Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:41

Ukraina saylovlaridan nimalarni kutish mumkin?


Rossiya Ukraina sharqida joylashgan Donbas hududida separatistik harakatlarning avj olishiga turtki bergan. Oqibatda Kreml Ukrainani o‘z ta’sir doirasiga qaytarishni kutgan edi. Biroq bu strategiya teskari natija berdi, deydi tahlilchilar.

Ukrainaning g‘arbda Yevropa Ittifoqi yoki sharqda Moskva bilan ittifoqchi bo‘lishi afzalligiga doir bahs-munozaralar yakuniga yetgan ko‘rinadi. Aksariyat aholi joriy oyda o‘tadigan prezidentlik saylovlari Ukrainani Rossiya ta’siridan xoli, mustaqil kelajak uchun zamin yaratadi degan umidda.

Sovet davri yakun topgandan buyon Ukraina tarixida ilk bor Rossiya yoki Yevropa Ittifoqini tanlash masalasi dolzarbligini yo‘qotdi. 43 da’vogar ishtirok etayotgan saylovlarda Rossiya tarafdori bo‘lgan nomzodlar javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, navbatdagi muddatga saylanish uchun intilayotgan amaldagi Prezident Pyotr Poroshenko uchinchi o‘rinda. Hajvchi Vladimir Zelenskiy nomzodlar ichida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Mamlakatning sobiq bosh vaziri Yuliya Timoshenko ikkinchi o‘rinda bormoqda. Prezident Poroshenko ikki raqibini ham “Kremlning agenti” deb atagan.

Ayni damda Rossiya tarafdori ekanini ochiq bildirgan nomzod Yuriy Boyko to‘rtinchi o‘rinda turibdi. Boyko 2014 yilda Maydonda yuz bergan noroziliklar natijasida iste’fo bergan sobiq avtoritar prezident Viktor Yanukovich ma’muriyatida ishlagan. U sobiq bosh vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Saylovning birinchi turi 31 mart kuniga belgilangan. Ijtimoiy so‘rovlarda Boykoga 10 foiz odam ovoz bergan. Uni mamlakatning janubi-sharqiy hududi qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq saylov kuniga qadar Boykoning o‘z imkoniyatlarini kengaytirish ehtimoli kam.

Mutaxassis Tatyana Popovaga ko‘ra, Qrimning Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi, Donbasning Donetsk va Lugansk hududlari okkupatsiya qilinishi Rossiya tarafdori bo‘lgan saylovchilar sonini keskin kamaytirib yuborgan. Jumladan, Boykoning saylovdagi imkoniyatlarini ham chegaralab qo‘ygan.

Donbas va Qrim saylovchilari odatda Rossiya bilan qalin aloqadagi shaxslarga ovoz berib kelgan. Biroq navbatdagi saylovda ular ishtirok eta olmaydi. Saylash uchun ayrim to‘siqlar o‘rnatilgan. Ovoz berish uchun Ukraina nazoratidagi uchastkalar yoki chet eldagi konsulliklarga borish kerak bo‘ladi.

“Reyting natijalaridan ma’lumki, Qrim va Donbasdagi Rossiya tarafdori bo‘lgan saylovchilarning boy berilishi Yevropa tarafdori bo‘lgan saylovchilarning qo‘li baland kelishiga sabab bo‘lmoqda”, - deydi Popova.

Rossiya tarafidan qo‘llangan keng qamrovli bosim ukrainaliklarni g‘azabga keltirgan. Donbas to‘qnashuvida 13 ming kishi halok bo‘lgan. Natijada, Ukraina aholisining uchdan ikki qismi Rossiyani “agressiv mamlakat” deb hisoblaydi. G‘arb bilan yaqinlashish va NATOga a’zo bo‘lishni istaydiganlar soni ortgan.

Biroq Ukraina o‘z o‘tmishida ba’zan sharq, ba’zan g‘arb tomon intilgan. Shu nuqtai nazardan, Rossiyani mutlaqo geopolitik maydondan yiroqlashtirib bo‘lmaydi, deydi ekspertlar.

“Tashqi aloqalar” jurnali muxbiri Konstantin Skorkinning yozishicha, mamlakat tarixida ilk bor Rossiya ta’siridan xoli mustaqil siyosiy maydon yaratilishi mumkin. Biroq Ukrainani o‘z ta’sir doirasiga qaytarish uchun Kreml jiddiy va uzoq kurashishini ham unutmaslik lozim.

XS
SM
MD
LG