Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:27

Farg‘onalik o‘qituvchi: Meni "valyutchik"ka chiqarib 2900 dollarimni musodara etishdi


Jinoyat kodeksining 177-moddasiga binoan valyuta oldi-sotdisi bilan qo‘lga tushganlarga ma’muriy jazo qo‘llanilib, pullari davlat hisobiga musodara etiladi.
Jinoyat kodeksining 177-moddasiga binoan valyuta oldi-sotdisi bilan qo‘lga tushganlarga ma’muriy jazo qo‘llanilib, pullari davlat hisobiga musodara etiladi.

Farg‘ona shahrida yashovchi, o‘zini 29 yoshli o‘qituvchi Maqsad Ollaberdiev 14 mart kuni uning 2 ming 900 AQSh dollari ma’murlar tomonidan musodara qilingani haqda Ozodlikka shikoyat qildi.

Ollaberdievning iddao qilishicha, u 2 ming 900 AQSh dollarni tanishi nomidan qarzga pul so‘rab kelgan ayolga berayotganida, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Departament xodimlari uni noqonuniy valyuta savdosida ayblab, pulini musodara qilgan.

Departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi rasmiysi valyuta chayqovchiligiga qarshi muntazam reydlar o‘tkazilishini va noqonuniy valyutalar musodara etilishini eslatdi.

O‘zini Maqsad Ollaberdiev, deb tanishtirgan fuqaroning iddaosicha, ko‘p yillik tanishi undan qarz so‘ragan va xolasi Rossiyadan yuborgan 2900 AQSh dollari miqdoridagi pulni unga berib turishga rozi bo‘lgan.

- Xolam Rossiyadan pul jo‘natuvdi. Tanishimga 3 mingga yaqin pul bor, deb aytib qo‘ygandim. Qandaydir ayol uyimning oldiga keldi, o‘rtog‘imning nomidan “pul beraman degan ekansiz”, dedi. Ayolning qo‘lida 85 million so‘m pul. "2900 dollarni berar ekansiz, mana buni olar ekansiz", dedi. Shu payt har tarafdan beshta mashinada o‘ndan ziyod odam tushib, qo‘limni qayirib bosib, pulni oldi, delo ochishdi, meni noqonuniuy valyuta sadosida ayblashdi, - deydi Ollaberdiev.

O‘zbekistonda fuqarolarning valyuta savdosi bilan shug‘ullanishi jinoyat hisoblanadi.

Jinoyat kodeksining 177-moddasiga binoan valyuta oldi-sotdisi bilan qo‘lga tushganlarga ma’muriy jazo qo‘llanilib, pullari davlat hisobiga musodara etiladi.

Mazkur qonunga shu yil yanvaridan kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq noqonuniy valyuta savdosi bilan shug‘ullanganlar o‘n besh sutkagacha bo‘lgan qamoq qo‘llanilishi mumkin.

Maqsad Ollaberdiev Ozodlik bilan suhbatda o‘zi ustidan sud qarorini kutayotganini aytdi.

Ollaberdiev "hech qachon dollarfurushlik bilan shug‘ullanmagani, departament xodimlari uyushtirgan tuzoqqa tushganini" da’vo qiladi.

- Uyushtirib turib, mening pulimni olivolishdi. Mening oldimga kelgan ayol ham ularga ishlar ekan. Endi Amir Olimxon tirilib kelsa ham bermas ekan pulni. Bu yerda shunaqa siyosat ketyaptiki - odamlarning pulini shilish. Siz hech qanaqasiga oqlana olmaysiz. Eng achinarlisi, pul ketdi, lekin sudebniy (sudlangan demoqchi -tahr.) bo‘lib qolyapman. Oilamizda hammamiz o‘qituvchi, mening o‘zim ham o‘qituvchi, halol pul topamiz. Kechasi qorovullik ham qilaman. Ikkala ishdan bor-yo‘g‘i 1 million 300 ming so‘m oylik olaman. Uchta farzandim bor. Xolam Rossiyadan jo‘natgan omonat pulimni ham olib qo‘yishdi, - deydi Ollaberdiev.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining Farg‘ona shahridagi bo‘limi rasmiylaridan biri, Ozodlik savoliga javoban, noqonuniy valyuta chayqovchiligiga qarshi muntazam reydlar o‘tkazilishi va noqonuniy valyutalar musodara etilishini eslatib qo‘yish bilan cheklandi.

O‘zbekistonda 2017 yil oktabridan aholiga dollarni naqd ko‘rinishda sotishga banklarga ruxsat berilgan. Lekin shunga qaramay, yillar davomida mavjud bo‘lgan valyuta "qora bozori" saqlanib qolmoqda.

Seshanba kuni poytaxt "qora bozor"ida 1 AQSh dollari 8450 so‘mdan olinib, 8550 so‘mdan sotildi.

AQSh dollarining Markaziy bank belgilagan rasmiy kursi esa 3 aprel kuni 8419.62 so‘mni tashkil etdi.

Ayni paytda xavfsizlik xizmatlari "qora bozorchi"larni qo‘lga olgani va o‘n minglab dollar mablag‘larni davlat foydasiga musodara qilgani haqida hisobot berishda davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili 200ga yaqin noqonuniy xorijiy valyuta sotish holati qayd etilgan, o‘ttizdan ortiq xolat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, besh million dollardan ziyod noqonuniy valyuta musodara qilingan.

XS
SM
MD
LG