Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:36

Ayrim dindorlar muftiyatning Juma hutbasi qirg‘iz va rus tilida o‘qilishi shartligi to‘g‘risidagi qaroridan norozi


Qirg‘iziston muftiyatining masjidlarda Juma kungi ma’ruzalarni qirg‘iz yoki rus tilidagina olib borish kerakligi to‘g‘risidagi qarori dindorlar orasida turli qarama-qarshi fikrlarni paydo qildi.

Qirg‘iziston muftiysi Maqsatbek To‘qto‘mushev tomonidan imzolangan qarorga asosan, qirg‘iz bo‘lmagan boshqa millatdagi aholi yashovchi hududlardagi masjidlarda ham juma ma’ruzalari qirg‘izcha, zarur hollarda esa rus tilida aytilishi shart.

Muftiyatning Fatvo bo‘limi rahbari Ravshan Eratov bu qaror davlat tilini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilinganini aytdi:

-Juma namozida namozxonlar orasida turli millat vakillari bo‘ladi. Qirg‘izistonda qirg‘iz tili millatlararo aloqa tili bo‘lib hisoblanadi. Imomlar tilni bilmasa, endi biladi, o‘rganadi. Shu turtki bo‘ladi, - dedi muftiyat xodimi.

Mazkur qaror dindorlar orasida turli qarama-qarshi fikrlarni paydo qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu qarorni to‘g‘ri deb hisoblaganlar hamda muftiyatni millatchilikda ayblaganlar o‘rtasida qizg‘in bahslar bo‘lmoqda

-Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatux musulmon birodarlar. Men qoziyatda, muftiyatda, din boshqarmasida ishlovchilarga bir so‘zim bor edi. Ertaga Olloh Subhanahu Va Taolo “Din bu omonat, omonatni yetkazish uchun nima qildinglar?” desa nima deysizlar?. “Yo‘q biz dinni emas, tilni yetkazdik”, deysizlarmi?Jamoatchilikning o‘ziga qo‘yib beringlar, qaysi imomni qo‘yish, qaysi tilda masala qilishni jamoatchilik o‘zi hal qilib oladi, - deydi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

Ayni paytda boshqa millatdagi imomlar ham bu talabga norozilik bildirmoqda. Ismini aytishimizni istamagan o‘zbek imomlaridan birining aytishicha, bunday talab qo‘yishdan avval boshqa ishlar qilinishi kerak edi:

-Bunday buyruq chiqarishga hali ertaroq edi. Chunki diniy so‘zlarni gapirishda, yetkazishda, tushunishda muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun biz o‘zbek imomlari – qirg‘iz tilini hali yaxshi bilmagan imomlar diniy so‘zlarni yetkazayotganda, to‘g‘ri yetkaza olamizmi, buni eshtayotgan odamlar to‘g‘ri tushunadim yo‘qmi? Shu joyida biroz o‘ylantirib qo‘yadigan joylari bo‘layapti. Bu ishni bosqichma-bosqich amalga oshirish kerak edi, deb o‘ylayman. Bu mening shaxsiy fikrim.

Inson huquqlari himoyachisi Aziza Abdurasulova esa muftiyatning qarori qayta ko‘rib chiqilishi kerak, deb hisoblaydi:

-Din bilan davlat bir -biridan ajratilgan. Qirg‘izistonda masjidlarga borayotgan namozxonlar orasida turklar bor, uyg‘urlar bor, dunganlar, o‘zbeklar, tatarlar bor. Ular zich yashaydigan hududlarda joylashgan masjidlarda o‘z tilida ma’ruza eshitish huquqiga ega. Mamalakatimizda Millatlararo munosabatlar davlat agentligi bor. Mana shu agentlik Davlat din ishlari bo‘yicha komissiya, muftiyat, prezident qoshidagi maxsus diniy masalalar bilan shug‘ullanuvchi bo‘lim bilan hamkorlikda bu masalani qayta ko‘rib chiqishi kerak. Bu masalani qayta ko‘rilib, qaror o‘zgartiriladi, deb o‘ylayman,- deydi huquq faoli.

XS
SM
MD
LG