Filologiya fanlari doktori, professor Botir Norboev 72 yoshida olamdan o‘tdi.
Adabiyotshunos Norboev nafaqat adabiyot bo‘yicha fikrlari, balki «Qurultoy» eshittirishidagi siyosiy chiqishlari bilan Ozodlik muxlislariga tanish.
Botir Norboev muxolif fikrlari uchun vatanni tark qilganlardan biri sifatida ko‘riladi.
«U haq so‘zlari va O‘zbekistonni tom ma’noda Mustaqil va Ozod ko‘rishni istagan g‘oyalari uchun Karimov rejimi tomonidan Vatandan quvg‘in qilingandi», deya yozadi muxolifatdagi «O‘zbekiston Xalq harakati» Botir Norboev haqida.
Norboev o‘tgan asrning 90-yillari oxiridan boshlab Qozog‘istonda yashab, ijod qildi. Dastlab Norboev Chimkent shahridagi Janubiy Qozog‘iston universitetida talabalarga dars berdi. Keyinchalik «Turkiston tongi» gazetasida va Qozog‘iston xalqlari birligi jamiyatida faoliyat ko‘rsatdi.
Umrining so‘nggi yillarida Turkiyaga hijrat qilgan olim Norboev Kastomonu universitetida «Turkiston adabiyoti»dan dars berdi.
«Turkiylar uchun o‘rta til masalasini ko‘tarardilar», deya xotirlaydi Botir Norboevni taniqli jurnalist Karim Bahriev Feysbukdagi sahifasi orqali.
Botir Norboev bir qator xalqaro matbuot, jumladan, Ozodlik radiosi bilan ham hamkorlik qilgan.
Norboevning yaqinlariga ko‘ra, u xastalikka chalingach, Turkiyadan Toshkentga kelgandi.
Marhumning janozasi 24 fevral kuni Toshkentdagi "Oqtepa" masjidida o‘qilib, u shu yerdagi qabristonga dafn qilingan.