Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:32

Andijon poliklinikasida gaz portlashi oqibatida kamida besh o‘quvchi og‘ir jarohat oldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

26 fevral kuni tonggi soat 10 larda Andijon shahridagi markaziy poliklinika qozonxonasida portlash yuz berdi.

Voqea guvohlarining aytishlaricha, portlash oqibatida qozonxonaga yaqin rentgen kabinetida bo‘lgan maktab o‘quvchilaridan besh nafari og‘ir jarohat olgan va hozirda kasalxonaga yotqizilgan.

Dastlabki taxminga ko‘ra, portlashga qozonxonada gaz yig‘ilib qolgani sabab bo‘lgan.

Matbuotga ma’lumot berish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan poliklinika shifokorlaridan biri Ozodlikka voqea tafsilotlarini gapirib berdi.

“Qozonxona poliklinikamizning orqa tomonida joylashgan. O‘sha tomondagi rentgen kabineti bor. O‘sha yerda 4-maktab o‘quvchilari flyurografiyadan o‘tishayotgan edi. Portlash shunchalik kuchli bo‘ldiki, xuddi bomba tushganday bo‘ldi. Butun poliklinika titrab ketdi, derazalar chil-chil bo‘ldi. Qozonxonadagi kuchli portlash bosimi rentgenxona devorlariga ham zarar yetkazgan. Natijada o‘sha yerdagi o‘quvchilardan kamida besh nafari qattiq jarohat oldi. Hozir ular kasalxonada”.

Andijon shahar tibbiyot birlashmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, poliklinika qozonxonasida portlash bo‘lganini tasdiqladi.

“Hozir hamma o‘sha yerda, militsiya ham, prokuratura ham, o‘t o‘chiruvchilar ham. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, qozonxonada yig‘ilib qolgan tabiiy gaz portlash sababi bo‘lgan. Qozonxonaga qarovchi ishchining aytishicha, voqea sodir bo‘lmasdan yarim soat oldin u qozonxonaga kirib, hammasini tekshirib chiqqan ekan. Aniq versiyani endi mutaxassislar aytishadi”, dedi mulozim.

Ismi sir qolishini so‘ragan 4-maktab o‘qituvchilaridan birining aytishicha, bolalardan bir nafari yengil jarohat olgani uchun birinchi yordam ko‘rsatilib, kasalxonadan javob berib yuborilgan:

"Qolgan to‘rt nafarining jarohati jiddiy. Bir qizbola, uch nafari o‘g‘il bola. Birining oyog‘i singani uchun gips qilingan, birining beliga oskolka tegib yirtib yuborgan, u tikilgan. Bittasi kuyish jarohati olgan, bittasi shokka tushib qolgani uchun hozir neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan".

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi​ 26 fevral kuni bu voqea bo‘yicha shunday xabar tarqatdi:

"Bugun, 26 fevral kuni soat 10:26da Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi “Issiqlik manbai” AJga qarashli isitish qozonining portlashi yuz berdi.

Favqulodda holat oqibatida poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shahardagi 4-umumta’lim maktabining 18 nafar 9-g-sinf o‘quvchilari turli darajada yengil jarohat olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmatologiya qabulxonasiga olib kelingan.

Ular zudlik bilan zarur tekshiruvlardan o‘tkazilib, shifokorlar tomonidan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatildi. 18 nafar bemor kuzatuv ostida bo‘lib turibdi. Olib kelinganlardan 4 nafari holati tekshirilib, neyroreanimatsiya bo‘limiga yotqizildi, jumladan, 2 nafar bemorda zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. 10 nafar qo‘shimcha murojaat qilganlarga ambulator-psixologik yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berildi.

Jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, zarur dori-darmonlarni yetkazib berish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan. Vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan".

O‘zbekistonda gazda ishlaydigan qozonxonalarning portlab turish holatlari uchrab turadi.

Bekobod shahridagi 1-umumta’lim maktabining qozonxonasi 28 yanvar kuni tush payti portlab ketgan edi. Portlash oqibatida qozonxona yonida ta’mirlash ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan qashqadaryolik ishchilardan biri voqea joyida halok bo‘lgan, ikki kishi tan jarohati olgan edi.

XS
SM
MD
LG