19 mart kuni Nukus shahar Shoshilinch tez tibbiy yordam kasalxonasida bolalar bog‘chasi oshpazi Gulchehra Raimova bundan bir hafta oldin olgan kuyish jarohatidan vafot etdi.
Gulchehra, hamkasblarining aytishicha, 12 mart, seshanba kuni ish joyi – Nukusdagi 27- bolalar bog‘chasining oshxonasida ustiga qaynayotgan kompot to‘kilib, kuygan. Bu voqeada boshqa bir oshpaz ayol ham kuygan.
Nukus shahar Xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati ikki oshpaz ayolning bog‘cha oshxonasida kuyganini rad etdi.
Gulchehra Raimovani davolagan vrach marhumning ukasi unga opasi uyda kuyganini aytganini bildirdi.
Ikki farzandning onasi, 36 yashar Gulchehra Raimovaning 19 mart tongida vafot etgani, marhuma o‘z hamkasbi 42 yashar Gulbarchin Xo‘jalipesova bilan birga ish joyida - 27- bolalar bog‘chasining oshxonasida 12 mart kuni kuyib qolgani to‘g‘risida Nukusdagi boshqa bog‘chada ishlaydigan ayol ismi aytilmasligi sharti bilan xabar qildi.
Voqea to‘g‘risida Ozodlikka xabar berayotganini izohlar ekan, ayol “27- bog‘chadagi vaziyatni bilaman, oshpazlar ish joyida kuyganini bosdi-bosdi qilib yuborishlari mumkinligidan tashvishlanayapman”, dedi.
Nukus shahar Xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati vakili dastlab oshpaz ayolning vafot etganidan xabardorligini bildirish bilan cheklandi. Voqea ish joyida bo‘lgani aytilayotganini eshitganidan so‘ng “Agar ish joyida bo‘lgan bo‘lsa, men bilishim kerak edi”, dedi va voqeani o‘rganishga va’da berdi.
Keyingi muloqot chog‘ida mulozima “menga ayolning o‘z uyida kuyganini aytishdi”, dedi. Bog‘cha mudirasi telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermayotganini mulozima u marhumaning xonadonida ekanligi bilan izohladi.
Marhuma Gulchehra Raimovaning ish beruvchisi - 27- bog‘chani oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlovchi autsorsing kompaniya rahbari ham kun davomida telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.
Nukus shahar Shoshilinch tez tibbiy yordam kasalxonasining Kuyish jarohatlari bo‘limi vrachiga ko‘ra, Gulchehra Raimova kasalxonaga 12 mart kuni ertalab soat 9 larda tanasining 35%i kuyishi oqibatida tushgan, davolash jarayonida kuyishdan zaharlanishdan tashqari “pnevmoniyasi ushlab qolib, intubatsiya qildi”, so‘nggi ikki sutkada komada bo‘ldi va 19 mart ertalab joni uzildi.
Vrachning aytishicha, Gulchehra Raimova unga o‘z uyida kompot qaynatayotib kuyganini aytgan. Xuddi shunday gapni unga Gulchehraning ukasi ham aytganini aytdi vrach. “Uyda shu qadar kuyib qoladigan darajada kompot qaynatadilarmi, deb hayron ham bo‘ldim”, dedi vrach.
Kuyish jarohatlari bo‘limi vrachi 13 mart, ertalab soat 10 dan 5 minut o‘tganda 1977 yilda tug‘ilgan Gulbarchin Xo‘jalipesova ham kasalxonaga kuyish jarohati bilan kelganini, u Gulchehra Raimova bilan birga kuyganini aytganini bildirdi. Vrachga ko‘ra, Gulbarchin tanasining 6% i kuygan, shundan 2%i chuqur kuyish jarohati edi.
Xo‘sh, Gulchehra Raimova va Gulbarchin Xo‘jalipesova uyda kuyganmi yoki ish joyida kuyganmi?
Bu savolga javob topish jarayonida Gulbarchin Xo‘jalipesova bilan ham, Gulchehra Raimovaning aza tutayotgan yaqinlari bilan ham bog‘lana olmadik. Biroq 27- bog‘chaning uch xodimasi bilan bog‘landik.
Ismi aytilmasligi sharti bilan gapirgan xodimalarning birinchisi o‘sha kuni ishda bo‘lmaganini, biroq oshpaz ayollar bog‘chaning oshxonasida kuyganini unga boshqa hamkasblari aytganini bildirdi.
Ikkinchi xodima voqea yuz bergan kun – 12 martda ish joyida bo‘lgani, biroq ishi oshxonaga kirish bilan bog‘liq bo‘lmagani uchun oshpaz ayollarning kuyganini o‘z ko‘zi ko‘rmaganini aytarkan, shunday voqea bo‘lganiga dalil bo‘la oladigan bir necha detalni aytib berdi. Ozodlik xodimaning kimligini sir saqlash uchun u aytgan detallarni keltira olmaydi.
Gulchehra Raimova bilan Gulbarchin Xo‘jalipesova o‘zaro qarindoshmi, degan savolga ikkala xodima ham "yo‘q" dedi.
Aytilishicha, 12 mart kuni ertalab bog‘chaga "Tez yordam" ham chaqirilgan, biroq u yetib kelguncha, kuygan ayol kasalxonaga taksida yetkazilgan va tibbiyot mashinasi quruq qaytib ketgan.
Ozodlik Nukus shahar "Tez yordam" stansiyasiga 12 mart, ertalab soat 8.47 da bolalar bog‘chasidan Gulchehra ismli ayol uchun chaqiruv tushganini aniqladi. Stansiya xodimining bildirishicha, "Tez yordam" mashinasi borib, "natijasiz qaytgan".
Va nihoyat, Ozodlik muxbiri 27- bog‘cha tibbiy xizmatchisi bilan bog‘landi. Hamshira savolni eshitgach, aloqani uzib qo‘ydi.
Oshpaz ayol Gulchehra Raimova 19 mart kuni dafn etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida xodimga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi qator moddalarda belgilab qo‘yilgan.