‘rib turibmiz,- dedi san’atshunos.

XS
SM
MD
LG