Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:48

Rishtonda 2 yashar qizchani zo‘rlaganlikda gumonlanayotgan 9-sinf o‘quvchisi qamoqqa olindi


Farg‘ona viloyati Rishton tumani markazida g‘ayriqonuniy ochilgan xususiy bog‘chalardan birida 2 yashar qizchani 4 mart kuni zo‘rlaganlikda gumonlanib, shu bog‘cha egasining 16 yashar o‘g‘li qamoqqa olindi.

Tuman ichki ishlar mulozimi, bu holat bilan Farg‘ona viloyati prokuraturasi shug‘ullanayotganini aytdi.

Rishton tumani markazidagi xususiy bog‘chalardan birida ikki yashar qizchaning zo‘rgangani haqida 19 mart kuni ismi sir qolishini so‘ragan rishtonliklardan biri Ozodlikka xabar berdi.

“Qizchani zo‘rlagan bola, Fargona viloyati Rishton tumani, Rishton shahridagi maktablardan birining 9-sinf o‘quvchisi. (Gumonlanayotgan o‘spirin shaxsi¸ u o‘qiyotgan maktab raqami Ozodlikka ma’lum. Ammo aybsizlik prezumpsiyasi bois¸ uni ochiqlamayotir -tahr.) Yigitchaning onasi uyida xususiy bog‘cha ochgan, zo‘rlangan qizcha ham shu uy-bog‘chaning tarbiyalanuvchisi bo‘lgan. Yigitchaning onasi bolalarni o‘g‘liga ishonib, o‘zi o‘tirishga ketgan. Onasi kelguncha, bola 2 yoshli qizchaning nomusiga tegishi oqibatida qizcha rayon kasalxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan”¸ dedi qizaloq yashaydigan mahalla faollaridan biri.

Ozodlik gaplashgan rishtonliklar¸ qizaloqning aynan qaysi shaklda zo‘rlangani tafsilotlaridan bexabarliklarini bildirdi. Hozircha bu voqea ortidan tibbiy ekspertiza o‘tkazilgan-o‘tkazilmagani¸ o‘tkazilgan bo‘lsa¸ uning qanday xulosaga kelgani haqida Ozodlik ixtiyorida ma’lumot yo‘q.

Rishton tumani Maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Avazjon G‘aniev shunday voqea bo‘lganini tasdiqlar ekan, bu bog‘cha noqonuniy faoliyat olib borganini aytdi.

“Bu voqeadan xabarim bor. Biz o‘sha kuni u joyga borib holatni o‘rgandik. Ma’lum bo‘lishicha, bog‘chaning egasi o‘zi noqonuniy yasli ochib olib, ma’lum bir miqdor pul evaziga bolalarni qarar ekan. To‘rtta bolaga qarayotganligi aniqlandi. Mening eshitishimcha, u opaning o‘g‘li o‘sha kuni qamoqqa olinib, Farg‘onaga olib ketishgan ekan. Qizcha zo‘rlanganmi yoki yo‘qmi, bu ishni o‘rganayotgan huquq idoralari javob berishadi”¸ dedi mahalliy mulozim.

Rishton tumani Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu ish bilan viloyat prokuraturasi shug‘ullanayotganini aytdi.

Rishtonlik inson huquqi faoli va o‘qituvchi Bahodir Eliboev ham bu voqea yuzasidan mustaqil tekshirish o‘tkazganini aytar ekan, aniq ma’lumot olishning mushkulligini aytdi:

- O‘sha ko‘cha bog‘chalar ko‘chasi. Ularning orasida qonuniy va noqonuniy bog‘chalar ham bor. Agar qonuniy bog‘cha kuniga 9-10 ming so‘m bo‘lsa, noqonuniy bog‘cha 5 ming so‘m. Shunga kam ta’minlangan oilalar shunday bog‘chalarga bolalarini berib, o‘zlari ishlaydi. Bu qizchaning onasi ham So‘x tumanidan kelib, Rishtondagi oshxonalardan birida idish yuvgich bo‘lib ishlaydi ekan. Qizcha turadigan bog‘chada ham jami beshta bola bo‘lgan. Hozir bu bog‘cha yopilgan. Bog‘cha opa bizga o‘g‘limda hech qanday gunoh yo‘q, dedi. Gunohi bo‘lmasa himoya qilaylik, desak, kerak emas, dedi. Qizchaning onasini ham topishning imkoni bo‘lmadi. Uni otasi Farg‘ona shahriga olib ketgan ekan.

Ozodlik hozircha qizaloqning o‘lik-tirikligi haqida aniq ma’lumotga ega emas - ayrim rishtonliklar uning nobud bo‘lganini bildirgan bo‘lsa¸ mahalliy mulozimlar¸ uning Farg‘onada olib ketilgani bois¸ bu haqda aniq ma’lumotga ega emasliklarini aytdilar.

Zo‘rlashda gumonlanayotgan yigit o‘qiydigan maktab direktori esa¸ Ozodlik bilan suhbatda voqea tafsilotlarini bekitishga urindi.

"Nima qilasiz kavlashtirib, bu ishlar hammasi tinchigan", degan direktor aloqani uzib qo‘ydi.

Ozodlik hozircha prokuratura rasmiylaridan bu voqea tafsilotlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG